Besh kunlik o‘qish o‘quvchini charchatmaydi
2018-2019-o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinflarda o‘quv haftasi davomiyligining 5 kunlik etib belgilanishi ta’lim sifatining yaxshilanishi, yoshlarimizning sog‘lom o‘sishida muhim omil bo‘ldi. Bu harakat zamirida hukumatimiz tomonidan yosh avlod kelajagiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani, katta g‘amxo‘rlik mujassamligi aks etadi.
Biz maktablarimizda hafta davomiyligining yangi ko‘rinishida ta’lim mazmunini oshirish maqsadida faoliyatimizni qanday tashkil etish xususida suhbatlar o‘tkazdik, bir qancha takliflarni o‘rtaga tashladik. Shu o‘rinda yaqin hamkasbimning aytgan gaplarini keltirib o‘tsam:
“Qo‘shnimizning olti yoshli farzandi ancha bilimdon edi. U 1-sinf o‘quvchilari bilan bir necha fanlar bo‘yicha bemalol bellasha olar, hatto ularni ortda qoldirardi. Ota-onasi farzandidagi bu zukkolik, bilimdonlikdan quvonib, uni 6 yoshidan maktabga berdi. Bola arifmetik amallarni, alifboni yaxshi o‘zlashtirdi. Ota-ona esa boladagi iste’doddan mamnun. O‘qituvchi ham uning fanlarni o‘zlashtirishiga jiddiy e’tibor bera boshladi. Ammo bilimdon o‘quvchi 2-3 oyga borib-bormay, xastalanib qoldi. Sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagach, o‘qish ham aro yo‘lda qola boshladi”.
Bolaning maktab yoshi bejiz 7 yosh etib belgilanmagan. Ta’lim-tarbiyaning uzluksizligi, deyilganda birinchi galda maktablarimizdagi sinflar o‘rtasidagi sezilarli farq haqida o‘ylayman. Masalan, 2-sinf o‘quvchisi 1-sinf bolasinikidan tubdan farq qiladi. Ta’lim ham, tarbiya ham albatta yoshga qarab. Yuqorida keltirilgan misolda anglab turibmizki, bola maktabda toliqib qolgan. Chunki u yosh jihatidan hali 1-sinfga oid ma’lumotlarni qabul qilishga tayyor emasdi. Buning ustiga u maktabga haftaning 6 kuni davomida qatnagan.
Endi farzandlarimiz haftada besh kun o‘qib, ikki kun dam olishyapti. Bu o‘quvchining bilimlar dunyosiga bemalol kirishi, biroz toliqqan payti dam olishiga imkon yaratdi.
Boshlang‘ich sinfda o‘qigan paytlarimni eslasam, o‘sha damlardagi o‘qituvchimizning dars o‘tish uslubi yodimga keladi. Ahamiyatlisi, ustozimiz ba’zan dars o‘rtalarida biz — o‘quvchilarga sinfxonaning o‘zida 5–10 daqiqa “tanaffus” berardi. Hammamiz boshimizni qo‘limiz ustiga qo‘ygan holda biroz tin olardik. Shu paytda rostakamiga uxlab qolganlar ham bo‘lardi. Ayrimlarimiz uxlamasak-da, qandaydir muddat dam olardik.
Haftada besh kunlik o‘qish o‘quvchi uchun har tomonlama qulaylik tug‘diradi. Eng asosiysi, endigina maktab partasiga o‘tirgan bola o‘qishdan bezib qolmaydi. O‘rtadagi ikki kunlik tanaffusdan keyin u bilimlarni o‘zlashtirishga yanada chanqoqlik bilan intiladi. Qolaversa, bu o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, muzey hamda istirohat bog‘lariga borishi, oiladagi ayrim yumushlarini bemalol bajarishi uchun ham bo‘sh vaqtni yuzaga keltiradi.
Ko‘baru UMAROVA, Samarqand shahridagi 59-maktab o‘qituvchisi