Kogon tumanida yangi maktab qurilib, foydalanishga topshirildi
Kogon tumanidagi O‘rta cho‘l MFY hududidagi o‘quvchi-yoshlar 7 km uzoqlikdagi 8-maktabga qatnab, tahsil olishayotgan edi. Yog‘ingarchilik va sovuq kunlari o‘quvchilarning sog‘lig‘i hamda davomatga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi.
“Obod qishloq” davlat dasturi ijrosini ta’minlash natijasida O‘rta cho‘l MFY hududidagi ijtimoiy vaziyat va achinarli holatlar bartaraf etildi.
Aholining haqli e’tirozlari va viloyat hokimining shaxsiy taklifi bilan O‘rta cho‘l MFY hududidagi Jonaffar qishlog‘ida 22-maktab yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi. Mazkur 22-maktab 240 o‘rinli bo‘lib, 9 ta sinfxona, 9x18 o‘lchamli sport zali, boshqaruv va kutubxonadan iborat.
Mazkur maktabda 7 km. uzoqlikdagi masofadan qatnab, 8-maktabda tahsil olayotgan 244 nafar o‘quvchilar hamda ushbu maktabda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar yangi maktabga ko‘chirildi.
22-maktab tashkil etilguniga qadar 8-maktabning 640 o‘rinli binosida 930 nafar o‘quvchi 1,5 navbatlilik koeffitsiyentda II (smena) navbatlilikda tahsil olayotgan edi.
Ayni paytda 8-maktab hamda yangidan tashkil etilgan zamonaviy 22-maktab I navbatlilikda faoliyat olib bormoqda.