Prezident maktabiga o‘quvchilari eng ko‘p qabul qilingan maktablar aniqlandi
Dunyoni aql, tafakkur va idrok boshqarayotgan ayni davrda yurt ravnaqiga hissa qo‘shadigan kadrlarni tayyorlash masalasi davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bunday yetuk kadrlarni bolalikdan tarbiyalash, salohiyatli, intellektual va zamonaviy bilimga ega yoshlarni kamolga yetkazish uchun yangi avlod maktabi zarur edi. Toshkent, Namangan, Xiva hamda Nukus shaharlarida qad rostlagan Prezident maktablari aynan shu maqsadni ro‘yobga chiqaruvchi ilmiy renessans, ilk qadam bo‘ldi. Bu yerda iqtidorli bolalarni tanlash va o‘qitish uchun mukammal shart-sharoit yaratildi. Ta’lim muassasasida o‘qish uchun minglab bilimli o‘quvchilar orasidan eng iqtidorlilari saralab olindi. Haqiqatan ham, ularning o‘ziga ishonchi va intellekti g‘olib keldi.
Toshkent shahridagi Prezident maktabiga o‘quvchilari eng ko‘p qabul qilingan maktablar aniqlanib, Sergeli tumanidagi 300-IDUMdan 8, Chilonzor tumanidagi 178-IDUMdan 6, Sergeli tumanidagi 6-IDUMdan 5 hamda Sergeli tumanidagi 301-maktab, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-IDUM, XTV tasarrufidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabidan 4 nafardan o‘quvchining nufuzli bilim dargohida ta’lim olayotgani e’tirof etildi.