Maktablarda “Tarbiya” fani bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi
X alq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 23‐avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Qaror loyihasi muhokama uchun “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi”ga joylashtirildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur qaror loyihasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning ongiga umuminsoniy qadriyatlar va yuksak ma’naviyatni yanada chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, shuningdek “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy g‘oya” va “Dunyo dinlari tarixi” kabi fanlarni birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich joriy qilish maqsadida ishlab chiqildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fani 1-9-sinflarda 2020-202-o‘quv yilidan, 10-11-sinflarda 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Qaror bilan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-11-sinflari uchun “Tarbiya” fani Konsepsiyasi”ni, “Tarbiya” fanidan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish bo‘yicha tuzuvchilar guruhi tarkibini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
2020-yilning aprel-may oylarida “Tarbiya” fanining 1-9-sinf darsliklari va o‘quv-metodik majmualari tajriba-sinovdan o‘tkaziladi.
Tajriba-sinov natijalariga ko‘ra takomillashtirilgan holda chop etilgan yangi formatdagi zamonaviy “Tarbiya” darsliklari va ularning multimedia ilovalari yangi o‘quv yili boshlangunga qadar maktablarga yetkazib beriladi.