Geografiya fani qanday o‘qitilishi kerak?
Geografiya faniga bo‘lgan e’tibor oxirgi o‘n yillikda nihoyatda susayib ketdi. Buni hatto eng ilg‘or maktablarimizda ham ko‘rgazmali qurollarning yetishmasligida ko‘rish mumkin. Elementar geografik xaritalar, globuslar, fanga oid qo‘shimcha adabiyotlar yetishmaydi, ko‘plab maktablarimizda mutlaqo yo‘q. Darsliklarning ahvoli ham havas qilarli darajada emas. Didaktik materiallar ozligi, darsliklarning qiziqarli ma’lumotlar bilan boyitilmagani hisobiga geografiyadek qiziqarli fan mashg‘uloti o‘quvchilarni zeriktiradigan darsga aylandi.
Kuzatuvlarim natijasida shunday xulosaga keldim. Maktablarimizda geografik xaritalardan faqat jahon hamda O‘zbekiston siyosiy xaritasi mavjud, xolos. Tabiiy va boshqa turdagi xaritalar ko‘zga tashlanmaydi. Markaziy Osiyo, Yevroosiyo, har bir materik uchun alohida tabiiy va siyosiy xaritalar, jahonning tabiiy xaritalarini hatto kitob do‘konlaridan ham topish amrimahol. Globuslar haqida-ku, umuman gapirmasayam bo‘ladi. Dunyoning tabiiy geografiyasi tasvirlangan globuslarning sobiq ittifoq davrida chiqqan nusxalari saqlab qolinmagan bo‘lsa, yangilariga ko‘zim tushgani yo‘q.
Geografik uskunalar esa yo‘q hisobi. Bunday jihozlar mavjud bo‘lsa ham respublikamizdagi barmoq bilan sanarli maktablarda uchraydi. U ham, menimcha, fidoyi geograf o‘qituvchilarimizning mablag‘i va tashabbusi bilan keltirilgan. Kutubxonalarimizda geografiyaga oid badiiy adabiyotlar ham juda oz. Axir Daniel Defoning “Robinzon Kruzoning g‘aroyib sarguzashtlari” kitobi, Jyul Vern asarlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Nosir Xisrav, Marko Polo, Xristofor Kolumb, Fernando Magellan, Kabot, Vasko da Gama, Bartolomeu Diash, F.Dreyk, Laperuz, Kruzenshtern va Lazarev, David Livingston, Redyard Kipling, Charlz Darvin, Antuan de Sent-Ekzyuperi, Jak Iv Kusto kabi o‘nlab, hatto yuzlab buyuk kashfiyotchilar, sayohatchilar, olim-u yozuvchilarga tegishli ma’lumotlar to‘plamlari, asarlari bilan kutubxonalarimizni to‘ldirsak, bolalarning fanga qiziqishi keskin oshishi aniq.
Fanni o‘qitish uslublari esa xuddi boshqa ko‘plab fanlar kabi haliyam o‘sha-o‘sha — primitiv (sodda) uslubda. Videoproyektorlar, ko‘rgazmali qurollar va noan’anaviy usullardan faqat ochiq darslarda, fan oyliklarida foydalaniladi. Xullas, hammasi go‘yo dekorativ ta’lim, ko‘z-ko‘z va hisobotlar uchun, xolos.
Geografiya fanini o‘qitish jarayonini tubdan o‘zgartirish, ko‘proq amaliy va tadrijiy yo‘nalishga o‘tish kerak. Darslar tabiat qo‘ynida bevosita tanishuv yo‘li bilan olib borilsa, o‘quv choraklari oralig‘idagi ta’tillarda so‘lim go‘shalar, tog‘, ko‘l, daryo va cho‘llarga sayohatlar amalga oshirilsa (tarix, biologiya fanlarini ham uyg‘unlashtirish mumkin), tabiat, iqlim, xalq xo‘jaligi, iqtisod, transport, infratuzilma va boshqa ko‘plab omillarning rivojlanishi, qonuniyatlari bilan o‘quvchilarni bevosita tanishtirib borish imkoni paydo bo‘lardi.
O‘quvchilarda tabiat qo‘ynida o‘zini namunali tutish, ekologiya, atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish orqali yoshlarni Vatanimizga muhabbat ruhida tarbiyalash imkoniyati kengayadi.
O‘quvchilarga elementar usullar — qadimgi ajdodlarimiz bilgan oy, quyosh, yulduzlarga qarab vaqt va joyni aniqlash, gugurtsiz olov yoqish, baliq ovlash, ov va mehnat qurollarini yasash, chodir tikish, kompas, termometr, barometr, flyuger, nivelir va boshqa ko‘plab geografik o‘lchov uskunalari haqida ma’lumot berish va ulardan foydalanishni o‘rgatish kerak, deb hisoblayman. Tabiat, hayvonot va o‘simlik dunyosi bilan munosabat, iqlimda kechayotgan jarayonlarni kuzatish va bunda tabiat qo‘ynida o‘zini tutishni o‘rgatish ham shular jumlasidandir.
Geografiya fani xonalarini jihozlashga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. O‘quvchilarda, albatta, atlas va yozuvsiz xaritalar bo‘lishi tabiiy. Lekin sinfxonada kamida o‘n xil xarita va globuslar bo‘lishi shart. Shuningdek, jonli burchaklar tashkil etilishi, gerbariy va maketlar uchun alohida burchak ajratilishi lozim. Buyuk geograf kashfiyotchilar, fanga ulkan hissa qo‘shgan odamlar portretlari, ularning sayohatiga oid stendlar, badiiy adabiyotlar bilan boyitilgan javonlar, geografiya faniga oid jihoz va uskunalar saqlanadigan shkaflar bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Geografiya fanini sizlar uchun qanday o‘tsam qiziqarli bo‘ladi, degan savolimga o‘quvchilar shunday javob berishdi: “Globus va xaritalar kam, ularni ko‘paytirish kerak. Darsliklar ham unchalik qiziqarli emas, mavzuga oid rasmlar bilan to‘ldirish zarur.
Kompyuterlashgan xona faqat informatika uchun, geografiya fani uchun ham kompyuter va Wi-fi dan foydalanish imkoni yaratilsa, ko‘proq qiziqarli ma’lumotlar, o‘yinlar, musobaqalar o‘tkazilsa, fanga qiziqish oshardi”.
Xulosa sizlardan, hamkasblar!
Ixtiyor ESONOV, Guliston shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi