Dars taqsimoti uchun ma’lum mezonlar kerak
Bugungi kunda biz — o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan qator imtiyozlar, nufuzimizni oshirishga qaratilgan islohotlar, mehnatimizning munosib rag‘batlantirilishi, huquqlarimizning himoyalanishi kabi ezgu ishlarning amalga oshirilayotgani barcha hamkasblarim qalbida cheksiz minnatdorlik va kasbga iftixor tuyg‘ularini yanada orttirmoqda.
Bu yuksak e’tiborga javoban professional faollik va ta’lim-tarbiya sifatini oshirish yo‘lida fidokorona xizmat qilish istagi, o‘ylaymanki, har bir kasbdoshimning maqsadiga aylandi.
Turmush tarzimizning yaxshilanishi, mehnat faoliyatimizning samaradorligi ko‘p jihatdan oilamizning moddiy ta’minoti bilan bog‘liq. O‘qituvchining oylik maoshi esa uning dars soatlariga qarab to‘lanishi ma’lum. Maktablarda pedagog kadrlar sonining me’yordan ortib ketishi ularning iqtisodiga hamon o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Yillar mobaynida men faoliyat yuritayotgan maktabda ham shu holat kuzatilardi. 2018–2019-o‘quv yilida maktabimizga yangi rahbar tayinlandi. Direktorimiz A.G‘aniyev bu masalaga adolatli yondashib, ishni pedagog xodimlarning ijtimoiy muhofazasi, iqtisodiy ta’minotini yaxshilashdan boshladi. Nihoyat bu masalada maktabdagi nohaqlikka chek qo‘yildi, mehnatimiz qadr topdi, munosib baholandi. Ammo aksariyat maktablarda hali-hanuz bu masalada ahvol tang. Negaki, har yangi o‘quv yilida vakant o‘rinlarning mavjudligi yoki aksincha, dars soatlarining kamligi, hattoki yetishmasligiga qaramasdan yangi xodimlar ishga qabul qilinadi. Onalik ta’tilidagi o‘qituvchilar ishga qaytadi. Oilaviy sharoiti sababli shaharda ishlayotgan pedagoglardan tashqari, respublikamizning chekka hududlaridagi maktablarda faoliyat yurituvchilar uchun yaratilayotgan imtiyozlarga qaramay, ko‘pchilik shahar maktablarida ishlashni ixtiyor etmoqda.
Natijada dars soati taqsimoti muammoga aylanmoqda.
Dars taqsimoti jarayonida ta’lim sifati hech kimni qiziqtirmasligi, mutaxassis va nomutaxassis pedagoglarning birdek ko‘rilishi, ishga yangi qabul qilingan yosh pedagog shu dargohda uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan malakali ustoz-o‘qituvchi bilan tenglashtirilishi, o‘quv yili davomida yuqori reytingga ega bo‘lgan xodimning zahmatli mehnati inobatga olinmasligi achinarli hol, albatta. Bu borada hamkasblarimning e’tirozlari o‘rinli.
Nega budjet tashkilotlaridan faqat ta’lim muassasalarida ahvol shunday? Pedagog xodimlarning ish yuklamasi nega har o‘quv yilida o‘zgartiriladi? Bir stavka hajmida ishlayotgan boshqa biror soha egalari, deylik, shifokorlarning ishiga hech kim ko‘z tikolmaydi. Boshqa ziyoli kasb egalari ham mustahkam ish o‘rinlariga ega. Maktab tizimida esa holat o‘zgacha. To‘rtta ish o‘rnida 6–7 nafar o‘qituvchi ishlayveradi. Yoki bunday munosabatni tolerantlik — bag‘rikenglik, o‘zgalarni tushunish va hurmat qilish tushunchasi bilan bog‘lab qo‘yaveraylikmi? Unaqada muallimning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ne kechadi? Bu o‘qituvchining kasbiy huquqi, qadr-qimmati, mehnatini toptash bilan barobar emasmi? Xokisor o‘qituvchining savollari, e’tirozlarini kim tinglaydi? Modomiki, bu masalaga xolisona yondashilmas ekan, pedagogik jamoada murosa, ta’limda samara bo‘lmaydi.
Xo‘sh, umumta’lim maktablarida dars soatlarini taqsimlashga kim mas’ul?
Dars soatlari qanday tartibda, nima asosida taqsimlanadi? Fan bo‘yicha mutaxassis o‘qituvchi maksimal necha soatgacha dars bilan ta’minlanishi mumkin? Agar fan uslubiy birlashmasida mutaxassis o‘qituvchilar yetarli bo‘lsa, shu fandan nomutaxassisga dars berilishi to‘g‘rimi? Dars soatlari taqsimotida mutaxassis va nomutaxassis o‘rtasida tafovut bo‘lishi kerakmi? Vakant soatlar bo‘lmaganda yangi xodim ishga olinishi mumkinmi? Mana shu savollar o‘qituvchilarni necha yillardan buyon qiynab keladi.
Hamkasblarimiz mazkur masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat etgan. Biroq bu borada hech qanday yo‘riqnoma berilmagani ma’lum qilinib, taxminiy fikrlardan iborat tavsiyalar bildirilgan edi. Bunday yuzaki yondashuv bilan muammoni hal etib bo‘lmaydi.
Mazkur masalaning yechimi uchun yangi xodimlarni vakant o‘rinlarga qabul qilishni tartibga solish dastlabki vazifa bo‘lishi lozim.
Dars soatlari taqsimotiga doir muayyan ko‘rsatma yoki tavsiya ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq.
Tajribamga tayanib, maktabda dars soatlari quyidagi mezonlar asosida taqsimlanishi kerak degan fikrdaman:
• pedagogning ma’lumoti (oliy yoki o‘rta);
• diplom bo‘yicha mutaxassisligi (aynan mutaxassis, yaqin bo‘lgan fan yoki qayta tayyorlov sertifikatiga egaligi);
• ish staji;
• malaka toifasi;
• malaka oshirish kurslaridan o‘z vaqtida, muvaffaqiyatli o‘tgani;
• kasbiy bilimi va mahorati;
• o‘qitish samaradorligi;
• AKT bo‘yicha savodxonlik darajasi;
• kreativ va ijodkorligi;
• o‘qitayotgan fani bo‘yicha erishgan yutuqlari;
• o‘quv yili davomida soha rivojiga qo‘shgan hissasi;
• darsdan tashqari tarbiyaviy ishlarni tashkil etishi;
• trenerlik faoliyati (agar mavjud bo‘lsa);
• metodist-o‘qituvchi sifatidagi faoliyati;
• ish tajribasining ommalashtirilishi;
• o‘qituvchi reytingi va hokazo.
Shuningdek, dars taqsimoti fan metodbirlashmasiga rahbarlik qilayotgan o‘qituvchi zimmasiga rasman yuklatilishi lozim. Chunki metodbirlashmani boshqarayotgan o‘qituvchi o‘z a’zolarining mehnat faoliyatini maktab rahbariyatiga nisbatan ancha yaxshi biladi va xolis baholay oladi. Eng muhimi, bu vazifadan manfaatdorlik ko‘zlamaydi.
Dars soatlari taqsimoti avgust oyi metodbirlashma yig‘ilishining kun tartibi masalasiga kiritilishi, taqdim etilajak yo‘riqnoma yoki tavsiyalar asosida fan o‘qituvchilari va maktab direktori ishtirokida ochiq va shaffof amalga oshirilishi bu ishga eng maqbul yondashuvdir.
Shohsanam ODAYEVA, Qarshi shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi