“Har bir talab ko‘rsatkichi bo‘yicha bir savol”
Har jabhadagi muammolar, yechimlar, ish sifati, maqsad va rejalarni ana shu soha mutaxassislaridan yaxshiroq biladigan kishi bo‘lmasa kerak. O‘quv yilining yarmiga yetmasdan ustama haqidagi qaror o‘zgargani, o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalari ham turlicha bo‘lishi pedagogik jamoa o‘rtasida norozi kayfiyatlarga sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, har oylik ustamalar ularning kasbiy mahorati, ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlari uchun belgilangan mezonlar haqiqatga yaqin. Ammo birinchi talablar qatorida sinf jurnalidagi choraklik baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichi hisobga olinyapti. Bu joriy va oraliq nazorat baholari, choraklik va yillik baholarning o‘rtacha qiymatiga asoslangan. U o‘qituvchi asosiy ta’limiy natijalarining yakuniy ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ushbu talab har qancha to‘g‘ri bo‘lmasin, keyingi o‘quv yilidan boshlab maksimal baho olish uchun o‘quvchilar o‘zlashtirishining sifati darajasini sun’iy ko‘tarishga ommaviy tus berish ehtimoli mavjud. Ikkinchi talab ko‘rsatkichi esa fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvida va boshqa ko‘rik-tanlovlardagi ishtiroki uchun 20 ball baho berilyapti. Tumanimizdagi 67 ta maktab ichidan tanlovlarda faxrli o‘rinlarni olgan maktablar soni sanoqli bo‘lishi tabiiy. Endi o‘qituvchilar o‘z o‘quvchisi to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal balning ulush foizini ko‘tarish maqsadida yo‘l axtarishadi. Yana bir ko‘rsatkich — o‘qituvchi ish tajribasining maktab, tuman, viloyat va respublika miqyosida ommalashtirilganligi. Bu ko‘rsatkich avvallari o‘qituvchi ustamasi uchun u qadar ahamiyatli mezon sifatida e’tibor qaratilmaganligi bois hozir kutilmagan jarayon bo‘ldi. Ammo uni amalga oshirish ham juda murakkab. Baho bali yig‘ish ehtimoli qiyin. Masalan, maktabimiz misolida olsak, jamoada 72 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Bir o‘quv yilida ulardan qanchasining maktab miqyosida ishlarini ommalashtirish mumkin? Tuman miqyosida-chi? Agar bu ko‘rsatkichni viloyat yoki respublika miqyosida tasavvur qilsak, maktablar soniga nisbatan olinganida jamoamizdagi har bir o‘qituvchi yig‘ishi mumkin bo‘lgan baho bali imkoniyati nolga teng bo‘lib ko‘rinadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, turli hududlarda dars berayotgan o‘qituvchilar darsini ommalashtirolmasa, qilayotgan mehnati past baholanadimi!? Shu xulosani boshqa ko‘rsatkich talablarida ham ko‘rish mumkin: o‘qituvchi ilmiy-ijodiy ishlarining maksimal balda baholanishiga nisbatan ham aytish mumkin. Bu yerda ham imkoniyat darajasi juda cheklangan.
Qarorda ustama belgilanishi sinf rahbarlarining ish samaradorligiga qarab berilishi ham belgilangan. Bu ko‘rsatkichning kiritilganligi o‘qituvchining tarbiyaviy va sinfdan tashqari faoliyatining baholanishiga asos bo‘ladi. Bu juda o‘rinli. Lekin pedagogik jamoa orasidan faqat sinf rahbarlariga imkon berilishi adolatsizlikni keltirib chiqaradi. 8-ko‘rsatkich o‘qituvchining sinfdan tashqari faoliyati fidoyiligining samaradorligini baholaydigan eng yaxshi mezon bo‘libdi. Ayniqsa, kuch-g‘ayratga to‘la yosh pedagoglar uchun bir zo‘r imkoniyat eshiklari desam, adashmagan bo‘laman. Ammo pedagogik faoliyatining ko‘p vaqtini oluvchi, ko‘p fotolavha, fotohujjat va hisobotlar, ish reja va konspektlar tayyorlashni talab etuvchi ushbu ko‘rsatkich mezoni biroz mashaqqatli, buni 10 baldan 20 balgacha oshirish kerak. Afsuski, bu jarayon ayrim qog‘ozbozliklarsiz amalga oshirilsa yaxshi bo‘lardi. Yana bir talab shuki, pedagog qanday ilmiy-metodik jurnal, qaysi veb-saytlarda maqola chiqarishi kerak. Shaxsan men bir maqola yozish uchun olti oylab vaqt sarflagan paytlarim bo‘lgan. O‘qituvchilarning aksariyati o‘z kasbining fidoyisi, bilimdoni bo‘lishi mumkin, ammo maqola yozishga uquvi kelmas. Ular endi ustama olish maqsadida maqola yoza olishlari kerak! Mezonning 10-ko‘rsatkichi juda ko‘p savollarni keltirib chiqardi. Masalan, pedagoglar faoliyatini baholash mezonlari ko‘rsatkichlarini psixolog va kutubxonachilar faoliyati bilan bog‘lash yoki tatbiq qilish mutlaqo noto‘g‘ri. Bu hujjatdagi talablar va ko‘rsatkich me’yorlari hali pedagogik jamoalarning ko‘p muhokamalariga, savollariga sabab bo‘ladi, nazarimizda. Siz nima deysiz?
Oqiljon MAVLONOV, O‘zbekiston tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi