Seminarlar xo‘jako‘rsinga bo‘lmasin!
Har bir dars o‘quvchi uchun bir sahna asari bo‘lishi lozim. Shundagina u o‘sha fanga qiziqadi va mavzuni o‘zlashtirishga qiynalmaydi. Buning uchun, birinchi navbatda, o‘qituvchi izlanuvchan va ijodkorligini namoyon eta bilishi muhim.
Men maktab direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlayman. O‘qituvchi va o‘quvchilarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan tarbiyalash asosiy vazifamga kiradi. Shuning uchun o‘z ustimda ishlab, maktabda ta’lim samaradorligini oshirish uchun ko‘plab tadbirlar o‘tkazishga harakat qilaman. Turli mavzularda o‘tkaziladigan seminarlar, birinchi navbatda, o‘qituvchiga yaxshi motivatsiya beradi. Uni kelgusi ishlarga ilhomlantiradi. Har bir seminarda o‘qituvchi ochiq darslar orqali o‘z mahoratini ko‘rsatishga harakat qiladi.
Yaqinda maktabimizda tuman miqyosida “Dars jarayonida yangi pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish usullari” mavzusida o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Uning dasturini tuzishdan avval barcha o‘qituvchilar bilan kengashib oldik. Muallimlar o‘ziga qanday vazifa yuklanayotganini tushunib yetdi. Ko‘pchilik bunday seminarlar xo‘jako‘rsinga o‘tkaziladi, o‘qituvchi seminar dasturida o‘tiladigan ochiq darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun ba’zida o‘quv rejasidagi mavzular o‘rniga ham ochiq dars kuni o‘tiladigan mavzuga tayyorgarlik ko‘radi, deb o‘ylaydi.
Seminarga kelgan pedagoglar xuddi shu fikrga bormasligi uchun direktor o‘rinbosari sifatida o‘qituvchilarga yil boshidanoq “Har bir darsim — ochiq dars” shiorini qo‘llashni tavsiya qildim. Ular endi maktabga shunchaki vaqt o‘tkazish, o‘quvchining qimmatli 45 daqiqasini havoga sovurish uchun kelmaydigan bo‘ldi. Bizning maktabga kim, qachon, qanday maqsadda kelsa ham o‘qituvchilarimiz dovdirab qolmaydi.
Masalan, rus tili fani o‘qituvchisi Farida Safaraliyevaning bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlashda o‘z usuli bor. Ayni kunda 10-11-sinf o‘quvchilari bilan darsdan so‘ng to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda. Ota-onalar bilan hamkorlikda ishlagani bois Farida Safaraliyevaning xonasi doimo ota-onalar bilan gavjum bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, seminarlarni o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘qituvchi ham ko‘p narsani o‘rganadi, ilmiy kitoblar o‘qiydi, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar bilan tanishadi.
Gulshan XALILOVA, Quvasoy shahridagi 20-maktab direktori o‘rinbosari