Tursunboy Salimov: “Darsliklarni mazmunan yangilash – zarurat”
Darsliklar tahlili va ulardagi xatoliklar borasidagi fikrlar bot-bot quloqqa chalinib turadi. Bugun ular internet tarmog‘idagi qizg‘in muhokamalar mavzusiga aylanmoqda.
Biroq bu o‘rinda vaziyatga muallifning munosabati masalasi doimo ham yodga olingani yo‘q. Faqat mavjud kamchilikni ko‘tarib chiqish-u unga bir tomonlama baho berish bilan cheklanilmoqda. Bu borada mualliflar faolligi ham havas qilgudek emas.
Ko‘pchilik o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ayniqsa, abituriyentlarni ayrim masalalar bo‘yicha darslik muallifining qarashi qiziqtirishi tabiiy. Biroq muallif mulohazalarini bilish imkoni doimo ham topilavermaydi. Shu bois “Ma’rifat” gazetasi mushtariylar istagini inobatga olgan holda darslik muallifi bilan suhbat uyushtirdi.
Mazkur suhbat qahramoni Tursunboy Salimov amaldagi 7-sinf “Jahon tarixi” darsligi mualliflaridan biri. U uzoq yillardan beri O‘zbekiston Milliy universitetining Tarix fakultetida talabalarga saboq berib kelmoqda. Professor Tursunboy Salimov tomonidan yaratilgan darslik o‘n yildan oshiq vaqt davomida o‘quvchilarning jahon tarixiga oid bilimlarini boyityapti.
— Ustoz, sizningcha, O‘zbekistonda muayyan fanni o‘qitishning yagona konsepsiyasi yaratilishi kerakmi? Umuman, ta’limdagi hozirgi holatga munosabatingiz qanday?
— So‘nggi yillarda biz har bir sohada konsepsiya yaratishga e’tibor qaratyapmiz. Albatta, mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirish konsepsiyalari mavjud bo‘lishi zarur. Ta’limdagi konsepsiyalar haqida so‘z yuritganda, uni yaratishdan oldin amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator ishlar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini ta’kidlash o‘rinlidir. Ularning yuzaga kelishiga ta’lim sohasida to‘planib qolgan muammolar va tafakkurdagi turg‘unlik sabab bo‘lgan. Avval ular hal etilib, so‘ngra ta’limga muayyan yagona o‘qitish konsepsiyasi tatbiq etilgani ma’qul.
Uchinchi mingyillik bo‘sag‘asida yurtimizda kollej va litseylar tashkil qilindi, ular uchun ajoyib binolar bunyod etildi. Bu jarayonda har bir sinfdagi o‘quvchi, auditoriyadagi talabalar soni 40–45 nafarga “yetkazildi”. Biroq qirq besh, hattoki sakson daqiqalik darsda o‘qituvchi ularning nechtasidan uy vazifasini so‘rashga ulguradi, yangi mavzuni necha daqiqada tushuntiradi, degan oddiy savollar ochiqligicha qoldi.
“O‘qituvchi qog‘oz to‘ldirsinmi yoki o‘z ustida ishlasinmi?” qabilidagi savolga ham yaqingacha javob berilmay keldi. O‘qituvchi va o‘quvchi tafakkuri shunga mos tarzda shakllanib bordi. Bu fanni yaxshiroq o‘qish kerak, unisi unchalik zarur emas qabilidagi qarash ongda ildiz otdi. Qaysi litsey o‘z o‘quvchilarining uchta fandan test bilan shug‘ullanishlariga e’tibor qaratsa, bayroq o‘shaniki bo‘ldi.
Bugun ham o‘qituvchining faqat darslikka tayanib qolishi, o‘z ustida yetarlicha ishlamasligi, uyali aloqa vositalari o‘quvchining asosiy “vaqt sarflash manbayi”ga aylanib ulgurgani sohadagi har qanday konsepsiyani quruq qog‘ozga aylantirib qo‘yishi tabiiy. Buni tan olish kerak. Buni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozim.
Shuning uchun, avvalo, yagona konsepsiyaga emas, balki bilim berishga tayyor o‘qituvchi va uni o‘zlashtirishga ishtiyoqmand o‘quvchini shakllantirishga e’tibor qaratish zarur. Basharti bola kitob o‘qimas ekan, unda xotira shakllanmaydi. Uyga berilgan vazifa so‘ralib baholanmasa, o‘quvchida o‘qish, yodlash, xotirada saqlash ko‘nikmasi vujudga kelmaydi. Tan olish kerakki, bir sinfda 35–45 nafar o‘quvchisi bo‘lgan maktabda bu jarayonni amalga oshirish murakkab. Achinarlisi, bu qiyinchiliklar faqat maktab ta’limida emas. Uning qamrovi tobora kengayib boryapti.
Bugun hattoki talabalar auditoriyasida 30–40 nafar talabadan kamida 7–8 nafarida sohaga qiziqish uyg‘otish yildan yilga qiyin kechyapti. Buni bartaraf etishni muammoning episentri — maktabdan boshlash kerak. O‘quvchilarimiz, talabalarimizda o‘qishga ishtiyoq, kelajakka maqsadli intilish, unda bilim bosh mezon bo‘lishiga ishonch yarata olsak, konsepsiyani ham, eng zamonaviy usullarni ham qo‘llashdan naf, eng muhimi, kutilgan natija bo‘ladi.
— Tarix bo‘yicha taniqli mutaxassislardansiz. Ma’lumki, avvallari o‘rta asrlar tarixini davrlashtirish masalasi oliy va umumiy o‘rta ta’limda deyarli bir xil edi. Ayni chog‘da farqlar ko‘zga tashlanmoqda. Buning sababi nimada?
— O‘rta asrlar tarixini davrlashtirish, umuman, tarixni davrlashtirish masalasi bilan alohida shug‘ullanish u qadar muhim emas. Lekin ma’lum mutanosiblik bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, hozirgi kunda bu borada yagona yondashuv mavjud deyish qiyin. Men 2005-yili mavjud davlat ta’lim standartlari bo‘yicha maktabning 7-sinf o‘quvchilari uchun davriy chegarasi V–XVII asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan darslikni yozib, tenderga topshirdim. Ajablanarlisi, hech qanday standartga mos kelmaydigan, undagi mavzular o‘zgartirilgan, xronologiyasi XV asr bilan cheklangan darslik komissiya a’zolarining standartlardan xabari yo‘qligidanmi, g‘olib deb topildi. Aslida, bu darslik tenderga qo‘yilishining o‘zi kishida taajjub tug‘diradi.
O‘rta asrlar yakuniga 1453-yilda Konstantinopolning turklar tomonidan egallanishi yoki Xristofor Kolumbning 1492-yilda Amerikaga dengiz yo‘lini ochishi asos qilib olinishi inqilobiy yangilik emas. G‘arbdagi turli mamlakatlarda ushbu sanalar avvaldan mavjud. Lekin bu chegara bizning ta’lim standartlarimizda yo‘q edi-ku, tender shartlari qayerda qoldi?! Ana shu paytda o‘rta asrlar tarixini davrlashtirish maktab darsliklarida XV asr oxirigacha bo‘lib qoldi. Natijada, o‘rta asrlar tarixi bo‘yicha 2005-yildan keyin yozilgan darsliklarda ushbu xronologik yondashuv saqlandi. Oliy o‘quv yurtlarida esa bu davr XVII asrning o‘rtalarigacha davom etgani o‘qitilmoqda.
Shu o‘rinda, yana bir jihatni ta’kidlash lozim. Tarix darsliklaridagi ayrim sanalar, xususan, Turk xoqonligi tashkil etilishining 551-yildan 552-yilga, Buxoro amirligi tashkil topishining 1753-yildan 1756-yilga qayta nashr chog‘ida o‘zgartirilgani ko‘plab abituriyentlarga noqulaylik tug‘dirishi tabiiy. Kirish imtihonlarida testdan foydalanilar ekan darslikdagi sanalarni hadeb o‘zgartiraverish yaramaydi. Jahon tarixini davrlashtirish esa ko‘pchilik muhokamasi orqali amalga oshirilgani ma’qul.
— Darslikdagi “ikkilanishlar” haqida so‘z ochdingiz. Arab xalifaligi tashkil etilgan sana ham bir sinfning ikki darsligida turlicha qayd etilgan. Natijada 7-sinf o‘quvchisi “Jahon
tarixi” darsligidan bu voqeaning 630-yilda yuz berganini bilib olsa, “O‘zbekiston tarixi”ni mutolaa qilgach, mazkur hodisaning 632-yilda sodir bo‘lgani haqidagi ma’lumotga duch keladi...
— Agar darslikda Arab xalifaligi tashkil etilgan sana 630-yil sifatida qayd etilgan bo‘lsa, buni albatta o‘zgartiramiz. Muhammad (s.a.v) hayotliklari paytida xalifalik paydo bo‘lishi mumkin emas. Uni 632-yil deb yozgan ma’qul.
— Shu o‘rinda, Urganch davlat universiteti talabasi Jalol Boltayev tomonidan yuborilgan savolga e’tiboringizni qaratsam. Mualliflar o‘z darsliklari va boshqa sinf uchun yozilgan darsliklardagi ma’lumotlar turlicha bo‘lib qolmasligi uchun nimalar qilishadi?
— Hozircha hech narsa. Ilgari darsliklarda “Jahon tarixi” va “O‘zbekiston tarixi”dagi asosiy sanalar, voqealarning qiyosiy jadvali berilar edi. Endi darsliklarni soddalashtirish, ularning 160 betdan oshib ketmasligi (10–11-sinflarda 144 betdan oshmasligi) sharti bunga imkon bermaydi. Aslida, asosiy sanalar albatta mos kelishi lozim. Buning birinchi sharti mualliflarning har ikki tarix yo‘nalishi — “Jahon tarixi” va “O‘zbekiston tarixi”dan chuqur bilimga ega bo‘lishlari bilan belgilanadi.
— 7-sinf “Jahon tarixi” darsligi hozirga qadar uch marta nashr etildi. 2022-yilda uning navbatdagi nashri masalasi maydonga chiqadi. Keyingi nashr oldidan o‘quv dasturi va u asosida chop etiladigan darslikda qanday o‘zgarishlarni kiritish yuzasidan takliflar ustida ishlayapsiz?
— 2020-yilda 7-sinf darsligi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarimni Xalq ta’limi vaziri e’tiboriga havola etishni reja qilganman. Chunki o‘quv dasturi va u asosida yaratiladigan darslikni o‘zgartirish — davr talabi. Undagi tarixiy sanalar, voqealarni muhimlik darajasi nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Umuman, darslikdan nafaqat siyosiy tarix, balki ijtimoiy-madaniy jarayonlar, eng muhimi, o‘quvchiga qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlarning joy olishiga erishish pirovard maqsadim. Zero, darsliklarni mazmunan yangilash — dolzarb vazifa, zaruratdir. Buning uchun, avvalo, 2022-yilgi tender shaffof o‘tkazilishi kerak. Muallif sifatida unda g‘olib chiqishga harakat qilaman, albatta. Bu ham darslikni zamon ruhiga moslab, unga yanada mukammallik baxsh etishni talab etadi. Shu bois chuqqurroq izlanishga, rivojlangan davlatlar tajribalarini o‘rganib, ulardan maqbullarini darslikka singdirishga tayyorman.
— Kirish test sinovlarida ixtisoslik fani sifatida tarixdan test topshiradigan abituriyentlar 7-sinf “Jahon tarixi” darsligini qanday o‘rganishgani ma’qul? Bu boradagi tavsiya-maslahatlaringiz?
— Asosiy tavsiyam — xotirani mustahkamlash. So‘nggi yillarda kirish imtihonlari shaffof o‘tkazilyapti. Shunga yarasha abituriyentlar o‘rtasida sog‘lom raqobat ham o‘sib boryapti. Demak, endi muvaffaqiyatga erishish uchun kirish imtihonlariga tayyorgarlikni maktabning so‘nggi sinfi, akademik litsey, kollejning so‘nggi bosqichidan boshlash yaramaydi. Buni o‘quvchilikning 8–9-yilidanoq boshlagan ma’qul. Eng muhimi, abituriyentda maqsad aniq bo‘lishi kerak.
Insonda “ko‘z xotirasi” bo‘ladi. O‘quvchining yondaftarcha tutib, darslikdagi barcha sanalarni xronologik ketma-ketlikda qayd etishi, uni yonidan qo‘ymay yodlab yurishi yaxshi samara beradi. Ma’lumotlarni yozib yodlashning ham ahamiyati ulkan. Egallangan bilimlarni ma’lum muddat o‘tgach takrorlab turish ham bilimlarning xotirada yanada mustahkamroq o‘rnashishiga yordam beradi. Shular amalga oshirilsa, repetitor ko‘magi ham kerak emas. Barchasi abituriyentning o‘ziga bog‘liq. Abituriyentlar, shuni unutmangki, xotira sizning asosiy ustozingiz, yo‘l ko‘rsatuvchingiz, maqsadga erishishingizdagi asosiy vositangizdir.
— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.
Alisher EGAMBERDIYEV suhbatlashdi.