Sherzod Shermatov: “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilari mamlakatimizda nafaqat bilimi, balki xorijiy tajribalarini ham qo‘llashi mumkin
Joriy yilning 3-4-yanvar kunlari Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov "Yangilanayotgan O‘zbekistonga — yangi avlod kadrlari" mavzusidagi "Umid" jamg‘armasi bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi "El-yurt umidi" jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini tahlil qilish va kelgusidagi rejalar ijrosi bo‘yicha ekspertlar fikrini o‘rganish hamda "Umid" jamg‘armasi bitiruvchilari o‘rtasida doimiy muloqot uchun platforma yaratish konferensiyaning asosiy maqsadlaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada 18 davlatdan kelgan 300 dan ortiq “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilari ishtirok etdi. Jumladan, konferensiya ishtirokchilari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlat vakillaridan tashkil topdi.
— “Umid” jamg‘armasi ko‘plab yurtdoshlarimizning jahon tajribasi asosida yuksak malakali kadr bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘ldi. Shaxsan o‘zimga ham dunyoning eng yaxshi universitetlaridan birida o‘qish imkoniyati berilgani uchun minnatdorman, — deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — Shunday holatlar bo‘ldiki, o‘sha yillar jamg‘arma bitiruvchilari o‘z mehnat faoliyatini chet davlatda yo‘lga qo‘yishni ma’qul ko‘rdi. Bugun esa ular nafaqat o‘z bilimini, balki xorijiy tajribalarini ham yurtimizda qo‘llashlari mumkin.
Anjuman davomida Sherzod Shermatov xalq ta’limi sohasida olib borilayotgan islohotlar va so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida gapirdi.
Shuningdek, vazir "Umid" jamg‘armasi bitiruvchilariga sohadagi islohotlarni rivojlantirish uchun Xalq ta’limi vazirligi jamoasiga qo‘shilish taklifini berdi.