Bir maktabdan 10 nafar o‘quvchi Prezident maktabiga qabul qilindi
Sergeli tumanidagi 300-IDUM respublikada o‘quvchilar soni ko‘pligi bo‘yicha yuqori o‘rinda turadi. Maskanda 5 ming 200 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Bunday katta bilim dargohida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish aslida juda ham murakkab ish.
2018-2019-o‘quv yilida 300-IDUMning 136 nafar o‘quvchisi 11-sinfni bitirdi. Ulardan 96 nafari (71 foiz) nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Mana shu raqamdan ham anglash mumkinki, ushbu dargohda ta’lim sifatiga e’tibor ancha yuqori. Joriy yilda bu ta’lim maskanidan 19 nafar eng a’lochi o‘quvchi hujjat topshirgan va ularning 8 nafari Toshkent, 2 nafari Nukus shahridagi Prezident maktabiga yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan. Maktab rahbari Nigora Saidxo‘jayevaning aytishicha, har yili sentabr-oktabr oylarida psixologlar o‘quvchilar iqtidorini aniqlash maqsadida test oladi. Natijalarga ko‘ra har bir o‘quvchining kasbiy yo‘nalishi belgilanadi va darsdan so‘ng muayyan fanlar bo‘yicha chuqurlashtirib o‘qitiladi. Hozirgacha maktabda 968 nafar o‘quvchining iqtidori aniqlangan. Ularga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha puxta ta’lim berilmoqda. Prezident maktablariga o‘qishga kirgan o‘g‘il-qizlarning yutuqlarida maktabda matematika fanidan saboq berib kelayotgan, ko‘p yillik tajribaga ega O‘g‘ilxon Razzoqova, Mastura Sanayeva va Inobat Hamroyeva kabi pedagoglarning xizmati katta. Ular iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashda o‘ziga xos yo‘nalishlarni allaqachon topgan.
— Bu yil yozgi ta’tilda Prezident maktabiga hujjat topshirgan 15 nafar o‘quvchini imtihonga tayyorladim, — deydi Mastura Sanayeva. — Ular orasida 5-sinf o‘quvchisi Nozima Ulasheva matematikaga iqtidori yuqoriligi va o‘ta tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Aynan shu o‘quvchim yuqori ball bilan Prezident maktabiga qabul qilindi. O‘quvchilar bilan dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda turli qo‘shimcha manbalar, testlar, abituriyentlar uchun axborotnomalardan foydalanamiz. Nozima bilan ko‘proq xalqaro olimpiada testlari va mantiqiy masalalarni ishlashga e’tibor qaratdik.
— Prezident maktabida birinchi marta ota-onalar bilan uchrashuv bo‘lganda bitta jihatga e’tibor bergan edim, — deydi Nozimaning onasi Dilrabo Pardaboyeva. — Ota-onalarning ijtimoiy holati deyarli bir-biriga o‘xshash. Aksariyat ota-onalar o‘qimishli, ziyoli, o‘rtahol oilalar vakillari ekan. Shu kunga qadar bir necha marta majlis bo‘lib o‘tdi. Ko‘pchilik ota-onalar bilan tanishdik, fikr almashdik. Ular orasida o‘qituvchilar, shifokorlar va tadbirkorlar ham bor. Biz ham o‘qituvchilar oilasidanmiz. Turmush o‘rtog‘im kollejda jismoniy tarbiya fanidan dars beradi. Men ham asli boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Hozir bola tarbiyasi bilan mashg‘ulman. Nozimani faqat ingliz tili bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlarga berdik, matematikadan esa maktab o‘qituvchilaridan bilim olgan.
Darslarni “Oddiydan murakkabga” prinsipi asosida olib boradigan ustoz O‘g‘ilxon Razzoqovaning ham ikki nafar o‘quvchisi bugun omadli o‘quvchilar safida. Muallima uzoq yillik mehnati samarasi o‘laroq bu yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Sergeli tumanidagi matematika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan 6-IDUMning 5 nafar o‘quvchisi ham hozir Prezident maktabida tahsilni davom ettirmoqda. Maktab rahbari Dilorom Eshmamatovaning ta’kidlashicha, har chorakda o‘quvchi va o‘qituvchilar bilimi ichki monitoring orqali aniqlanadi. Hozir 4-sinf o‘quvchilari Prezident maktablari uchun saralanmoqda. E’tiborlisi, Prezident maktablariga qabul qilingan o‘quvchilarning birortasi ham matematika fanidan qo‘shimcha o‘quv kurslariga bormagan, maktabdagi o‘qituvchilarning saboqlari bilan yuqori natija ko‘rsatgan. Kuzatuv jarayonida ma’lum bo‘ldiki, bu o‘quvchilarning barchasi o‘rtahol, ziyoli oilalarning farzandlari. Ularning ota-onalari maktab bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, farzandlarining kelajagi uchun bor imkoniyatini ishga solgan.