Dars tahlilidan maqsad xato izlash emas
Dars tahlili haqida gap ketganda ko‘pchiligimiz to‘lib-toshib dars tahliliga kirish texnikasini yaxshi o‘zlashtirganimiz, o‘qituvchi mahorati va dars jarayonini metodik, pedagogik, texnologik, psixologik, ijtimoiy, professional tahlil qilish kabi turlarini hamda bular amaliyotda o‘qituvchining kasbiy faoliyati uchun katta metodik yordam bo‘ishi haqida uzundan uzun ma’ruza o‘qiymiz. Aslida-chi? Nega hattoki har kuni bir jamoada ishlayotgan hamkasblarimiz ham darsingizni kuzatishga kiramiz, deyilsa cho‘chiydi. Chunki darsdan keyingi tahlillar odatiy tusga kirgan. Yo bir talay kamchiliklarni aytib o‘zlarini dono tutishadi yoki hali o‘z ustingizda ko‘p ishlashingiz kerakligini uqtiradi.
Faraz qilaylik, tekshiruvchi, ya’ni sizga metodik yordam uchun kelgan mas’ul yoki maktablarda faqat qog‘ozdagina ish ko‘rsatuvchi metodbirlashma, dars tahlili daftarini to‘ldirish uchun kuzatishga kiruvchi maktab rahbarlaridan biri tasodifan mashg‘ulotingizga kirdi va so‘ng jarayonni tahlil qila boshladi: “Siz hayajonlandingiz, o‘quvchilaringiz ham gapini yo‘qotib qo‘ymoqda. Falonchi o‘quvchingiz umuman qatnashmadi, siz jalb qila olmadingiz. Texnika vositasidan foydalanmadingiz (qani shu texnika vositasi, deydigan mard yo‘q!) To‘g‘ri, maqsadingizga erishdingiz, ammo noan’anaviy dars o‘tmadingiz” va hokazo. E’tibor bering, u faqat sizni, o‘quvchilarni obdon kuzatdi. Endi ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qanday yordam berishini tasavvur qilyapsiz: metodik yoki psixologik?
Darsdan keyingi tahlil bu — o‘qituvchining yutuqlari, kamchiliklarini topish va qog‘ozga tushirish emas, balki o‘qituvchining pedagogik mahoratiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish va yangicha yondashuvni shakllantirishda uning o‘ziga xos usuli, metodlarini tanlash va qo‘llay olishida hamda o‘quv jarayonini takomillashtirishda muhim vositadir (R. Ishmuhamedov).
Demak, tahlilni, to‘g‘rirog‘i, dars kuzatuvini chuqur o‘ylangan reja asosida bajarish lozim. Eng birinchi navbatda, kuzatuv ostida SHAXSga, ya’ni INSONga nisbatan hurmat talab etiladi. Ikkinchi o‘rinda, tahlildan maqsad nima ekani oydinlashtiriladi. O‘qituvchi faoliyati sirtdan kuzatiladi: tajriba almashish, metodik yordam berish, pedagogik va psixologik yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kabi. Ko‘plab o‘qituvchilarning kasbiga muhabbatni shakllantirishda ham, aksincha tanlagan kasbidan pushaymonlik hissi paydo bo‘lishiga ham to‘g‘ri va noto‘g‘ri dars tahlillari sabab bo‘ladi. Deylik, hali ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan o‘qituvchining darsiga kirishdan avval o‘zi bilan suhbat olib borish va tahlildan maqsad unga har tomonlama yordam berish ekanini aytish zarur. Yoki ba’zi ustozlarning o‘quvchilar bilan kelisha olmasliklari haqida eshitib qolasiz. Bunday holatlarda bolalarni psixologik o‘rganish metodlari bilan tanishtirish, darsga jalb etish usullarini topishda ko‘maklashiladi. Bilimi juda kuchli-yu, mahorati sust muallimlarga mavzuni yoritishga xizmat qiluvchi ta’lim texnologiyalaridan qay tarzda foydalanish bo‘yicha tajriba almashish ham maqsadga muvofiq. Bu borada ko‘p yillik tajribaga ega pedagoglarning va jamoada ijodiy muhitni yaratuvchi rahbarlarning samimiy harakatlari yosh muallimlarni ruhlantiradi. Shundan so‘ng, qog‘ozdagi tahlil samarasi amalda ham o‘z natijasini ko‘rsatadi. Shundagina dars tahlili xatolarni ko‘rsatish uchun emas, sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun zaruriy jarayon ekani anglanadi va hamma birdek ijobiy munosabat bildiradi.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi