Bizga ko‘magingiz doimo kerak!
Onasining har bir so‘zini yodlab olib, qo‘g‘irchog‘iga aytib o‘ynab o‘tirgan qizchani ko‘rganmisiz? Buni qarangki, bolalar biz, kattalarning yaqqol aksimiz. Yaxshi gapirsak, yaxshi so‘zni o‘rganadi, egrilik qilsak, beixtiyor uni ham takrorlaydi. Bolaning 3-4 yoshida (ba’zan 4-5 yoshida) juda muhim davr boshlanadi. Shu davrda uning xatti-harakatiga jiddiy yondashish kerak. Sababi, bolalar hayoti davomida ishlatadigan so‘zlarning 70–80 foizini shu davrda o‘zlashtirib bo‘ladi. Buning uchun ularga ota-onalar yoki bobo-momolar sodda tilda ertak va hikoyalar aytib berishi lozim. Ertak eshitish davomida bola ularning ovozi, ko‘z, yuz mimikalari, qo‘l harakatlarini kuzatib, o‘zlashtira boshlaydi.
3-4 yoshlik davri bolaning so‘zga to‘ymaydigan payti hisoblanadi. Ko‘pdan ko‘p savollariga erinmay javob berish kattalardan sabr va e’tibor talab qiladi. Ammo ko‘pchilik bu davrda bolalarni “Ko‘p gapirma!”, “Kattalarning ishiga burningni suqma”, deb urishadi. Natijada bola telefon o‘yinlariga beriladi. Bu kattalar uchun ham go‘yoki eng qulay yechim. Endi bola o‘rganishi mumkin bo‘lgan ibratli hikoyalar, ertaklar, hayotiy ko‘nikmalarning o‘rnini telefondagi o‘yinlar to‘ldiradi.
Bola 6-7 yoshga yetganda bilim olishga oshiqadi. Tezroq yozishni va o‘zi mustaqil o‘qishni o‘rgangisi keladi. Bu davrda ham kattalarning yordamiga muhtoj bo‘ladi. Ammo ayrim ota-onalar ana shu muhtojlik o‘rnini to‘ldirishga yaramaydi. Ota-onaning bolani ko‘proq o‘qitishi, dars qilayotganida yonida turishi, bilmaganini o‘rgatishi uning darslarni tezroq o‘zlashtirishida asqotadi. O‘qituvchi 45 daqiqada sinfdagi o‘quvchilarning hammasi bilan alohida ishlaydi. Ba’zan darsdan so‘ng ham shug‘ullanadi. Lekin oilada — ota-ona davrasida 2 soat o‘tirib bola bilan shug‘ullanish eng yaxshi natijani berishi tayin.
Boshlang‘ich sinfda bola bitta o‘qituvchining nazoratida bo‘ladi. Uning xatti-harakatini nazorat qilish oson bo‘ladi. Ammo 6-7-sinflardan boshlab o‘yinqaroqlik davri boshlanadi. U endi ko‘proq do‘stlari davrasida bo‘lgisi, o‘ynab-kulgisi keladi. Agar nazorat susaytirilsa, o‘qishi yomonlasha boshlaydi. Afsuski, ana shunday muhim pallada ko‘plab ota-onalar bolani o‘z holiga tashlab qo‘yadi. U bilan shug‘ullanish endi shart emas, o‘zi mustaqil hamma ishni bajara oladi, uddalaydi, deb hisoblaydilar.
Aziz ota-onalar! Sizning e’tiboringiz, tarbiyangiz, mashg‘ulotlaringiz farzandingizning har qanday yoshida ham zarur. Faqat siz yondashuvni har bir davrda bolaning yoshiga qarab o‘zgartirib, yangilab turishingiz kerak. Agar vaqt ajratib u bilan suhbat qursangiz, bilmaganini o‘rgatib, muammolarini tinglab, har bir fikrini yoki xatolarini to‘g‘ri qabul qilib, to‘g‘ri yechim topib bera olsangiz, eng dono ota-onaga aylanasiz. Ana shunda o‘ziga ishongan, muvaffaqiyatlar sari dadil odimlay oladigan insonlarni tarbiya qila olamiz. Bilingki, biz o‘qituvchilar ham, farzandingiz ham doimo ko‘magingizga muhtojmiz.
Bashorat JABBORQULOVA, Kosonsoy tumanidagi 24-maktab o‘qituvchisi