Toifaga talabgor o‘qituvchilar test sinovlaridan qanday o‘tmoqda?
Umumta’lim maktablaridagi ikkinchi toifali o‘qituvchilar foiz ko‘rsatkichini 2020-yilda 32 foizga oshirish maqsadida barcha hududlarda test sinovlari boshlandi.
Bu Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ta’lim mazmuni samaradorligini oshirish va kadrlarning sifat tarkibini yaxshilash borasidagi amaliy ishlarning debochasidir.
Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, sinovlarning har tomonlama yaxshi o‘tishi, o‘qituvchilarga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun unda ishtirok etadigan jami 42 411 nafar o‘qituvchining qaysi guruhda qatnashishi, kuni va soati oldindan aniq belgilab qo‘yildi.
Test jarayonlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarning xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida bo‘lib o‘tmoqda. Har bir auditoriya oldindan tayyorlangan bo‘lib, ikkinchi toifaga da’vogar o‘qituvchilar internetga ulangan kompyuterlar jamlanmasi orqali test sinovlarini topshirmoqda.
Shaffoflikni ta'minlash maqsadida test onlayn platformada o‘tkazilyapti. Testga kirgan har bir o‘qituvchiga kuzatuvchilar tomonidan test tizimiga kirish uchun alohida kirish kodi beriladi. Test boshlangach, kompyuter avtomatik tarzda aniq fanlar uchun 1 soat 30 daqiqa, tabiiy fanlar uchun 1 soat vaqt belgilaydi, savollar soni 40 tani tashkil etadi va har bir to‘g‘ri javob uchun 2,5 ball beriladi.
– Natijaga ta’sir ko‘rsatmaslik uchun o‘qituvchiga test yakunlanganda o‘zining olgan bali ko‘rsatiladi, – deydi Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassisi Sanjar Mahmayev. – Agar o‘qituvchi testdan norozi bo‘lsa, natijalardan qoniqmasa, apellyatsiya berish imkoni mavjud. Bundan tashqari jarayonni kuzatib borish uchun malakali mutaxassislardan mas’ullar biriktirilgan. Jarayonda o‘qituvchilar uyali aloqa va boshqa yordamchi vositalardan foydalanmasligi uchun har bir auditoriyaga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Agar o‘qituvchi sinov paytida uyali aloqa vositasidan foydalansa yoki boshqa qoidaga zid harakatlarni amalga oshirsa, o‘ringa o‘rin kirganlik holati aniqlansa kuzatuvchilar tomonidan dalolatnoma tuzilib, testdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, attestatsiya sinovlari joriy yilning 10-yanvar kuniga qadar davom etadi.
Sh.Abdullayeva