Metodistdan pedagoglar rozimi?
Qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, o‘zimizdan tajribaliroq, ko‘pni ko‘rgan hamkasblarimizning ko‘magi, yo‘l-yo‘riqlariga ehtiyoj sezamiz. Ta’limda ham shunday lavozim egalari borki, muallimlarga doim ko‘mak berib, muammo va kamchiliklarini tuzatishda yordamlashadi. Ular metodistlardir. Haqiqatan ham, metodistlar o‘qituvchilarning eng yaqin yo‘ldoshi, og‘irini yengil qiladigan, zarur paytda metodik yordam beradigan mutaxassislardir. Ulardan o‘z yo‘nalishining bilimdoni, tashabbuskor, fidoyi, ilg‘or g‘oyalarga ega, bugungi davr ta’lim talablariga javob bera oladigan lavozim egalari bo‘lish talab etiladi. Ammo ayrim metodistlar asl vazifasi nimaligini unutgan, o‘zini mansabdor chog‘lab, o‘qituvchilarni qiyin ahvolga solmoqda. Mavzuni “Ma’rifat mushtariylari” jamoasining ilg‘or pedagoglari davom ettiradi.
Metodistlar ta’limda uzviylikni ta’minlaydi
Gulnora HUSENOVA, G‘ijduvon tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi:
― Metodist o‘qituvchilar undan ko‘mak so‘rasa, yordamini ayamasligi, fan oyliklari hamda turli tanlov va tadbirlarda adolatli ish tutishi, o‘zining aqlli qarorlari, o‘rinli xulosalari bilan o‘qituvchilarning ishonchini qozonishi kerak. Buning natijasida tadbirlarda ishtirok etgan o‘quvchilarning ruhi sinmaydi, fanga qiziqishi susaymaydi. Ular o‘z ishiga mas’uliyat bilan yoshdashishi shart! Shundagina har bir fanni o‘qitishda, rivojlanish bo‘ladi. Bizda metodistlar qattiqqo‘l, talabchan, o‘z ishining jonkuyari va fidoyi ustozlardir.
Barchinoy KARIMOVA, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” ko‘rik-tanlovi g‘olibi:
— Sidqidildan mehnat qiladigan metodistlar ko‘p. O‘qituvchi sifatida ish faoliyatimni boshlaganimga atigi 4 yil bo‘ldi. Lekin shu qisqa muddatda katta yutuqlarga erishdim, deya olaman. Yutuqlarim zamirida fan yo‘nalishi bo‘yicha metodistlarimizning mashaqqatli mehnati yotganini aytib o‘tishim lozim. Buxoro viloyati XTBning ona tili fani bo‘yicha metodisti Aziza Rustamova o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, soham bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatadi. Kamchiliklarimni o‘rinli tanqid qilib, kerakli maslahatlar beradi. Shu bilan birga, Buxoro shahar XTBning ona tili metodisti Rohat Musayevna ham o‘qituvchilardan yordamini ayamaydi. Bunday mehnatkash insonlar ta’lim tizimi uchun juda kerak, deb o‘ylayman.
Shohida SHODIYEVA, Zarafshon shahar XTBning filologiya fanlari metodisti:
— Endi metodistlar “mentor” deb atalar ekan. Nomini o‘zgartirgan bilan ish bitarmikan, uning o‘rniga bu lavozim mazmuniga e’tibor berish kerak. Mentorlarning oliy toifali o‘qituvchilardan tayinlanishiga qarshiman. Chunki o‘qituvchilik metodistlik emas. Metodistning ishi qiyin. Oliy toifali o‘qituvchi mentor lavozimida 2-3 yil ishlaganidan so‘ng fandan uzoqlashadi, hujjat ishlariga ko‘milib qoladi. Yana oldingi holat takrorlanadi. Undan ko‘ra, hozirgi metodistlar uchun o‘qituvchilar kabi toifa ishlab chiqilsa, yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘larmidi! Bugungi kun metodistlarini bo‘lim rahbarlarining yugurdagiga o‘xshataman. Ishni ham bajaradi, gapni ham eshitadi. Ularga XTBlarda eng qora ishchi sifatida qaraladi. Na rag‘bat, na biror imtiyoz bor.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
― 2011-yili 4 oy metodist bo‘lib ishlaganman. O‘sha paytlarda bu lavozim egasi o‘ziga biriktirilgan maktablarning dalaga chiqishi, qog‘oz, temir topshirish rejasi, aholining uylariga borib qarzdorligini aniqlash va boshqa holatlarga javob berar edi. Otam tengi direktorlar bilan bu masalalarda bahslashishga istihola qilib, maktabga qaytganman. Hozir talab boshqacha. Metodist o‘z nomini oqlashi, reja asosida maktablarga borib dars o‘tib berishi, qiyin mavzularga mos yangi pedagogik texnologiyalarni amalda qo‘llab ko‘rsata olishi, har tomonlama o‘qituvchilarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Shunda metodistlarga hurmat oshadi. Umuman olganda, bizga o‘zidan “komissiya” yasab olgan, faqat topshiriq beradigan XTB xodimi emas, tom ma’nodagi o‘z kasbining ustasi, fanining bilimdoni bo‘lgan, tanlovlarda qaysidir o‘qituvchidan test yoki savollarning javobini kutmaydigan, ko‘ngli va ko‘zi to‘q metodistlar kerak.
Zevarshoh HAMROYEVA, G‘ijduvon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Metodistmi, mentormi, avvalo, yo‘lboshchi bo‘lsin. Har sohada bilimi, tajribasi, faolligi bilan ajralib tursin. Boshqa shahardan ko‘chib kelib ish so‘rab borganni metodist bo‘lib ishlang, deb tuman XTBda olib qolishardi. Endi bunaqa zamonlar o‘tdi. O‘qituvchi har kuni o‘qiyapti, izlanyapti. Metodist ulardan bir qadam oldinda yurishi kerak. Maktablarga tekshiruvchi sifatida emas, o‘qituvchiga do‘st sifatida borishi lozim.
Nega bu vazifadan qochishadi?
Nodira SAFAROVA, Uzun tuman XTBning xorijiy tillar metodisti:
— Chunki metodistning maoshiga bilimli, tajribali o‘qituvchi kamdan kam hollarda rozi bo‘lib ishlaydi. Malakali o‘qituvchilar maktabda oylik va ustama olib ishlashni ma’qul ko‘radi. Natijada qiynalib yurgan o‘qituvchilar metodist bo‘lib qoladi. Hatto fanidan olgan toifasi uchun ham metodistlarga haq to‘lanmaydi. Ularga ham alohida e’tibor qaratilib, rag‘batlantirilsa, muammolar, salbiy qarashlar kamayardi. Ana shunda tanlov asosida metodistlikka qabulni yo‘lga qo‘yish mumkin. Men oliy toifali o‘qituvchiman. Bilimsizligimdan metodist bo‘lmaganman. Maktabda darsim ham bor. 2015-yili “Do‘stlik” ordeni olganman. Astoydil taklif qilishgani uchun metodistlikka o‘tdim. Vaholanki, oliy toifam bilan maktabda bir stavka dars o‘tsam, hozirgi maoshimdan ikki barobar ko‘p oylik olishim mumkin.
Nurxon BEKNIYOZOV, Davlat test markazining Navoiy viloyat bo‘limi boshlig‘i:
― Metodistlar shu ahvolga tushib qolishining asosiy sababi — maoshining ozligi. Maoshi kam bo‘lgan joyga qaysi aqlli va tajribali o‘qituvchi ishga keladi?! Metodistlikka tanlov asosida, kamida 5 yillik pedagogik ish stajiga ega, malakali va tajribali o‘qituvchilarni olish kerak, aslida. Ammo tanlovning o‘zi yo‘q. Chunki maoshi oz. Metodistning maoshi oliy toifali o‘qituvchining oylik maoshidan yuqori qilib qo‘yilsa, ana unda ko‘rasiz tanlovni. O‘shanda haqiqiy metodistlar paydo bo‘ladi. Mentor va yana qanaqadir jimjimador atamalar kiritishga hojat qolmaydi. Bugungi kunda ham o‘z obro‘si uchun fidoyilik bilan mehnat qiladigan ustoz metodistlar yo‘q emas. Ammo ular juda oz. Metodist o‘qituvchining eng yaqin do‘sti va hamkori bo‘lishi kerak.
Zulfiya BOLTABOYEVA, Bekobod tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi:
— Tumanimizda ona tili va adabiyot fanidan metodist yo‘q. O‘tgan o‘quv yilida yangi kelgan metodistimiz 5 oygina zo‘rg‘a ishladi. Keyin maktabga ishga o‘tib ketdi. 2019-yil yanvardan beri metodist yo‘q. Lekin shu 5 oyni aytmasa, bugungacha bori ham bizga metodik yordam bermagan. Metodistlarning hammasi ham yaxshi ishlamaydi degan qarashdan yiroqman. Balki bunga sabab maosh kamligidir.
Feruza SODIQOVA, Sardoba tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
― Bizning tumanda barcha filologiya yo‘nalishlari uchun bir kishi metodist etib
tayinlangan. Holbuki, rus, ona tili va xorijiy til o‘qituvchilariga bitta mutaxassis bosh-qosh bo‘lishi uchun katta mas’uliyat, ham yuklama bo‘lishi tabiiy. Shunga qaramasdan metodistimiz tinmay yangiliklarni yetkazishga, ilg‘or o‘qituvchilarning ishlarini ommalashtirishga intiladi. Barcha maktablarga tanishtirib, ularga motivatsiya berishga baholi qudrat harakat qiladi. Metodistlar faoliyatini ko‘pdan ko‘p seminarlar, xizmat safarlari tashkil etadi. Bu moddiy tomondan ularga ancha qiyinchilik tug‘dirishi aniq. Shu jihatdan olganda, ularga ham ma’naviy, ham moddiy yordam berish lozim, deb o‘ylayman.
“Har bir fan uchun alohida bo‘lsin!”
Mohidil XUSHVAQTOVA, Izboskan tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:
― Biz — ingliz tili o‘qituvchilari metodist masalasida doim qiynalganmiz. Chunki ingliz, nemis, fransuz tili fan o‘qituvchilariga bitta metodist tayinlangan. 2015-yili ingliz tili fani o‘qituvchisi Nodirbek Ismoilov metodist bo‘lganda metodik yordam olganimizni eslayman. Chet tili o‘qituvchilariga faqat o‘z fani mutaxassisi bo‘lgan metodistgina yordam berishi mumkin. Biror masalada metodik yordam kerak bo‘lsa, o‘zimizdan yosh va tajriba jihatdan katta ustozlardan yordam so‘raymiz. Aslida, tumanimizda nemis, fransuz tili o‘qituvchilaridan ko‘ra ingliz tili muallimlari ko‘proq. Taklifim: har bir fan bo‘yicha alohida metodist tayinlansa, yaxshi bo‘lardi. Metodist ham xijolat bo‘lmasdan o‘z ishini samarali bajarardi.
Nasiba TOJIYEVA, Zarafshon shahar XTBning filologiya fanlari metodisti:
― Ona tili, o‘zbek tili va qozoq tili fanlari bo‘yicha metodistman. Har hafta ikkita maktabga borib, o‘qituvchilarga metodik yordam uchun ona tili va o‘zbek tili fanlaridan ochiq dars o‘taman. Ammo qozoq tili o‘qituvchilariga hech qanday metodik yordam ko‘rsata olmayman. Keyin ular metodistimiz yordam bermaydi, deb gapiradi-da. Ba’zida xijolat bo‘laman. Har bir fanning o‘z egasi metodist bo‘lgani yaxshi.
Olim TOSHBEKOV, Payariq tumani XTB metodisti:
― 17 yildan buyon aniq fanlar metodisti bo‘lib ishlayman. Metodist ― XTBning eng ixcham ishchisi, topshiriqlarni bajaruvchi shaxs. Avvalo, metodist tuzilmasini yaxshilab ko‘rish kerak. Sababi bitta metodistga kamida uchta fan biriktirilgan. U o‘z fanining ustasi bo‘lishi mumkin, lekin qolgan fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarga qanday uslubiy yordam ko‘rsata oladi? Bu — muammoli masala. Masalaning bizga bog‘liq bo‘lmagan jihatlari ham bor.
Dilafro‘z HOSHIMOVA, Piskent tumanidagi 7-maktab o‘qituivchisi:
― Haqiqatan ham, bu masala muammoli. Ayniqsa, ona tili, rus tili, qozoq tili fanlari uchun bir nafar metodist biriktirilishi yoki kimyo, biologiya, geografiya kabi murakkab fanlar bo‘yicha ham bitta metodist tayinlanishi to‘g‘ri emas. Bunday holatlarda natija qanday bo‘lishi barchaga ma’lum. Aslida, har bir fan bo‘yicha alohida metodist bo‘lib, unga savodli kotiba tayinlanishi kerak. Metodistlar maktabdan, darsdan uzilmasin. Faqat tegishli joyga borib, metodik maslahatlar bersin, tavsiyalar ishlab chiqsin. Qo‘l ostidagi fan o‘qituvchilari haqidagi ma’lumotlar, turli hisobotlarni qabul qilish metodistga biriktirilgan kotibaning vazifasi bo‘lishi
kerak. Shunda metodistning ishi yengillashadi. Kimdadir metodika kuchli, kimdadir ilmiylik, boshqa bir ustozda o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini o‘stirish bo‘yicha tajriba yetarli. Bu kabi o‘qituvchilarning faoliyatini yo‘naltirish metodistning ishi bo‘lishi kerak. Ona tili metodisti o‘qituvchilarning bilim darajasini yaxshi bilishi lozim. Testlar bilan ishlash, ijodiy ishlarni yozdirishda o‘ziga xos tajribasi bo‘lgan shunday o‘qituvchilarni kashf qilib, ularni jalb qilgan holda seminarlar tashkil etsin. Shunda hamma o‘ziga kerakli metodik yordamni oladi.
U nazoratchi emas!
Asrorbek BOTIROV, Denov tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi:
― Metodistlar haqida gap ketganda hammamizning ko‘z oldimizga o‘qituvchilar ustidan nazorat qiluvchi shaxs keladi. Birinchi galda metodistlarni ushbu “maqom”dan mahrum etib, haqiqiy ma’noda o‘qituvchiga ko‘mak beruvchi shaxs darajasiga yetkazish kerak. Metodist tomonidan o‘qituvchilardan qabul qilinadigan bir dunyo keraksiz va foydasiz hisobotlarni bekor qilish lozim. Bizning boshqaruv tizimimizdagi asosiy kamchiligimiz shuki, har bir bo‘g‘indagi rahbar va xodimlar o‘zidan yuqoridagi rahbar uchun ishlaydi (uning qahriga uchramaslik birinchi darajada). Natija esa keyingi o‘ringa tushib ketgan. Shu jihatga barham berilsa, metodistlar ishida ham haqiqiy o‘zgarishlar boshlanadi.
Nigora JO‘RAYEVA:
― Afsuski, hozirgi metodistlarda mas’uliyat hissi kamayib ketayotgandek. Ularning borligini turli tanlov, olimpiada va bilimlar bellashuvlarida bilyapmiz.
Nigora URISHEVA:
― Bizda hatto iboraga aylanib ulgurgan: “Eplab dars o‘tolmasang, oylik ozlik qilayotgan bo‘lsa, metodist bo‘l”. Sir emas, lekin men metodistlar faoliyati kimnidir qoniqtirganini ko‘rmadim. Hatto o‘zimizning metodistimizga ham achinaman. Ularni o‘zgartirish qiyin.
Feruzaxon PARPIYEVA, Farg‘ona tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi:
― 21 yillik pedagogik faoliyatimning ilk 3 yili Quvasoy shahrida o‘tgan. Bu davrda fan metodistimiz Mastura opa 7-sinflardan diktant va test olganida bilim samaradorligi 85 foizdan oshgan edi. 2002-yildan buyon Farg‘ona tumanida ishlayman. Shu yillar davomida fan metodistlari faqat mudir va mudir o‘rinbosarlarining chizgan chizig‘idan chiqmasligi, mustaqil tashabbus ko‘rsata olmasligiga guvoh bo‘ldim. Faqat bu yil oktabr oyida maktabimiz milliy reyting uchun nazorat olinadigan maktablar ro‘yxatida ko‘ringach, metodistimiz shaxsan o‘zi 9-sinfdan diktant olib, tekshirib, biz bilan birga maktab natijasi uchun qayg‘urib, do‘stona munosabatda bo‘ldi.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.