Variativ o‘quv loyihasi yaxshi, ammo…
Maktablarda 3-chorak boshlandi. Variativ o‘quv rejani amaliyotga joriy qilish masalasi esa o‘qituvchilarni o‘ylantira boshladi. Gazetamizning telegramdagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida o‘qituvchilarning bu boradagi fikr-mulohozalari, qarashlarini kuzatdik. Xo‘sh, jarayonning asosiy tirgagi bo‘lgan pedagoglar bu yangilikni qanday qarshi oldi?
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
— Bu jarayon yil boshidan yo‘lga qo‘yilganda yanayam yaxshi bo‘lar edi. Biz 2 yil avval 10-sinf o‘quvchilarini tanloviga qarab aniq va tabiiy hamda ijtimoiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha sinflarga ajratgan edik. Lekin dars soatlari o‘z holida bo‘lganligi pand bergan. Endi qo‘shimcha soatlar o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlashga bemalol yetadi, menimcha.
Manzura SATTOROVA, Kitob tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Menga bu loyiha juda ma’qul bo‘ldi. Chunki jamiyatimizda ko‘p bolali oilalar bisyor. Bilimi zo‘r, ammo imkoniyati yo‘q o‘quvchilarimizga bu yaxshi qulaylik. Repetitorlik avj olib, 5-6 yil o‘qitgan ustozi qolib, o‘quvchilar repetitorini alqay boshladi. Maktabdagi ustozi bilimli bo‘lsa-da, u bilan repetitor darajasida ko‘p ishlamagani uchun o‘quvchi muallimining bilim darajasiga unchalik ishonmaydi. Shu tariqa maktab o‘qituvchilarining obro‘si tushishiga bu omil ham sabab bo‘ldi. Maktab rahbariyati odillik bilan bilimli o‘qituvchilarni tanlangan sinflarga biriktirishi joiz. O‘quvchiga 17-18 ta fanni o‘qitib natijaga erisholmagandan ko‘ra, ancha samarali bo‘ladi bu usul.
Asadullo SANAQULOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
— Xalq ta’limi tizimidagi maktablarning 10-11-sinflarida fanlarning ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitilishi, menimcha, yaxshi natija beradi. Oldingi holatda maktab bitiruvchilarining aksariyati repetitorga borib, o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha tayyorlanib, keyin oliy o‘quv yurtiga kirardi. Agar jarayon to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, o‘quvchilarning repetitorga borishiga ehtiyoj qolmaydi.
Ma’muraxon ESHCHANOVA, Xiva shahridagi 17-IDUM o‘qituvchisi:
— 2003-2004-yillarda—maktab ta’limi 11 yillik bo‘lgan davrda shunday tajribani qo‘llab ko‘rganmiz. Yuqori natija bergan. Biz o‘shanda bu jarayonni yashirincha amalga oshirardik.
Asrorbek BOTIROV, Denov tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi:
— Bu juda yaxshi qadam bo‘ldi. Faqat aniq mexanizmlarini ishlab chiqish kerak. Bosqichma-bosqich shu yo‘ldan borish lozim. Keyinchalik shunday tizim qilish kerakki, o‘quvchilar 7-sinfda umumiy yo‘nalish tanlasin (masalan, ijtimoiy-gumanitar, aniq fanlar, tabiiy fanlar va tilshunoslik kabi), 9-sinfda esa tanlagan sohasi bo‘yicha yana ixtisoslashtirish kerak. Masalan, ijtimoiy-gumanitarni tanlaganlar yana tarmoqlarga bo‘linadi, yurist, tarixchi va boshqalar. Bunday tizim hozir Germaniya ta’limida qo‘llanadi.
Shiyrinay ABDIJAMILOVA, Xo‘jayli tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi:
— 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitilishi natijali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki hademay abituriyent bo‘ladigan yoshlarning vaqti boshqa fanlarga sarf bo‘lyapti. Bunda o‘quvchilar ko‘proq vaqtini OTMda imtihon topshiriladigan fanlar uchun sarflaydi. Shu yildan har bir abituriyent 5 ta fandan test topshiradigan bo‘lsa, bu tanlov asosidagi fanlar o‘tilishi maqsadga muvofiq.
Nargiza O‘rozova, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisi:
— Boshqa fan o‘qituvchilari nima ish qiladi?! Dars soatlari kamayib ketadi-ku.
Komila Rajabova, Navoiy shahridagi 11-IDUM o‘qituvchisi:
— 10-11-sinf o‘quvchilarining fikr-u xayoli, istaymizmi-yo‘qmi, o‘zi tanlagan fanlarda bo‘ladi. Agar shu fanlar kuchaytirib o‘qitilsa, ular uchun nur ustiga nur bo‘ladi. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Bir sinf to‘liq bir xil yo‘nalishdagi fanlarni tanlamaydi-da. Shunday holda barcha bir fanni tanlaganlar bitta sinf qilib o‘qitiladimi? Boshqa fan o‘qituvchilarining dars soatlari kamayib ketishi ham norozilikka sabab bo‘lmaydimi? Nima bo‘lganda ham, puxta o‘ylangan yo‘l tutilsa, foydadan xoli emas, menimcha.
Hoshim Hakimov, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
— Bu tanlovning ko‘plab ijobiy tomonlari bor, lekin tanganing ikki tarafi bo‘lganidek, noqulayliklari ham bordek, nazarimda. Deylik, sinfda 20 nafar o‘quvchi bor. Shularning 10 nafari biror-bir yo‘nalishni tanladi. Masalan, tabiiy fanlarni 5 nafari, aniq fanlarni yana 5 nafari. 3 nafari esa filologiya yo‘nalishini tanladi va hokazo. Bu holda yo‘nalish
qanday tanlanadi?
Shozoda Muhammedova, Buxoro tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— Variativ o‘quv rejani hamma maktabda ham qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki bizning maktabda o‘quvchi soni kam. Bittadan sinf mavjud. Undan ko‘ra OTMga kirish uchun majburiy etib belgilagan O‘zbekiston tarixi, matematika, ona tili fanlaridan kasbiy ta’lim hisobidan 2 soatdan qo‘shimcha soat qo‘shilsa, yaxshi bo‘lardi.
Saidaxon MAMAJONOVA, Chust tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi:
— Tanlov asosida dars soati qo‘shib berildi ham deylik, oldin 3 soat dars bergan o‘qituvchi 5 soat dars o‘tadimi, sifatiga kafolat bormikan? Davlat test markazi imtihonlariga tayyorlay olarmikan? Menimcha, oldin maktablarga xususiy o‘quv markaziga chiqib ketgan o‘qituvchilarni qaytarish kerak.
Oftobxon ALIXONOVA, Yashnobod tumanidagi 231-umumta‘lim maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Bu tizim bir yilda natija bermasligi mumkin. Xulosa qilishga shoshilmaslik kerak. Maktablar bu borada tajriba to‘plagach, keyingi yillardan samara beradi. So‘ng ota-onalar ham tushunib yetgach, farzandini repetitorga bermay, maktabda yaxshi o‘qishini ham boladan, ham maktabdan talab qila boshlaydi.
Shoira BADALOVA, Kogon shahridagi 7-maktab o‘qituvchisi:
— Fikrimcha, 3 emas 5 soat dars o‘tilsa ham o‘quvchi repetitorga boradi, chunki DTM testlari ancha murakkab. O‘quvchilar repetitorga bormasligi uchun DTM test savollarini soddalashtirish kerak.
Mayramxon TURDALIYEVA, Andijon davlat universiteti talabasi:
— Maktablarni muayyan fanlarga ixtisoslashtirib, o‘sha maxsus fan soatini oshirish kerakdir, lekin bir sinfli maktablar ham bor. Unda bir necha yo‘nalishga qiziquvchilar bo‘lishi mumkin...
Umidaxon XOLIQOVA:
— Bu tizim orqali o‘quvchilar davomati yaxshilanadi, turli repetitorlik kurslariga ketib qolish hollari kuzatilmaydi. Lekin bu tanlov sinflarda dars beradigan o‘qituvchilarning salohiyatiga ham bog‘liq.
Zilola MADATOVA tayyorladi.