O‘qituvchi QR-koddan foydalanishni biladimi?
Texnologiya fanidan 8-sinf darsligi qariyb 25–26 yil davomida nashr qilinmagan. Bu uzoq yillar davomida darsliksiz mashg‘ulot о‘tishda juda kо‘p qiyinchiliklarga sabab bo‘layotgan edi. Gohida bitta ma’lumot topish uchun internet titkilar yoki turli manbalardan foydalanib darsga tayyorgarlik kо‘rardik. Chekka hududlarda ishlaydigan о‘qituvchilarning kо‘p qismi bunday imkoniyatlardan ham bebahra edi.
О‘.Tohirov va boshqa mualliflar tomonidan ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion texnologiyalar va internet resurslari imkoniyatlari asosida ishlab chiqilgan 8-sinf “Texnologiya” fani darsligi o‘quvchilar mushkulini oson qilmoqda.
Darslik 2019/2020-о‘quv yilidan boshlab ijara tizimiga kiritildi. “Texnologiya” fani о‘qituvchilarining xursandligi cheksiz. Dars ishlanmasini yozish, о‘quvchilar bilan ishlashda juda qulay.
2019-yilning oktabr oyida Surxondaryo viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida bо‘lib о‘tgan uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov mana shu kitobdagi QR-kod haqida alohida tо‘xtalib о‘tdi. U ta’lim muassasalarida о‘qituvchilar bilan bо‘lib о‘tgan uchrashuvda 8-sinf “Texnologiya” fani darsligidagi QR-kod haqida sо‘raganida muallimlar aniq javob bera olmagan
Ko‘plab texnologiya fani o‘qituvchilari ushbu yangi darslikning keng imkoniyatlaridan bexabar bo‘lganlari sababli to‘laqonli foydalana olmayaptilar. Innovatsion darslik va unga kiritilgan QR-kod belgisidan foydalanish uchun muallif tomonidan yо‘riqnoma, taqdimot va videoroliklar tayyorlangan bо‘lsa-da, kо‘pchilik “Texnologiya” fani о‘qituvchilari QR-kod haqida tо‘liq tushunchaga ega emas.
Kitobning muqovasida katta harflar bilan QR-kod va undan foydalanish bо‘yicha yо‘riqnomaning rangli suratlari keltirilgan. QR-kod orqali darslikda joylashtirilgan amaliy mashg‘ulot videoroliklaridan foydalanib mavzuni yanada qiziqarliroq va samarali о‘tish mumkin.
Ayniqsa, darslikka yangidan kiritilgan mavzular bо‘yicha mahalliy va xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda STEAM elementlarining mohirona, oddiy tushunchalar asosida integratsiya qilingani mualliflarning kasbiy kompetensiyasi yuqori ekanidan dalolat beradi.
Bugungi kunga qadar yurtimizda chop etilgan darsliklardagi illustratsiyalar asosan rasmlardan iborat bо‘lgan bо‘lsa, endilikda ular о‘rnini turli diagrammalar, xarita-chizmalar egallamoqda. Sо‘nggi 2 yilda darsliklarga infografikalarni joylashtirish boshlandi. Ayni paytda axborot texnologiyalarining ildam rivojlanishi, QR-kod belgilarning kashf etilishi bosma nashrlarga elektron resurslarni bog‘lash imkoniyatini yaratdi.
QR-kod ikki о‘lchamli shtrix koddir. О‘z-о‘zidan savol tug‘iladi: nima uchun ikki о‘lchovli? Kriptografiya ikki о‘lchamli (gorizontal va vertikal) bо‘lib, katta hajmdagi ma’lumotlarni kodlash imkonini beradi.
Darslikda berilgan xalq hunarmandchiligi texnologiyasi, ishlab chiqarish va rо‘zg‘orshunoslik, elektronika asoslari, ijodiy loyiha tayyorlash texnologiyasi boblari bо‘yicha jami 19 ta amaliy mashg‘ulotga alohida QR-kod joylashtirilgan. Mazkur belgi amaliy mashg‘ulotlarga oid qо‘shimcha saralangan videoroliklardan foydalanish imkonini beradi.
“Texnologiya” fani о‘qituvchilari 8-sinf darsligidagi QR-kodni о‘rganib, darslarida foydalansalar, maqsadga muvofiq bо‘lar edi. Aytaylik, fan о‘qituvchilarida kompyuter savodxonligi yetishmasligi sababli bu koddan foydalana olmadi, bunday holatda nima qilish kerak? Balki metodistlardan yordam sо‘rash kerakdir. Yoki hududiy seminarlar tashkil qilib tushuntirish ishlarini olib borish lozimdir.
QR-koddan foydalanishning afzalliklari:
— darslikka elektron resurslarni bog‘lash imkoniyatini yaratadi;
— darslikning о‘qishliligini oshiradi, darslik sahifalarining ixchamlashishiga olib keladi va о‘quvchi qiziqishini orttiradi;
— ushbu turdagi kodlashning ommabopligi, birinchi navbatda, texnologiyalarning rivojlanishi, zamonaviy kompyuter texnologiyalari va telefonlarning keng tarqalgani. Bunda QR-kodni о‘qish uchun kompyuter texnologiyalari va mobil telefonga “QR Code Reader” dasturi о‘rnatilgan bо‘lishi kifoya;
— darslikni nafaqat boyitadi, shu bilan birga keyingi chop etilgunicha о‘tadigan 5 yil davomida bо‘ladigan о‘zgarishlarni davriy ravishda internet resurslari hisobiga tо‘ldirib borish imkoniyatini yaratadi;
— darslikka kiritilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga oid qо‘shimcha internet manbalaridan foydalanish imkonini beradi;
— о‘quvchilarni qо‘shimcha qiziqarli yangiliklardan matn, audio, video shaklida xabardor qilib borishni ta’minlaydi;
— darsliklarga ilova qilinadigan multimedialar uchun sarflanayotgan mablag‘larning iqtisod qilinishiga erishiladi.
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab о‘qituvchisi