Fransiyada ta’lim sifati nazorati: tajriba va tahlil
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil qilinganiga endigina 2 yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida inspeksiyaga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va uni yurtimiz ta’lim sifatini baholash ishlariga joriy etish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Fransiyaga xizmat safari bilan borganimizda aynan shu maqsadda Fransiya Ta’lim, sport va tadqiqotlar yo‘nalishi bo‘yicha bosh inspeksiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda ushbu tashkilot faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida tashkilotning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, bosh inspektor Shantal Manes Bonisso xonim bilan muzokara olib bordik.
Fransiyada ta’lim sifati Ta’lim, sport va tadqiqotlar bo‘yicha bosh inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi. Ushbu inspeksiya 4 ta vazirlik — Fransiya Respublikasi Xalq ta’limi va yoshlar vazirligi, Oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sport vazirligi uchun faoliyat ko‘rsatadi.
U 1802-yili Napoleon Bonapart davrida ta’lim inspeksiyasi sifatida tashkil etilgan. Keyin yillar davomida ta’lim, sport, kutubxona, yoshlar, ilm-fan uchun ba’zan alohida, ba’zan birga faoliyat yuritib kelgan. Bugungi kundagi bosh inspeksiya 2019-yil 1-oktabrdan hukumat qarori bilan yangidan tashkil etildi. Unda respublika miqyosida 290 nafar inspektor faoliyat ko‘rsatadi. Inspeksiya tuzilmasiga ko‘ra 5 ta katta boshqarmadan iborat: fanlar va pedagogika bo‘yicha ekspertiza boshqarmasi; tashkilotlar, hududlar ta’lim siyosatini muvofiqlashtirish boshqarmasi; yoshlar, sport va ijtimoiy ahvol boshqarmasi; oliy ta’lim, fan, tadqiqot va innovatsiyalar boshqarmasi; kutubxona, ta’lim hujjatlari, kitob va ommaviy o‘qishni muvofiqlashtirish boshqarmasi.
Bosh inspeksiya asosan to‘rt vazifani bajaradi:
Qo‘llab-quvvatlash — ta’lim, fan, sport, madaniyat boshqaruv idoralarini, oliy ta’lim rektoratlarini;
Ekspertiza qilish — vazirliklar, idoralar, shartnomalar, rahbarlar faoliyati, xizmatlar, tuzilmalar;
Baholash — tashkilotlar, muassasalar, tuzilmalar, ijtimoiy-siyosiy ahvol, kadrlar;
Nazorat qilish — tashkilotlar, muassasalar, xizmatlar, tuzilmalar va kadrlar.
Bosh inspeksiyadagi mavjud tajribaning boyligi bolalar bog‘chasidan doktoranturaga qadar davlat siyosatini muvofiqlashtirish imkonini beradi. Bu esa ta’lim, fan va yoshlarni rivojlantirishga, o‘quvchilarni sport, jamiyat hayoti va jamoat o‘qishiga jalb qilishga ta’sir etadi, ijtimoiy aloqalar va hududlar muvozanatiga hissa qo‘shadigan siyosatni olib borishga xizmat qiladi.
Bosh inspeksiya islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi, mamlakatni rivojlantirishga yordam beradi, yoshlar tarbiyasiga hissa qo‘shadi. Inspeksiya tadqiqotlar, universitetlar, vazirliklar bilan aloqa o‘rnatishda muhim rol o‘ynaydi va xorijiy inspektorlar bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, Fransiya bosh inspeksiyasi o‘z navbatida Yevropada ta’lim milliy va mintaqaviy inspektorlari uyushmasiga a’zo hisoblanadi. Ushbu uyushma 1995-yili tashkil etilgan bo‘lib, unga 37 davlat a’zo. Inspeksiya uyushma bilan ta’lim sohasidagi xalqaro anjumanlar, davra suhbatlari o‘tkazish, dolzarb muammolarni birgalikda muhokama etish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
O‘quvchi, talabalar bilimi va o‘zlashtirishini o‘rganish, asosan, o‘qituvchilarning faoliyatini nazoratga olish amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini oydinlashtirishga, ijrosiga baho berishga va zarur hollarda kuzatuv asosida zarur tuzatishlarni taklif qilishga imkon beradi.
Bosh inspeksiya yuqoridagi missiya va ustav funksiyalaridan tashqari, xalq ta’limi, oliy ta’lim, tadqiqot, yoshlar va sport sohalarida tekshirish, nazorat qilish, audit, baholash, ekspertiza, qo‘llab-quvvatlash va maslahat berish vazifalarini bajaradi. Shuningdek, kitob o‘qish, hujjatlashtirish va kutubxonalar sohasida ham izchil faoliyat olib boradi.
Ushbu vazifalar xalq ta’limi, oliy ta’lim, tadqiqot va innovatsiyalar, yoshlar va sport uchun mas’ul vazirliklarning iltimosiga binoan yoki Bosh inspektorning faoliyati dasturiga muvofiq amalga oshiriladi. Ish dasturining bir qismi va jamoaviy o‘qish, hujjatlashtirish va kutubxonalar bilan bog‘liq vazifalar madaniyat uchun mas’ul vazirlik talabiga binoan hal qilinadi.
Bosh inspeksiyadan tahlillarni Bosh vazir ham so‘rab olishi mumkin. Boshqa vazirliklar, davlat idoralari, mahalliy hokimiyat organlari yoki ularning birlashmalari, jamg‘arma va uyushmalar, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar yoki Yevropa Ittifoqi talabiga binoan ham inspeksiya tomonidan olib borilgan tadqiqot va tahliliy ma’lumotlardan foydalaniladi.
Bosh inspeksiya o‘quv yili uchun o‘zining ish rejasini ishlab chiqadi. Uni tegishli vazirliklarga taqdim etadi va kelishadi. Shundan so‘ng u rasmiy hujjat sifatida saytda e’lon qilinadi. Bajarilgan ishlar, olib borilgan o‘rganish, tadqiqot, monitoring natijalari inspeksiya saytida e’lon qilib boriladi.
Fransiyada hududiy bo‘linishiga ko‘ra ta’lim bo‘yicha 35 ta akademiya mavjud. Shulardan o‘n to‘qqizinchisi Parij akademiyasi. Unga Parij shahridagi uzluksiz ta’lim tizimiga daxldor barcha ta’lim muassasalari, maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta, oliy, maktabdan tashqari, ilmiy tadqiqot muassasalari kiradi. Akademiya tarkibida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha inspeksiyalar mavjud.
Fransiyada umumiy o‘rta ta’lim uchun 1500, boshlang‘ich ta’lim va kasbiy ta’lim uchun 4000 nafarga yaqin inspektorlar faoliyat ko‘rsatadi.
Parij akademiyasining umumiy o‘rta ta’lim inspeksiyasidagi 60 nafar inspektor fanlarning o‘qitilishini nazorat qiladi. Ularning asosiy vazifasi — fanlar va sinflar kesimida sinov materiallarini shakllantirish, ekspertizadan o‘tkazish, ushbu materiallar asosida belgilangan maktablarda o‘quvchilar bilimini tekshirib borish. Shuningdek, o‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish, darslarga kirish va tahlil etish, o‘qituvchiga maslahat berish, darsni va o‘qituvchini baholash, past ko‘rsatkichli pedagoglarni malaka oshirishga tavsiya qilish, toifa uchun munosabat bildirish kabi vazifalarni bajaradi. Shu asosda o‘qituvchining kasbiy rivojlanishini kuzatib boradi. Inspektorlar yakuniy imtihonlarda qatnashadi, o‘qituvchilar malakasini oshirish yo‘nalishida ham hamkorlikda ishlaydi.
Parij akademiyasi tasarrufida 349 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, ularda 160780 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Inspeksiya pedagog kadrlar attestatsiyasi, tanlovi bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan birga shug‘ullanadi. Pedagogika sohasida oliy ta’lim muassasasini bitirib, master darajasiga erishgan har bir talabgor vakant joylar uchun ta’lim vazirliklari e’lon qilgan markazlashgan tanlovdan o‘tish orqali ishga qabul qilinadi. Ushbu tanlov va ish bilan ta’minlanish o‘qituvchi kasbi uchun kafolatlangan davlat xizmatchisi degan lavozimni beradi. Keyin uni hech kim xohlagan payti ishdan bo‘shata olmaydi. Lekin master darajasini olish va tanlovda ishtirok etish talablari ancha yuqori. Talabgor dars, bir necha bosqichli sinov va suhbatdan o‘tishi lozim. Yosh o‘qituvchi ishga kirganidan nafaqaga chiqquniga qadar bo‘lgan davrda 12 bosqichdan iborat toifalarni egallaydi va oylik maoshi ham shunga yarasha oshib boradi.
Ma’lumot uchun: Fransiya ta’lim tizimiga ko‘ra bola 6-7 yoshda tayyorlov sinfiga boradi. Keyin 4 yil boshlang‘ich sinfda o‘qiydi. Bu sinflar odatda alohida boshlang‘ich maktab sifatida faoliyat ko‘rsatadi hamda ularning inspeksiyasi ham alohida bo‘ladi.
Keyingi bosqich — umumiy o‘rta ta’lim Fransiyada kollej deb nomlanadi. U yerda ham bola 4 yil o‘qiydi va yakunda to‘liqsiz o‘rta maktab bitiruvchisi degan hujjat oladi.
Keyin 3 yil davomida turli yo‘nalishdagi (san’at, tabiiy, iqtisodiy, ijtimoy, kasbiy-texnik) litseylarda o‘qiydi. Yakunda bakalavr imtihonini topshirib, uning natijasiga ko‘ra OTMga qabul qilinadi. Bakalavr attestati bilan texnik yo‘nalishni bitirganlar texnika institutlariga, qolgan yo‘nalishdagi litseyni bitirganlar bakalavr attestati bilan universitetlarga qabul qilinadi.
Ushbu muassasalarda ta’lim sifatini nazorat qiluvchi alohida inspektorlar bor. Ular kollej va litsey bitirishgan imtihonlarida ham qatnashadi. Biroq imtihon savollari markazlashgan holda mamlakat Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlanadi va o‘tkaziladi. Inspektorlar jarayonda ishtirok etib, jarayon shaffofligini ta’minlaydi.
Uchrashuv davomida Shantal Manes Bonisso xonim bilan Fransiya Bosh inspeksiyasi va O‘zbekiston Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, tajriba almashish, konferensiya, seminarlarda ishtirok etish, SICI (School Inspectorates in Europe) Yevropada ta’lim milliy va mintaqaviy inspektorlari uyushmasi bilan aloqa o‘rnatish masalalarida kelishib olindi.
Natijada Fransiyada ta’lim sifatini nazorat qilish jarayoni bilan tanishildi, unga mas’ul bo‘lgan Ta’lim, tadqiqot, sport va madaniyat bosh inspeksiyasi, Parij akademiyasi inspeksiyasi bilan hamkorlik o‘rnatildi. Muzokaralar olib borildi, zarur ma’lumotlar olindi. O‘zbekiston va Fransiyada ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyalari faoliyati taqqoslandi, ikki tomonlama tajriba almashish, muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Abdurahim NOSIROV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i