Endi ishlamagan tishlamaydi “823” haqida bir shingil
Vazirlar Mahkamasining muhokamalarga sabab bo‘layotgan 823-sonli qarorining bir qator afzalliklari bor deb o‘ylayman. Amaldagi 275-sonli qarordan ko‘pchilik rahbarlar “o‘z ixtiyoriga ko‘ra” foydalanib kelgani hech kimga sir emas.
Maktablarda umrida olimpiada, bilimlar bellashuvi nimaligini bilmaydigan, jonini koyitmagan o‘qituvchi mehnat qilib, yuqori natijalarni ko‘rsatib kelayotgan muallimlar bilan teng 30–35 foiz ustama olib kelayotgani tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlarning avj olishiga sabab bo‘layotganiga guvohmiz. Yangi qarorga ko‘ra, endi bunday ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yishning imkoni kam, negaki unda har bir bo‘lim bo‘yicha qo‘yiladigan ball aniq asoslab ko‘rsatib berilgan. Endi ishlamagan tishlamaydi, xalq tili bilan aytganda. Hujjatlar yig‘ma jildida ham aniq natijaga isbot ko‘rsatilmasa, ustama belgilanmaydi.Yana bir afzalligi — ish staji va malaka oshirishdan o‘tganligiga beriladigan ball. Ko‘p yillar mehnat qilgan ustozlarning mehnati ham qadr topadi, o‘z muddatida malaka oshirish kurslarini o‘tamaganlar esa ustamada yetarli ball ololmaydi. Ayrim tumanlarda 5 yil, hatto 10 yil o‘tsa ham malaka oshirish kurslariga bir bora kelmagan o‘qituvchilar borligini eshitganimda, hayratdan yoqa ushlaganman. Bir so‘z bilan aytganda, bu qaror o‘qituvchini ishlashga, harakat qilishga, o‘rnak ko‘rsatgan degan nomga munosib bolishga undaydi.
Dilafro‘z BOBOJONOVA, Jizzax shahridagi UMID nomli maktab-internat o‘qituvchisi