Eng tarbiyali xalq ta’limi siri
Mashhur o‘zbek adibi Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”. Shuningdek, ta’lim va tarbiya deb atalmish so‘zlarning yonma-yon kelishiga ham o‘rganib qolganmiz. Bu bejiz emas. Chunki bu ikki tushuncha ijtimoiy hayotimizda har doim uyg‘undir.
Keling, mana shunday uyg‘unlikka hozirgi kunda o‘z ta’lim tizimi bilan dunyoni lol qoldirayotgan va dunyo mamlakatlari tomonidan “juda ham tarbiyali” xalq sifatida tan olinib kelinayotgan yaponlar qanday e’tibor qaratayotganlarini mamlakatimizda yuz berishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy o‘zgarishlar bilan bog‘lagan holda ko‘rib chiqamiz.
Yaponiyada qadimdan ta’lim va tarbiyani o‘zida jo etgan “Terakoya” maktablari mavjud edi. Edo davrida bunday xususiy maktablarda o‘qish va yozish o‘rgatilgan. Umumiy qilib aytganda, bunday maktablarda yaponlarning savodi chiqarilgan. 1868-yili ularning soni 16 000 dan oshib ketgandi. Ammo 1877-yilgi fuqarolar urushida samuraylar mag‘lubiyatga uchradi va bu ta’limga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Imperator ta’lim tizimiga ham aralasha boshladi. Hatto Yaponiya koloniyalarida ham asosan ta’lim orqali xalqning ongiga imperializm g‘oyalari singdirildi. Bir so‘z bilan aytganda, bu davrda Yaponiya siyosiy g‘oyalarni ta’limda aks ettirish orqali xalqning ongiga hamda tarbiyasiga ta’sir etadigan mamlakat edi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng vaziyat tubdan o‘zgardi. Yaponiya maktablarida umumiy “Suminuri” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitoblar o‘qitila boshlandi. Aslida, Suminuri kitoblari imperiya davrida chop etilgan bo‘lib, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ulardagi imperiyani ulug‘lovchi va urushni targ‘ib qiluvchi jumlalar o‘chirib tashlandi. Shunday qilib, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng atom bombalaridan larzaga kelgan Yaponiyada o‘sha kitoblar va ta’limdan boshqa hech narsa qolmagan edi.
Biroq urushdan keyingi Yaponiya ta’limga nisbatan o‘z qarashlarini o‘zgartirdi. U ta’limga aralashmaydigan va ta’limning mustaqilligi uchun ko‘maklashuvchi mamlakatga aylandi. Bunday mustaqil ta’lim XX asrning 70-yillarida misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sishga olib keldi. 1979-yili AQShlik mashhur jamiyatshunos olim Yezra Vogel “Japan as number one — lessons for Amerika” (Birinchi raqamli Yaponiya — Amerika uchun saboq) nomli kitobini chop etdi va unda kunchiqar mamlakatning bunday yuksak natijalarga erishishida xalqning bilim olishga ishtiyoqi va ta’limdagi an’analar sabab ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Yuksak natijalarga qaramay, Yaponiyada ham o‘ziga xos muammolar mavjud. Masalan, Osaka viloyatida vujudga kelgan Airin xarobazorlari va u yerda yashovchi kunlik yollanma ishchilarning ahvoli, Yaponiyaning eng mashhur va birinchi raqamli oliy ta’lim muassasasi — Tokio universitetining taxminan ellik foiz talabasining ota-onalari yillik daromadi 100 000 AQSh dollaridan oshuvchi boy qatlam ekani, hali-hanuzgacha oliy ta’lim muassasalariga kiruvchi talabalar orasida ayollardan ko‘ra erkaklarning ko‘pligi bu mamlakatda ham ko‘plab muammolar borligini ko‘rsatadi.
Shunga qaramasdan, Programme for International Student Assesment(Talabalarni xalqaro baholash dasturi)ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya dunyo miqyosida matematika yo‘nalishi bo‘yicha 5-, o‘qish yo‘nalishi bo‘yicha 8- va ilm-fan yo‘nalishida 2-o‘rinda ekani, megapolislarda turmush darajasi taraqqiy etayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Mana shunday yuksak natijalar ortida aynan an’anaviy o‘qitish va ta’limdagi mustaqillik turganini e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q.
Shuningdek, ushbu mamlakatda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining yaponlar uchun mo‘tabar so‘z hisoblanmish “sensey” deb chaqirilishi hamda mamlakatning eng yirik kupyurasi 10 000 iyenlik (taxminan 100 AQSh dollariga teng) ustida hech qanday hukmdor yoki hukumat boshlig‘i emas, ilm-fanga aloqador bo‘lgan Fukuzava Yukichining rasmi bosilgani ham mamlakatda ilm-fan va ta’lim sohasiga yuksak hurmatni namoyon etadi.
O‘zbek jadidlari orzu qilgan haqiqiy tarbiya va ta’lim maskanini bugungi Yaponiyadan topish mumkin. Keling, mana shu maktablarning tarbiyaga oid bir necha jihati haqida misollar keltiramiz. Masalan, Yaponiya maktablarida farroshlar mavjud emas va muassasalarni har kuni o‘quvchilar o‘zlari hamjihatlikda tozalaydi. Bu bolalarda birdamlik hamda o‘zi yashab turgan jamiyatni ozoda asrash kabi tushunchalarni tarbiyalaydi. Shuningdek, o‘quvchilar davlat tomonidan keltirilgan taomlarni navbatchilik asosida sheriklariga taqsimlaydi va quyi sinf o‘quvchilariga ham bu borada yordam beradi. Bu jamiyatda shaxslar bir-biriga xizmat qilishi lozimligi va to‘g‘ri ovqatlanish borasidagi tarbiyadir. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, 2018-yili Rossiyada o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida butun dunyo ahli yaponlarning tozalik bo‘yicha tarbiyasiga tan bergan edi. Buning ortida yapon millatining o‘zgachaligi emas, balki bu mamlakatda ta’lim va tarbiyaning maktablarda qo‘shib olib borilishi turganini hamma ham anglab yetmagan edi. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin. Ammo bu bilan ish bitmaydi. Biz nima qilishimiz kerak?!
Odatda tarbiya olinadigan uch maskan mavjud deyishadi. Bular mahalla, oila va maktabdir. Bugungi kundagi iqtisodiy o‘sish, biz xohlaymizmi-yo‘qmi mahalla va oilaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Masalan, iqtisodiy o‘sish natijasida ko‘plab yoshlar ota-onalaridan alohida yashashi borgan sari mamlakatimizda ham ko‘p kuzatilmoqda. Ya’ni ota-ona va farzandlardangina iborat, bobo va buvilardan yiroqda bo‘lgan “atom oilalar” tashkil topmoqda. Shuningdek, iqtisodiy o‘sish ota-onalarning ko‘proq ish joylarida bo‘lishini talab qilayotganini ham inkor eta olmaymiz. Bunday iqtisodiy o‘sish natijasida yaqin orada ota-onalar asosan ish bilan band bo‘lib, farzandlari tarbiyasi uchun kamroq vaqt ajratishda davom etadi. Bu holat deyarli barcha rivojlangan davlatlar boshidan o‘tgan. Shuningdek, hozir urbanizatsiyalashgan va asta-sekin megapolisga aylanib borayotgan Toshkent kabi shaharlarda ham borgan sari odamlar atrofdagilarga e’tiborsiz, o‘z tashvishiga o‘ralashib hayot kechirayotgani ham bugungi kunning rad etib bo‘lmas aksiomasidir. Bu kabi dalillar yaqin orada tarbiya maskani bo‘lgan oila va mahallaning tarbiyadagi nufuzi tushishiga olib kelishi mumkin. Demak, xalqning tarbiyasi borasida qayg‘uradigan bo‘lsak, maktablarda bolalarning ta’limi bilan birga tarbiyasiga ham katta e’tibor qaratish zarurligi ko‘rinadi.
Albatta, O‘zbekistondagi holat aynan Yaponiyaniki bilan bir xil deb aytishdan yiroqmiz. Ammo bu ikki davlatda ham madaniyat jihatidan yaqin insonlar yashashini va O‘zbekiston ham iqtisodiy o‘sish davriga ildam odimlar bilan kirib borayotganini inobatga olsak, yuqoridagi kabi holatlar ro‘y berishi mumkinligini anglab yetamiz. Mana shunday paytda Yaponiya kabi davlatlarning nafaqat ilg‘or, balki achchiq tajribasidan ham xulosa chiqarib, maktablarda ta’lim bilan birga tarbiya ham berilishiga yanada ko‘proq e’tibor qaratilsa hamda nufuzli universitetlarimizda kam ta’minlangan oilalar farzandlarining ham o‘qishi uchun sharoit yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Rikiya KUBOYAMA, Yaponiyaning Oita milliy texnologiya kolleji professori
Ahadjon HAKIMOV, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi