Sho‘rchi tumanidagi maktabga Kyudzo Kato nomi berildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanidagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga yaponiyalik arxeolog Kyudzo Kato nomi berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir joriy yilning 17-dekabr kuni o‘tkazildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kato Kyudzo (1922-yil 18-may – 2016-yil 11-sentabr) – yaponiyalik arxeolog, antropolog, tarixchi va etnograf. U O‘zbekistonning tarixi va qadimiy obidalarini o‘rgangan. Arxeolog uzoq yillar davomida O‘zbekiston fanlar akademiyasi bilan hamkorlik olib borgan. Surxondaryo viloyatidagi (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) arxeologik qazishmalarida qatnashgan.
Kato Kyudzo mamlakatimiz tarixini Yaponiyada ommalashtirgan. Shuningdek, u Markaziy Osiyo va Sibir haqidagi o‘nlab kitoblarning muallifi. O‘zbekistonga bag‘ishlangan turli simpozium va ko‘rgazmalarni tashkil etgan. Amir Temur, Bobur, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ulug‘ mutafakkirlarimiz asarlarini yapon tiliga tarjima qilgan. Markaziy Osiyoda, ayniqsa vatanimiz janubida buddizm madaniyatini o‘rgangan.
2002-yilda xalqimizning boy tarixi, qadimiy yodgorliklari hamda madaniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va xorijda targ‘ib qilishdagi katta xizmatlari, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan samarali hissasi uchun Kyudzo Kato “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
— Kato Kyudzo uzoq yillar davomida Sho‘rchi tumanida arxeologik faoliyat yuritganligi bois uning nomi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga berildi. Afsuski, yapon tiliga katta qiziqish bo‘lishiga qaramay, shu paytgacha maktablarimizda bu til o‘qitilmagan, — deya ta’kidladi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. — 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab Kato Kyudzo nomidagi maktab o‘quvchilari ingliz tili bilan birga yapon tilini ham o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab, yapon va ingliz tillariga ixtisoslashtirilgan yosh arxeologlar maktabiga aylantiriladi.
Shu bilan birga, maktabda Kato Kyudzo muzey-xonasi tashkil etiladi. Bu yerga tashrif buyurganlar yaponiyalik olim hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, mamlakatimizning barcha hududlarida 15 ta yapon tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari tashkil etiladi. 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab, beshta maktabda yapon tili o‘qitiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, yapon tilini o‘qitish metodologiyasi va darsliklarini yaratish maqsadida Yaponiyaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatishni rejalashtirgan.