Poytaxtimizdagi 81-maktab kapital ta’miri uchun tadbirkor 7 milliard so‘m ajratdi
Yangi ta’mirdan chiqqan shinamgina uyimizda eski buyumlar o‘rniga yangisini joylasak, ko‘nglimiz ko‘tariladi. Bunday xush kayfiyat bilan hayotimizda ham rangin, sermazmun sahifalar ochilishini istay boshlaymiz. O‘quv yili boshida zamonaviy qiyofa kasb etgan maktab hovlisiga kirarkanmiz, shijoatli muallimlar-u qo‘li ko‘ksida salom berayotgan o‘g‘il-qizlarda ana shunday kayfiyatni sezdik. O‘quvchi formasi va o‘qituvchi libosi, hovlidagi manzarali ko‘chatlar, o‘quv binosining fasadi diqqatimizni tortdi. Uchtepa tumanidagi 81-umumta’lim maktabiga bugun hamma havas bilan qaraydi. Boisi, necha yillar mobaynida ta’mirtalab bo‘lgan, jihozlari eskirgan bu muassasa atigi uch oy ichida kapital ta’mirdan chiqarildi. E’tiborlisi, maktabning sobiq o‘quvchisi, “Real House” kompaniyasi ta’sischisi Isroil Yunusov tashabbusi bilan muassasaning to‘liq kapital ta’miri uchun 7 milliard so‘m ajratilib, obod maskanga aylantirildi.
56 yil muqaddam qurilgan maktab binosi keyingi yillarda ancha ta’mirtalab bo‘lib qolgandi. Baland va muhtasham uylar qad rostlagan ko‘cha yuzidagi ushbu maktabning yarmi kemtik panjarali devorlariga o‘tgan-qaytgan kishi bir qarab qo‘yardi. To‘rt qavatli binoning tashqi devorlari ham nuray boshlagan, ayniqsa, maktabning qo‘shimcha binosi achinarli holatga kelib qolgandi. Sport maydonchasi ham qarovsiz daladek hech kimni bag‘riga chorlamasdi. Bir qarashdagi tasavvur inson qalbiga singadi, deyishadi. Shu boisdanmi, o‘quvchilar qamrovi shu kungacha ming nafardan oshmasdi. Shart-sharoit ta’sirida bo‘lsa kerak, o‘quvchilarning ham bilim olishga qiziqishi susaygandi. Bir necha yil avval maktablar monitoringida muassasa past natija ko‘rsatgan. Oshxonasidagi anjomlar eskiligi, yuvinish moslamalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi sabab bolalar bu yerda tanovul qilishni istamasdi. Bunday sharoitda o‘quvchilarni tartib-intizomga chaqirish, ularning o‘qishga ishtiyoqini oshirish ham oson bo‘lmasligi tabiiy.
O‘n bir yil avval ushbu maktabga direktor etib tayinlangan Ziyoda Haydarova maktab muhitini o‘zgartirishga astoydil kirishdi. Ayniqsa, 81-maktab o‘sha paytda Toshkent shahridagi maktablar reytingida eng oxirgi o‘rinda turgani direktorni tashvishlantirdi. Shuning uchun maktab rahbari faqat o‘quvchi bilimini kuchaytirish, malakali mutaxassislarni jalb etish, fan o‘qituvchilarining tajribasi va mas’uliyatini oshirishga harakat qildi. Vaziyat o‘zgarib, o‘quvchilar sport tanlovlarining tuman va shahar bosqichlarida faol qatnasha boshladi. O‘g‘il-qizlarning fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvidagi ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Izlagan imkon topar, intilgan dovon oshar, deganlaridek maktab o‘tgan yilgi reytingda 300 dan ziyod umumta’lim muassasasi orasida 14-o‘ringa chiqib oldi.
— O‘quvchining yaxshi o‘qishi, kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirishi, kelajagiga mas’ulligini his etishi uchun, eng avvalo, kuchli motivatsiya lozim, — deydi maktab direktori Ziyoda Haydarova. — Biz shu maqsadda maktabda mashhur insonlar bilan uchrashuvlar uyushtirishni odat qildik, muzeyga sayohat va ekskursiya darslarini ko‘paytirdik, ota-onalar bilan yaqindan muloqotga kirishib kelyapmiz. Men hamisha atrofimdagilarda ham mukammallikka intilish hissini uyg‘otgim keladi. Mukammallikka erishish kechadan bugunning farq qilishidir. Bu intilishlarga vaziyatlar, sharoitlar, imkoniyatlar ham mos kelmog‘i kerak. O‘tgan yili xuddi mana shu paytlari jamoamiz bilan bugunimiz, ertangi taraqqiyotimiz ustida bosh qotirib o‘tirgandik. Faxriy o‘qituvchilar bilan bamaslahat tadbirkor va jamiyatda o‘z o‘rnini topgan sobiq o‘quvchilarni izlay boshladik. Shukrki, maktabning obodligi uchun hissa qo‘shishga tayyor homiylarimiz safi kengaya bordi. O‘quv yili yakunida “Real House” kompaniyasi ko‘magida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini boshlab yubordik. Uch oy davomida 150 nafar quruvchi-usta tinmay mehnat qildi, pedagogik jamoa ham birlashib “Hamma maktab uchun!” tashabbusini qo‘ldan bermadi. Saxovatli insonlar yordamida o‘quvchilarimiz yangi o‘quv yilini o‘zgacha kutib oldi. Maktab ko‘rinishi avvalgidan butunlay o‘zgarib, yuksak darajadagi did va katta mablag‘ evaziga zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Kundan kunga maktabimizda o‘quvchi soni ham ortyapti. Shu qisqa davr ichida o‘quvchilar soni 1 400 nafardan oshdi. Ularga 81 nafar malakali pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda.
Isroil Yunusov boshchiligida muassasa atrofi zamonaviy panjara bilan o‘raldi, 16 709 kv metr maktab hududi ko‘kalamzorlashdi, manzarali daraxt va gullar ekildi. Katta darvozadan tortib kichik metodik xonalar, to‘garak zallarigacha sifatli ta’mirlandi. Maktabning 70 o‘rinli ko‘rimsiz yemakxonasi kengaytirilib, 160 o‘rinli ozoda oshxonaga aylantirildi. O‘quv zallaridagi yo‘laklar ham batamom o‘zgardi, sinfxonadagi eshik va derazalar zamonaviy romlarga almashtirildi. Xona va zallardagi har bir isitish tizimi, elektr moslamalari sifatli va yorqin ko‘rinish kasb etdi. Bunday tashabbusga guvoh bo‘lgan boshqa homiylar, tadbirkor sobiq o‘quvchilar va ota-onalar ham imkoni boricha maktabga yordam qo‘lini cho‘zdi. Ular tomonidan tikuv mashinalari, sport anjomlari tuhfa etildi. Bu yangilanishlar, shinam va chiroyli manzaralar o‘qituvchilarni yanada birlashib ishlashga, o‘quvchilarni o‘z qobiliyatiga ko‘ra bilim va hunar o‘rganishga undadi. Taekvondo, gimnastika, shaxmat, oshpazlik, tikuvchilik, aktyorlik kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ko‘plab ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirilishi bolalarning iqtidorini namoyish etishiga imkon yaratdi. Ayni paytda rus tili fani oyligi Muxtabar Salimova rahbarligida ko‘ngildagidek o‘tmoqda. Mazmunli ochiq darslar, teatr tomoshalari, rus xalqi an’ana va milliy madaniyatini namoyish etuvchi tadbirlar tashkil etildi.
Bola ruhiyati o‘zgarsa...
Zamonaviy o‘quv maskanining ko‘rinishi barchaga ilhom bag‘ishladi. Fidoyi, chaqqon, samimiy rahbarning ko‘rsatmalari asosida o‘qituvchilar yangi takliflar bilan chiqdi. Maktab psixologlari Dildora Rahimova va Zarofat Hoshimovaning sa’y-harakati bilan “Baxtli maktab” tadbiri amalga oshirib kelinyapti. Undan maqsad o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida do‘stona muhit yaratish, ruhiy holatni o‘zgartirish bilan ta’lim sifatini ham o‘zgartirishga erishishdir. Hozirgacha bu tadbirning ijrosi jinoyatchilik, huquqbuzarlik, o‘qituvchi va o‘quvchilardagi ruhiy zo‘riqish holatlarining oldini olishga qaratildi. Qolaversa, mutaxassislar psixolog yordamiga muhtoj, ichki tartib-intizomga bo‘ysunmaydigan bolalar bilan ishlashdi. Natijada shu vaqt mobaynida maktab o‘quvchilari biror noxush vaziyat bilan tuman IIB ro‘yxatiga tushmay kelmoqda. Bolalarning ruhiyatidagi o‘zgarishlar, ularning kayfiyati, intilishi va maqsadlari kuzatildi. Past o‘zlashtiruvchi yoki tarbiyasi og‘ir bolalarning psixologiyasi, oilaviy muhiti o‘rganildi. Natijada ko‘pgina o‘quvchilarning yurish-turishi, o‘zini tutishi, mashg‘ulotlarga qatnashi ijobiy tomonga o‘zgardi. Zero, ruhiyati siniq bolaning qarshisida soatlab ma’ruza o‘qish yoki dars o‘tishdan oldin uning qalbiga kirib borish muhimdir.
— Maktabimiz tuman bo‘yicha shaxmat, shahar bo‘yicha yapon tili o‘qitiladigan muassasa sanaladi, — deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sayyora Saidinomova. — Kelgusida yuqori natijalarga erishish uchun oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti professorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Yaqin kunlarda “Rektor va yoshlar uchrashuvi”ni tashkil etib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda ishlay boshlaymiz. Bu tadbirlar o‘quvchilarning oliy ma’lumotli bo‘lishga intilishini kuchaytiradi. Bolalar o‘z xohishi bilan to‘garaklarga a’zo bo‘lib, kutubxonaga kirish uchun navbatda turayotgani shunchaki gap emas. Chunki kutubxonamiz “Besh tashabbus karvoni” ko‘magida jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari bilan boyitildi.
Xalqimizda “O‘ng qo‘ling qilgan yaxshilikni chap qo‘ling bilmasin”, degan naql bor. Haqiqatan, shunday saxovatpesha insonlar borki, ularning maktab uchun qilayotgan xayrli ishlari tahsinga sazovor. Bu homiylarni jalb etayotgan menejer-rahbarlar esa g‘oyibdan ko‘mak berilishiini kutib o‘tirmaydi. Zotan, unmoq, o‘smoq, kelajakni qurmoq shu ostonadan boshlanadi, aslida. Navnihol farzandlarimiz bu g‘amxo‘rlikka loyiqdir. Maktabni qutlug‘ dargoh deb bilgan tadbirkorlarning qo‘li savob ishdan tolmasin.
Shoira BOYMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri