Qalamkashlar kamol topgan maskan
Ayritom — Chiroqchi tumani markazidan salkam 70 kilometr uzoqda joylashgan qishloq. Ammo aholining savodxonligi va maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi jihatidan havas qilsa arziydigan maskanlardan biri. Negaki qishloqning deyarli har bir xonadonida yurtimizning qaysidir oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talaba yigit-qizlar bor. Shundan ko‘rinib turibdiki, maktabda kitobxonlik darajasi ham yuqori.
Respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Eng kitobxon maktab” loyihasi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir chekka Ayritom qishlog‘ida joylashgan 131-umumta’lim maktabida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quvchilar badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar bilan tanishib, ulardan xarid qilishdi. Ota-onalarning xursandchiligini aytmaysizmi?
— Shaharlarda, tuman markazlarida bunday tadbirlarning o‘tkazilganini oynayi jahonda ko‘rib yoki gazetalarda o‘qib, havas qilardim, — deydi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Muxtor Hayitov. — Mana endi o‘z maktabimizda ham shunday tadbirlar tashkil etilyapti. Bolalarimiz shu maktabni bitirib, ayni damda yurtimizning turli go‘shalarida xizmat qilib yurgan yigit-qizlarga havas qilishadi. Bugun bu havas yanada alangalandi. Bolalarimning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, men bugun ikki farzandimga 20 ta kitob olib berdim. Ularning orasida “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Yulduzli tunlar”, “Boburnoma”, “Ufq”, “Chinor” kabi adabiyotimizning durdona asarlari bor. Bu asarlar uyimizdagi mo‘‘jaz kutubxonamizdan joy oladi va undan barchamiz foydalanamiz. Bu yoshlarimizning ilm olishga ishtiyoqi, adabiyotga bo‘lgan mehrini oshiradi. Bu kabi tadbirlar ularning yodida muhrlanib qoladi.
“Eng kitobxon maktab” loyihasi tashabbuskorlari, “Kitob dunyosi tarmoq savdo markazi” MChJ mas’ullari bu ezgu maqsad yo‘lida barcha shaharlar-u tumanlarni, chekka qishloqlarni ham qamrab olmoqda. Bu yurtimizda kitobxonlikning yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.
— Ushbu tadbirdan juda quvondim, — deydi ingliz tili o‘qituvchisi Olim Abdiyev. — Chunki yoshlarimiz bilimga chanqoq. Maktabimizdan taniqli ijodkorlar, jurnalistlar ham yetishib chiqqan. “Cho‘lpon” nashriyoti muharriri Davron Ulug‘murodov, “O‘zbekiston” teleradiokanali bosh muharriri, filologiya fanlari doktori Shuhrat Hayitov, “O‘zbekiston tarixi” telekanali muharriri, yozuvchi Xoliyor Safarov, qolaversa, Olim Norbekov, Lochin Ulug‘murodov kabi qalami o‘tkir jurnalistlar aynan bizning maktabimiz bitiruvchilari, shu qadrdon go‘shaning qaldirg‘ochlari hisoblanishadi. Ular bilan faxrlanamiz.
Ayni kunda 931 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 131-umumta’lim maktabida o‘quvchilarning puxta va zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan kompyuter, chet tili xonalari, barcha sport inventarlariga ega sport zallari o‘quvchilarga xizmat qilmoqda. Yoshlar esa harakatchan va ilmga tashna. Bu tashnalik ularni yuksakliklar sari yetaklashiga ishonamiz.
Dilafro‘z SATTOROVA,
Kamola YORMAHMATOVA, shu maktab o‘qituvchilari