Sherzod Shermatov: “2020-yilda 352 ta maktabning moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi”
Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod ShERMATOV tizimga oid yangiliklar xususida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga yangi yil tabrigida 2020-yilda ham farzandlarimizga munosib ta’lim va tarbiya berish, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Darhaqiqat, tizimdagi islohotlar joriy yilda ham izchil davom ettiriladi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quv ishlari sifatini oshirish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, 2020-yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablari 1-sinflariga 640 ming nafarga yaqin bolani qabul qilish uchun tegishli choralar ko‘riladi. 2020-2021-o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktablariga zamonaviy dizayn va o‘qituvchilar uchun qulayliklarga ega bo‘lgan 239 594 ta sinf jurnali va boshqa maktab hujjatlari yetkazish belgilangan.
2019-2020-o‘quv yili yakunida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 488 ming 879 nafar 9-sinf bitiruvchisiga umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma va 451 ming 690 nafar 11-sinf bitiruvchisiga umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat hamda iqtidorli bitiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida oltin va kumush medallar beriladi.
Xalq ta’limi sohasi menejeri – boshqaruvchi ko‘nikmalarini shakllantirish tayanch kurslarida uch ming nafar umumta’lim muassasalari direktori o‘qitiladi. 2020-yil Investitsiya dasturi doirasida 352 ta obyektda 1,58 trillion so‘m mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan ishlar natijasida 177 ming 874 nafar o‘quvchi o‘rinli maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash rejalashtirilgan.
Pedagogik amaliyoti va mahorati yetarli bo‘lgan, maktab hayoti bilan tanish, bolalar psixologiyasini o‘zlashtirgan, raqobatbardosh, ishga kirgan kunidanoq dars berishga qodir bo‘lgan pedagog kadrlarni tayyorlash dolzarbdir. Shu maqsadda Xalq ta’limi vazirligi huzurida xalqaro talablarga javob beradigan Xalqaro pedagogika universitetini tashkil etish ustida ish olib boriladi. Bu borada Buyuk Britaniya, AQSh va Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetlarning akkreditatsiyasini olish uchun ular bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlari va Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyati tanqidiy o‘rganilib, yangidan tashkil etish choralarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Sohada rahbar kadrlar va mutaxassislarni ishga olish tartibini to‘liq qayta ko‘rib chiqish va ularning faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalq ta’limi muassasalarida milliy ta’lim sifatini baholash tizimini joriy etish maqsadida Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sifatini baholash markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Pedagoglarning kasbiy kompetensiyalari darajasini aniqlovchi milliy standart va yagona baholash tizimini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar ish olib boradi.
2020-yilda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va o‘qituvchilarini testdan o‘tkazish va kasbiy litsenziyani berish tartibini joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun har chorakda onlayn olimpiadalar tashkil qilish, iqtidorli o‘quvchilarga elektron tarzda har oyda chuqurlashtirilgan test, yozma ishlar uchun masalalar yetkazib berish, olimpiadalar va ishtirokchilar bo‘yicha ma’lumotlarni elektron tarzda yuritishni ko‘zda tutuvchi axborot tizimi olympiad.uzedu.uz ishga tushiriladi. Ushbu tizim orqali iqtidorli o‘quvchilarga 5 ta fan bo‘yicha (matematika, ximiya, biologiya, fizika va informatika) o‘tkaziladigan onlayn olimpiadada ishtirok etib, o‘z kuchlarini sinab ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
O‘quvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda ularni keyingi ta’lim bosqichiga samarali tayyorlash maqsadida variativ o‘quv rejalar ishlab chiqish rejalashtirilgan. AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) granti hisobiga boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi (EGRA) va matematik savodxonligini (EGMA) baholash amalga oshiriladi.
Barcha ingliz tili o‘qituvchilarining til bilish darajasi baholanadi va ularning malakasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘riladi (English Speaking Naiton loyihasi); axborot texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha dasturlar hamda o‘quv qo‘llanmalari takomillashtiriladi (IT Nation loyihasi). Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlaridagi umumta’lim muassasalarida “Elektron kundalik” axborot tizimi joriy etiladi va bosqichma-bosqich qog‘oz ko‘rinishidagi sinf jurnallari hamda kundaliklardan voz kechish bo‘yicha normativ-huquqiy baza yaratiladi. Bu loyihani davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish rejlashtirilgan.
gis.uzedu.uz portali orqali barcha maktablar haqida to‘liq ma’lumot olish (maktabning kartada qayerda joylashganligi, o‘quvchilari soni, sig‘imi va h.k.) yo‘lga qo‘yiladi va mahalliy hokimliklarga hamda ota-onalarga qo‘shimcha qulaylik yaratiladi.
ish.uzedu.uz portali vositasida barcha maktablardagi ochiq ish o‘rinlarini e’lon qilish hamda ushbu lavozimlarga elektron ariza topshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Khan Academy O‘zbek loyihasi orqali esa matematika va dasturlash bo‘yicha onlayn darslarning o‘zbek tiliga tarjimasi amalga oshiriladi hamda maktablarda qo‘shimcha o‘rganish joriy etiladi. Online-maktab.uz loyihasi yordamida eng yaxshi o‘qituvchilarning darslari, dars ishlanmalari ommalashtiriladi hamda "Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi" tanlovlarini o‘tkazish uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.
"Kitob.uz" loyihasi yoshlarni mutolaaga kengroq jalb etish uchun imkoniyat yaratib, undagi elektron va audiokitoblar soni ham keskin oshadi. Maktablarni boshqarishni osonlashtirish hamda maktab o‘qituvchilarining ishdan ajralmagan holda malakasini oshirish uchun Jahon banki granti hisobiga barcha tumanlar to‘liq videokonferensiya tizimiga ulanib, tizimli ravishda treninglar tashkil etiladi.
stat.uzedu.uz portali orqali Investitsiya, "Obod qishloq", "Obod mahalla" va boshqa dasturlar bo‘yicha to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni olish uchun har bir viloyat va tuman bo‘limlari axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar bilan ta’minlanadi. “EduMarket” interaktiv virtual ta’lim platformasi ishga tushadi va bolalar uchun qulay, qiziqarli interaktiv usulda bilim olish va o‘rganish jarayoni qo‘laniladi. bam.uzedu.uz tizimi barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablari nazorati olib boriladi, ularga o‘quvchilarining qamrovi oshiriladi.
Joriy yilda Osiy taraqqiyot banki bilan Sergeli tumanida tajriba-sinov tariqasida maktablarni qurish, ta’mirlash, jihozlash hamda ekspluatatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklik ko‘rinishida amalga oshirish bo‘yicha loyiha hujjatlari kelishuvi rejalashtirilmoqda. Barcha maktablarda axborot texnologiyalarini hamda “STEAM – ta’lim” dasturini joriy etish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihaning dastabki texnik iqtisodiy asoslari tayyorlanib, xorijiy moliya institutlari mablag‘larini jalb etish choralari ko‘zda tutilyapti.
Umumta’lim maktablariga pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga qabul qilish orqali umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi oliy ma’lumotli o‘qituvchilar soni 90 foizdan oshiriladi. O‘qituvchilarni zamonaviy malaka talablari asosida sinov (test)dan o‘tkazish va kasbiy litsenziya berish tartibi bo‘yicha idoraviy hujjat ishlab chiqiladi.
200 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida «Barkamol avlod» bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklarini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘riladi. 10 nomdagi yangi robototexnika, mexatronika va injenerlik to‘garaklari tashkil etish ham rejalashtirilgan. Xususiy sektordagi mavjud tayyorlov kurslari uchun mutlaqo yangi eko-muhitni yaratish maqsadida Edu Park loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirishni ko‘zda tutganmiz.
Bularning barchasi yosh avlodga puxta bilim berish, o‘quv va tarbiyaviy ishlar sifatini davr talabiga hamohang yo‘lga qo‘yish imkonini berishi, shubhasiz.
O‘zA muxbiri N.USMONOVA yozib oldi.