“5”ning sharti
Ba’zi hamkasblarimizning o‘quvchilarga aytgan gaplari qulog‘imga chalinsa, ko‘nglim xira tortadi. O‘qimay kelgani uchun koyiyotgan o‘qituvchi “Agar menga repetitorlikka qatnaganingda bu narsalarning barchasini hijjalab o‘rgatgan bo‘lardim, darsimda doim “besh” olarding”, deya tanbeh berar ekan. Hozir har bir maktabda turli fanlardan pullik darslar tashkil etilgan. Aytishlaricha, ba’zi o‘qituvchilar o‘ziga repetitorlikka qatnamayotgan o‘quvchilarga qo‘polroq muomala qilar emish. Yana ayrim o‘qituvchilar esa, o‘z sinfidagi o‘quvchilari hamkasbining qo‘shimcha darsiga borishiga qarshilik qilar ekan.
E’tibor bersak, so‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorlanayotgan ko‘pchilik yoshlar repetitor xizmatidan foydalanishni o‘ziga odat qildi. Hatto ba’zi yigit-qizlar ongida “repetitorga qatnamasang, o‘qishga kirolmaysan” degan g‘alati tushuncha shakllandi.
Xo‘sh, chindan ham shundaymi? Mamlakatimizda 11 yillik bepul majburiy ta’lim joriy etilgan ekan unda bu xizmat nega kerak? Yoki o‘rta ta’lim bepul bo‘lgani uchun pullik ta’limga ehtiyoj sezilyaptimi? Agar shunday bo‘lgan taqdirda pullik ta’lim sifatli bilim garovi bo‘la oladimi? Kuzatuvlar natijasida shu narsa ayon bo‘lmoqdaki, nafaqat umumta’lim maktablari, hatto aksariyat akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari ham repetitorlik kurslariga ehtiyoj sezmoqda. Vaholanki, ushbu ta’lim muassasalarida muayyan fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladi. Aslida repetitorlik qilayotgan o‘qituvchilarning aksariyati qaysidir ta’lim muassasasida dars beradi. Shunday bo‘lsa, nega o‘quv muassasalarida ta’lim sifati past. Bugun aksariyat viloyatlardagi o‘quv markazlari abituriyentlarni bitta fan bo‘yicha 150–250, uchta fan bo‘yicha esa 350–400 ming so‘m evaziga test sinovlariga tayyorlaydi. Poytaxtimizdagi abituriyentlar esa bitta fan uchun o‘quv markazlariga o‘rtacha 350–450 ming so‘m to‘lab, bilim olmoqda. Agar o‘quvchi uchta fan bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishni istasa yoki yillik badalni oldindan to‘lasa, markazlar uning uchun belgilangan narxdan biroz chegirma qilishi mumkin. Biroq bugun ota-onalarning hammasi ham bu pulni to‘lashga qodir emas.
Mohigul QUDRATOVA, Qamashi tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi