Yuqori sinf o‘quvchilariga fan tanlash imkoniyati beriladi
Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rta maktablarning 10-11-sinflarida uchinchi chorakdan boshlab fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitila boshlanadi. Tajriba sinov 2019-2020-o‘quv yili yakuniga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizim o‘quvchilarga maktabning o‘zida oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihoniga tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratib, repetitorga ehtiyojini kamaytiradi. Shuningdek, o‘quvchilarning vaqti tejaladi. Natijada ota-onalarning repetitorga sarflayotgan mablag‘i tejalib, kam ta’minlangan oila farzandlari uchun ham OTMga bepul tayyorgarlik ko‘rishga imkon yaratiladi.
Vazirlik tanlov sinfini tashkil etish uchun besh yo‘nalish:
1. Xorijiy til va filologiya yo‘nalishi, moliya;
2. Iqtisod yo‘nalishi;
3. Texnologiya yo‘nalishi;
4. Tabiiy fanlar yo‘nalishi;
5. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish kabilarni taklif etgan.
“Variativ o‘quv rejalarining joriy etilishi natijasida 10- va 11-sinflar o‘quvchilari o‘qiydigan majburiy fanlar soni 15 tadan 8 taga kamayadi. Mazkur o‘quv rejasini tajriba-sinovdan o‘tkazish jarayonida ona tili va adabiyoti, o‘zbek tili/rus tili, chet tili, tarix, matematika, informatika, ma’naviyat asoslari (tarbiya), jismoniy tarbiya fanlari majburiy o‘qitiladi. Mazkur majburiy fanlarga ajratilgan soatlarning miqdori tayanch o‘quv rejada belgilangan miqdordan (10-sinfda jami 19 soatdan, 11-sinfda 19,5 soatdan) kam bo‘lmasligi lozim”, deyiladi vazirlik xabarida.