Ta’limning ustuni tajribali o‘qituvchilardir
Pedagog sifatida shaxsiy kuzatuvlarimga tayanib ba’zi takliflarimni ilgari surmoqchiman:
• Maktab masjidga teng, dars esa muqaddas. Shunday ekan, avvalo, maktabga mas’uliyatli, bolalarni sevadigan, shu yerda ko‘p yillar ishlash niyati bo‘lgan pedagoglarni ishga olish kerak. Chunki keyingi paytlarda maktabga “Faqat 2-3 yil staj uchun ishlasam bo‘ldi, keyin harbiyga yoki boshqa sohaga o‘tib ketaman”, degan maqsadda keladiganlar ko‘paydi. Bularning aksariyati na darsni va na o‘quvchini sevadi. Bundan tashqari, bolaga bir fandan har xil o‘qituvchi kiraversa, o‘zlashtirish yaxshi bo‘lmaydi.
• O‘quv yili taqvim rejasini ham qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Bizda ta’til kunlari quyidagicha. Kuzgi ta’til 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun (o‘qish 3-noyabrda tugab, 10-noyabrda boshlanishi kerak), qishki ta’til 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun (o‘qish 27-dekabrda tugab, 11-yanvarda boshlanishi kerak), bahorgi ta’til 21-martdan boshlab 7 kalendar kun (o‘qish 20-martda tugab, 28-martda boshlanishi kerak), yozgi ta’til oxirgi bosqichli imtihondan keyin. Endi savol tug‘iladi: o‘quv yili qachondan boshlanadi? Vatanimiz mustaqil bo‘lganidan keyin o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadigan bo‘ldi. 2018-2019-o‘quv yili 5-sentabrdan, 2019-2020-o‘quv yili esa 4-sentabrdan boshlandi. 1996-yildan buyon “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan 1-oktabr bayram kuni deb e’lon qilindi, shuningdek, 8-dekabr, 8-mart, 9-may bayram munosabati bilan dam olish kuni hisoblanadi. 1-sentabrdan 25-maygacha fevralni 28 kun deb hisoblasak, 267 kalendar kuni chiqadi. Yilda ikki marta keladigan hayit bayramlaridan tashqari, boshqa bayram — dam olish kunlari 5 kun. Ta’tillar jami 6 + 14 + 7 = 27 kun. Unga bayramlarni ham qo‘shib hisoblasak 32 kun. 267 – 32 = 235 kun. Bizda o‘qish 34 hafta. 34 haftani 7 ga ko‘paytirsak 238 kun chiqadi. Demak, 3 kun ortib qolyapti. Bu hali o‘quv yili 2-sentabrdan boshlangandagi holat. Yuqoridagi faktlarni hisoblasak, o‘tgan yilgi o‘quv yilida (5-sentabr) taxminan 6 kun qo‘shib yozilgan bo‘lsa, bu yil (4-sentabr) taxminan 4-5 kun qo‘shib yoziladi. Hamisha 3-4 kun qolavergandan ko‘ra rejani qayta ko‘rib chiqish ma’qul emasmi?! Yana yuqoridagi savolga qaytsak: o‘quv yili keyingi yil qachondan boshlanadi?
• 5-sinf ona tili darsligi bu yoshdagi bola uchun biroz og‘irroq. Qolaversa, “Fonetika” mavzusiga 33 soat ajratilgan, xolos. 5-sinfda o‘tilgan mavzular 6-sinfdan boshlab 9-sinfgacha kengaytirib o‘tiladi, lekin “Fonetika” mavzusi boshqa o‘tilmaydi. Vaholanki, bu mavzu ko‘plab o‘qituvchilar uchun ham murakkablik qiladi. Yana bu mavzu to‘liq berilmagan, tasniflashda hosil bo‘lish usuli va sonorlar haqida ma’lumot kiritilmagan. Keyin jarangli va jarangsiz unlilarda ham biroz tushunmovchilik bor.
Darslikda:
b-p, v-f, z-s, g-k, d-t , j-sh, dj-ch, g‘-x.
“Hozirgi o‘zbek adabiy tili” ( A.Anorbekova)da:
b-p, v-f, z-s, g-k, d-t, j-sh, dj-ch, g‘-q.
“O‘zbek tilidan ma’ruzalar to‘plami”(N.Erkaboyeva)da:
b-p, v-f, z-s, g-k, d-t, j-sh, dj-ch, g‘-q.
“O‘zbek tilidan universal qo‘llanma”(B.Mengliyev)da:
b-p, v-f, z-s, g-k, d-t, dj-sh, dj-ch, g‘-x.
Savol: g‘ undoshining jarangsiz jufti q undoshimi yoki x?
Fikrimcha, q undoshi: eshik + i = eshigi, o‘roq + i = o‘rog‘i.
Boshqacha aytganda, jarangsiz undosh egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda o‘zining jarangli juftiga aylanadi.
J-sh ikkalasi ham sirg‘aluvchi, (d)j-ch ikkalasi ham portlovchi. Yana talaffuzda 24 ta undosh, yozuvda 23 ta, 7 ta jarangli undoshning 8 ta jarangsiz jufti bor, deb aniq kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. “Fonetika” mavzusi 10-yoki 11-sinfga yana bir bor umumlashtirish qilib bo‘lsa ham singdirilsa yaxshi bo‘lardi.
6-sinf ona tili darsligida Fe’l mavzusi salkam 2 chorak o‘tiladi. Ravish mavzusi esa o‘quv yili oxiriga to‘g‘ri keladi. Yaxshi bilamizki, bu ikki mavzu ham murakkab. Ravish mavzusi o‘quv yili oxirida bo‘lgani uchunmikan o‘quvchilar bu mavzuni uncha yaxshi o‘zlashtira olmaydi. Ravish gapda ko‘pincha hol vazifasida kelishini bilamiz. O‘quvchilar shu mavzuni yaxshi bilmaganlari uchun ravishdan bo‘lgan holni topishda qiynaladi. 6-sinf darsligidan Fe’l mavzusi 7-sinfga o‘tkazilsa, Ravish mavzusi ham ilgariroqqa surilardi. 7-sinf darsligi oson. Uning ba’zi mavzulari shunday qilib almashtirilsa natija yaxshiroq bo‘lardi.
Keyingi paytlarda ta’lim sifati haqida ko‘p gapirilyapti, lekin 40 nafargacha o‘quvchi o‘qiyotgan ba’zi sinflarda bolalar soni hamon kamaygan emas. O‘qituvchi ularning qaysi biri bilan shug‘ullansin?
Muqaddas ESHIMOVA, Urganch tumanidagi 32-maktab o‘qituvchisi