“Zamonaviy maktab”lar qanday bo‘ladi?
Har qanday yurtning kelajagi yorug‘ligini uning maktablariga qarab bilish mumkin. Zero, bu maskanda mamlakatning istiqbolini hal qiluvchi yangi avlod kamolga yetadi. Maktablarimizda o‘quvchilarning har tomonlama chuqur bilim olishi uchun sharoit yetarlimi? Bilim berish darajasi qanday? Bu savollar davrimizning eng dolzarb masalasi. Yurtimizda maktablarning shart-sharoiti, moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida qator davlat dasturlari amalga oshirilyapti: bosqichma-bosqich yangi maktablar qurildi, mavjudlari rekonstruksiya qilindi, ta’mirlandi. 2019-yilning 26-noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Bu keng jamoatchilikda endi yurtimizda yangi davr maktablari paydo bo‘ladi, degan umid uyg‘otdi. Mazkur qaror mazmun-mohiyati xususida kengroq ma’lumot olish maqsadida xalq ta’limi vazirligining xalq ta’limi muassasalarini qurish, ta’mirlash va jihozlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Eldor Tojiboyev bilan suhbatlashdik.
— Avvalo, ushbu qarorning maqsadi, mazmun-mohiyati bilan kengroq tanishtirsangiz.
— Qabul qilingan hujjat mamlakatimizda yangi turdagi umumta’lim muassasalarini barpo etish va muqaddam qurilgan binolarni bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan. Qaror asosida kelasi uch yil davomida quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Uch yil davomida bu maqsadlarga deyarli 4,1 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
2020-yilning 1-martiga qadar xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.
Shuningdek, 2020-yilning 1-martiga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv-laboratoriya uskunalari, o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda videokuzatuv vositalari bilan ta’minlashning yangi me’yorlari ishlab chiqiladi.
— Qaror qabul qilinishi oldidan respublikadagi barcha maktablardagi holat o‘rganib chiqildimi? Ahvol va mavjud xulosalar qanday edi?
— Ushbu qarorni ishlab chiqishdan oldin respublikadagi barcha maktablarning moddiy-texnik ta’minoti, holati joylarga chiqib o‘rganildi. Natijada 3 ming(30 foiz)dan ortiq maktablar ta’mirtalabligi ma’lum bo‘ldi.
Ta’kidlaganimdek, qaror asosida 2020–2022-yillarda “Zamonaviy maktab” mezonlari asosida umumta’lim muassasalarini barpo etish dasturi va umumta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha dasturning asosiy parametrlari tasdiqlandi. Dastur doirasida 48 ta yangi maktab quriladi, 452 tasi rekonstruksiya qilinadi, 299 tasi mukammal ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi. 796 ta ta’lim dargohi 241 mln so‘m hisobiga yangi o‘quv mebellari bilan jihozlanadi. Shuningdek, ushbu dastur 2020–2022-yillardagi Investitsiya dasturlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilanganligi sababli qaror ilovalaridagi maktablar soni ko‘payishi kutilmoqda. Shunga ko‘ra, 2020–2022-yillar davomida dasturga kiritilgan maktablar soni mingdan ort-moqda. Xususan, 76 ta yangi maktab qurilib, buning natijasida 32449 ta yangi o‘quv o‘rni, 2400 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 535 ta maktab rekonstruksiya qilinib, ularda 212329 ta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi. Mazkur maktablarning qamrov koeffitsiyenti 1-navbatga tushadi. 411 ta maktab mukammal ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi. Shuningdek, mingdan ortiq maktablar 457,1 mln so‘m hisobiga yangi zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlanadi.
Jami 1022 maktab qamrab olinayotgan bo‘lsa, ularning 196 tasi shahar, 826 tasi qishloq va olis hududlarda joylashgan maktablardir. Bundan ko‘rinib turibdiki, qishloq joylardagi maktablar ko‘proq qamrab olingan bo‘lib, maqsad qishloq va shahar maktablari o‘rtasidagi tafovutning qisqarishiga erishishdir.
Bundan tashqari, qarorda yana bir muhim topshiriq belgilanmoqda. Unga ko‘ra, qaror manzilli ro‘yxatlarida ko‘zda tutilmagan, biroq moddiy-texnik bazasi nochor bo‘lgan maktablarni “Zamonaviy maktab” darajasiga keltirish uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kredit mablag‘larini jalb qilish topshirilgan. Bu nima degani? Yaqin uch yilda nafaqat respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan, balki xalqaro moliya institutlarining grant va kredit mablag‘larini jalb qilish orqali bundan ham ko‘proq maktablarda “Zamonaviy maktab” namunaviy loyihalari va jihozlash me’yorlari asosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
— Xalqaro va milliy mezonlarga javob beradigan zamonaviy maktab sizningcha qanday bo‘ladi?
— Zamonaviy maktab shart-sharoitlari va ta’lim sifati bo‘yicha minimal talablarga javob berishi kerak. Maktablarda yetarli o‘quv xonalari, texnika va jihozlar bo‘lishi lozim. O‘qituvchilar ham bilimli bo‘lishi, maktabda yaratilgan sharoitlardan to‘liq foydalangan holda bolalarga puxta bilim berishi kerak. Zamonaviy maktabda darsdan tashqari to‘garaklar tashkil etilishi va bola muvaffaqiyatlarga erishishi uchun kerakli bilimlar berilishi zarur.
Hozirgi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan umumta’lim muassasalari faoliyatini “Zamonaviy maktab” mezonlari asosida baholash shartlari va tartibi ishlab chiqilmoqda. Mazkur hujjatda zamonaviy maktablarga qo‘yiladigan talablar aniq qilib belgilanadi.
2021-yildan boshlab respublikadagi moddiy-texnik ta’minoti bilan bir qatorda ta’lim berish sifati yuqori darajada bo‘lgan, tasdiqlangan baholash mezonlariga javob beradigan umumta’lim muassasalariga “Zamonaviy maktab” maqomi (statusi) beriladi. “Zamonaviy maktab” muvofiqlik sertifikatini olgan maktablarning direktori, o‘qituvchi va o‘quvchilarini moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu o‘z navbatida barcha maktablar pedagogik jamoasini “Zamonaviy maktab” maqomini olish uchun bir jamoa bo‘lib harakat qilishga undaydi.
— 2004–2009-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi doirasida ham mamlakatimizda ko‘plab maktablar kapital ta’mirlanib, rekonstruksiya qilingan edi. Undan keyin Investitsiya, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari bo‘yicha ham yangi, zamonaviy maktablar qurildi. Bu dasturlar bo‘yicha respublikadagi maktablarni qamrab olish darajasi qanday bo‘lgan edi? Va bu dastur doirasida amalga oshirilgan ishlardan “Zamonaviy maktab” loyihasi doirasida qilinadigan ishlarning qanday farqi bor?
— Davlat dasturlari doirasida 2004–2019-yillar mobaynida 9454 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bu ishlarga o‘tgan 15 yil davomida jami 5,7 trln so‘m mablag‘ sarflangan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan davr mobaynida 4200 dan ortiq maktabda rekonstruksiya (qo‘shimcha bino qurish) ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ushbu maqsadda ajratilgan mablag‘lar faqatgina xomg‘isht, paxsa, yog‘och va loydan qurilgan maktablarga namunaviy loyiha asosida o‘quv binolari qurishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, maktablarda o‘quvchi soni oshib ketishi natijasida qo‘shimcha binolar qurilgan. Biroq, asosiy muammo shundaki, 2004–2019-yillar mobaynida ajratilgan mablag‘lar faqatgina o‘quv binosining sinfxonalari uchun sarflangan. Maktab faollar zali, kutubxona, oshxona, qiz va o‘g‘il bolalar uchun alohida o‘quv mehnat xonalari, o‘qituvchilar, psixolog xonalari va boshqa qo‘shimcha binolar deyarli qurilmagan.
Mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ham ko‘plab maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Biroq bu ishlar joylarda turlicha bajarilyapti. Ba’zilarida faqatgina qurilib, jihozlash ko‘zda tutilmasdan qolmoqda.
Shu munosabat bilan ushbu qarorning ahamiyatli joyi shundaki, 2020-yildan boshlab moliyalashtirish manbayidan qat’i nazar, respublikaning barcha hududida maktablarni qurish-ta’mirlashda ularni to‘liq zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash qat’iy belgilanmoqda. “Zamonaviy maktablar”ning xalqaro talablarga muvofiq ilg‘or arxitektura yechimlari va energiyatejamkor texnologiyalar asosida qurilib, jihozlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Shundan kelib chiqib, Xalq ta’limi vazirligida Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda 2020-yilning 1-martiga qadar xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
2020-yildan boshlab maktablar ushbu “Zamonaviy maktab” namunaviy loyihasi asosida quriladi va tasdiqlanadigan yangi jihozlash me’yorlariga muvofiq jihozlanadi.
Zilola MADATOVA suhbatlashdi.