O‘qituvchi va o‘quvchilarning bilim darajasi qanday? Nega baholar oshirib qo‘yilmoqda?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda xabar qilinishicha, 2019-yilda faoliyati o‘rganilgan 57 ta OTMlarda aniqlangan muammolar bartaraf etilib, bajarilgan ishlar dinamikasi taqqoslangan. OTMlarining ilmiy salohiyati 2018-yilda 33 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda 36,4 foizga ko‘tarilgan.
Inspeksiya tomonidan 2018 va 2019-yillar davomida 26 ta OTM akkreditatsiya sertifikati muddati o‘tganligi bois attestatsiyaga jalb qilindi.
Tahlillar natijasiga ko‘ra: 12 ta OTM attestatsiyadan o‘tdi, 13 tasi attestatsiyadan shartli o‘tdi va ularga kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 yil muddat berildi. 1 ta OTM attestatsiyadan o‘tmadi.
2019-yilning sentabr oyida 22 ta OTMda va 5 ta ilmiy tadqiqot muassasalarida attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari hamda ixtisosliklari qayta attestatsiyadan o‘tkazildi.
Qayta attestatsiya natijasiga ko‘ra, 69 ta ta’lim yo‘nalishlaridan 15 tasi attestatsiyadan o‘tmadi (bular: TAQI-1 ta, TATU-2 ta, TKTI-1 ta, TDTU-2 ta, TerDU-2 ta, TAYLQEI-1 ta, GulDU-1 ta, JizDPI-1 ta, JizPI-1 ta, AndMI-1 ta, Qo‘qon DPI-2 ta), 20 ta magistratura mutaxassisliklaridan 3 tasi attestatsiyadan o‘tmadi (TDTU – 3 ta);
62 ta ixtisoslikdan 19 tasi attestatsiyadan o‘tmadi.
(bular: BuxDU-1 ta, BuxDTI-1 ta, TDTU-9 ta,TDAU-1 ta, QarDU-1 ta, TIQXMMI-1 ta, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti-4 ta, Umumiy va noorganik kimyo instituti-1 ta) deb xulosa qilindi va qabul to‘xtalishi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun tegishli vazirliklarga ma’lumot kiritildi.
O‘quvchilarning bilim darajasi o‘rganildi
Ta’lim inspeksiyasi tomonidan XTV tasarrufidagi 357 ta (96,5%) ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari va maktab-internatlarda o‘quvchilarning bilim darajasi o‘rganildi.
O‘rganish jarayoni Davlat test markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilib, unda bitiruvchi 9-, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika va kimyo fanlardan nazorat ishlari o‘tkazildi.
O‘quvchilardan olingan nazorat ishlari natijalariga ko‘ra, ularning bilim va o‘zlashtirish darajasi belgilangan davlat ta’lim standartlariga mos kelmasligi aniqlandi.
Xususan, nazorat ishlarida qatnashgan 12790 nafar o‘quvchilarning 7387 nafari (57,8%) qoniqarsiz baholangan.
Jumladan, 9-sinf kimyo fanidan olingan nazorat ishlarida qatnashgan 372 nafar o‘quvchilarning 45,7 foizi qoniqarsiz baholanib, o‘zlashtirish darajasi 54,3 foizni, sifat ko‘rsatkichi esa 26,9 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, matematika fanidan o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 9-sinflarda 50,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 11-sinflarda 28,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich fizika fanidan 9-sinflarda 59,4 foizni, 11-sinflarda 15,7 foizni tashkil etadi.
Lekin, mazkur fanlardan tegishli sinf jurnallari o‘rganilganda o‘qituvchilar tomonidan barcha o‘quvchilar ijobiy baholanib, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 100 foiz ekanligini ko‘rish mumkin.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarni baholashda haqqoniylik ta’minlanmagan va baholar oshirib qo‘yilgan.
O'zA