Chet tili faqat ingliz tilimi?
Qo‘shtepa tumanidagi 1-IDUMIning 10-sinf o‘quvchisi Husniddin Ermatovning onasi Gulchehra Ermatovadan shunday savol tushdi:
— Farzandim Husniddin Ermatovga 5–9-sinflarda nemis tili fani o‘qitildi. Ushbu o‘quv yilidan boshlab ingliz tili fani o‘qitilyapti. Axir o‘g‘lim besh yil nemis tilini o‘rgandi. 10-11-sinfda ingliz tili o‘qigani bilan oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida ingliz tili fanidan test yechishga qiynaladi. Ikki yilda to‘liq maktab dasturini o‘zlashtira oladimi? Aslida bu holat to‘g‘rimi? Buning huquqiy asoslari bormi?
Mana shu savolga javob olish maqsadida Qo‘shtepa tumanidagi 1-IDUMIda bo‘ldik. 275 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olayotgan maktab-internatda avval o‘quvchilar chet tili sifatida nemis tilini o‘rgangan. 2017/2018-o‘quv yilidan boshlab bu yerda ingliz tili o‘qitila boshlandi. Eshitgan kishi borki, qo‘shimcha til sifatida o‘qitilyaptimi, deydi. Yo‘q, unday emas. Maktabda chet tili sifatida ingliz tili fani o‘qitilmoqda. Nega endi, erta-indin maktabni tamomlab oliy o‘quv yurtiga kirishi kerak bo‘lgan o‘quvchilar shuncha yil nemis tilini o‘rganib, endi ingliz tilidan bilim oladimi, degan savol tug‘iladi. Maktab-internat chet tili sifatida ingliz tilini o‘qitishga o‘tishiga qaysi me’yoriy hujjatlar asos bo‘lgan?
— Har kuni darsdan keyin o‘quvchilarimiz ingliz tilidan repetitorga ketib qolaverdi, — deydi muassasa direktori Ilhom Hasanov. — 80 foiz o‘quvchi ingliz tilini o‘rganishni xohladi. Shundan keyin ota-onalar va o‘quvchilarning talab-istaklarini inobatga olib, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘quvchilarga ingliz tili o‘qitila boshlandi.
— Bu jarayon qanday boshlandi? 5-6-sinflar ingliz tilida o‘qiy boshladimi?
— Yo‘q. 2017/2018-o‘quv yilida birdan barcha sinflarga 5-sinfdan 11-sinfgacha ingliz tili o‘qitila boshlandi.
— Shu kungacha boshqa tilni o‘zlashtirgan o‘quvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqildimi? Yoki oddiy maktablar kabi 5-sinfdan ingliz tili o‘qiyotgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan darsliklar asosida o‘qitilyaptimi?
— Afsuski, 5-sinfdan 10-sinfgacha nemis tili o‘rgangan, 11-sinf o‘quvchilariga maktablarning 11-sinfi uchun mo‘ljallangan ingliz tili darslik va qo‘shimcha adabiyotlaridan foydalanmoqda.
Mana shu joyda yana bir haqli savol bizni tashvishga soldi: 5-sinfdanoq nemis tilini o‘rgangan, ishtiyoq bilan shu til bo‘yicha hikoyalar mutolaa qilgan o‘quvchi 11-sinf uchun mo‘ljallangan ingliz tili darsligidagi mavzularni qanday tushunadi? Hali ingliz tili alifbosini bilmay turib gramatikaga o‘tish mumkinmi? Direktor va maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Zokirov o‘quvchilarga maktabda ingliz tilini dars sifatida o‘tish, nemis tilidan voz kechish haqida ota-onalar bilan suhbatlar, yig‘ilish bayonnomalari, pedagogik kengash qarori yo‘qligi, ammo bu ishlarning hammasi ota-onalarning og‘zaki iltimos va talablari bilan amalga oshganini ta’kidlashdan nariga o‘tmadi.
Maktabda uch nafar o‘qituvchi ingliz tilidan saboq bermoqda. Ular 1-, 2-toifali va qayta tayyorlovdan o‘tgan mutaxassislardir. Surishtiruvimiz natijasida ochiq qolgan ko‘plab savollar tug‘ildi. Agar rostdan ham ingliz tili o‘qitilishini ota-onalar istagan bo‘lsa, nega yozma murojaat qilishmadi? Nima uchun ularning istaklari qonuniy shaklda hujjatlashtirilmadi? Bunga barcha ota-onalar rozi bo‘lganini tasdiqlovchi biror xat-hujjat bormi? Nemis tilini o‘rganayotgan o‘quvchilarning haq-huquqlari poymol etilmadimi? Axir Prezident qarorida chet tilini o‘qitish haqida aytilganda faqat ingliz tili ko‘zda tutilmagan-ku.
Ingliz tilini fan sifatida o‘qitish bo‘yicha maktab-internat direktori bizga hech qanday hujjat ko‘rsatmadi, ammo yana bir mulohaza xususida o‘yga toldik. Ayni kunda 11-sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilar 6 yil davomida nemis tilini o‘rgangan. 6 yilda DTS talablariga zo‘rg‘a javob beradigan darajada bu tilni o‘rgandi, deylik. Unda shuncha yil o‘quvchilarga nemis tilini o‘rgatishga sarflangan mablag‘ havoga uchib ketadimi? Tashvishlanarlisi, oliy o‘quv yurtiga kirishni niyat qilayotgan ko‘plab bitiruvchilar imtihon topshirayotganda qaysi tildan test savollariga javob berishi haqida o‘ylab boshi qotgan. Atigi 9 oy o‘rgangan ingliz tilidami yoki 5 yil ta’lim olgan nemis tilida?
Sharifa MADRAHIMOVA,
“Ma’rifat” muxbiri