Sizda kompetensiya bormi?
Bilim, tafakkur haqida gap ketsa, yoshlar ongini texnika vositalari va virtual olam zaharlamoqda, deb oson qutulamiz. Vaholanki farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasida ustozlardan ko‘ra ota-onalarning mas’uliyat ko‘proq-ku.
Bir qo‘shnim “Lotinchani bilmaganim uchun she’rdagi “vijdon” so‘zini o‘qiy olmadim, o‘g‘limga “vdan” deb ketaver, deb o‘rgatgandim, keyin o‘qituvchisi uni koyibdi”, dedi kulib-kulib. To‘g‘risi, bolaga achindim. Mana oramizda qanday onalar bor. Avvalo, kompetensiya ota-onalarda shakllangan bo‘lishi kerak. Farzandlarimizga o‘zimizdagi qobiliyatlarni ko‘rsata olsak, ular bizga ishonch bilan qaraydi. Oldinlari onalarimizning (qo‘l) tikuv mashinasi bo‘lgan. Shu mashinada har birimizga ko‘ylak tikib kiydirganlar. Bundan tashqari, turli issiq kiyimlar to‘qishgan. Mana bizning onalarimizdagi kompetensiyaning yuqori cho‘qqisi. Hozirgi onalar qaysi jihatlari bilan farzandlariga o‘rnak bo‘lmoqda? Eslab ko‘ring-chi, oxirgi marta qachon farzandingizning yirtiq paypog‘ini tikib, kiydirdingiz? Yo‘q, deyapsizmi? Bilaman, siz darhol yangisini xarid qilasiz. Mana zamona onasining texnologiyadagi qo‘llagan kompetensiyasi. Otalarimiz-chi?..
Kechagidek yodimda: bolaligimda kuz kelishi bilan oila a’zolarimiz birgalikda mevali daraxtlarning tanasini poxol yoki eski mato o‘rardik. Sababi o‘zingizga ma’lum, qurt-qumursqalar o‘sha joyda jon saqlashadi va bahorda uyg‘onmasdan yoqib yuboriladi. Hozir-chi? Osongina zaharli purkagichlardan foydalanamiz. Endi poxol bilan zahar o‘rtasidagi chiqim farqini yaxshi bilasiz. Mana sizga ikki davr otasining tejamkorlik va sog‘liq uchun qo‘llagan kompetensiyasi. Gapirsangiz, gap ko‘p. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, hayot — qisqa, umr — g‘animat. Shu oz fursat ichida farzandlar bilan o‘tkazgan onlarimizda ularga o‘rnak bo‘ladigan, foydali ishlarni amalga oshirsak, farzandlarimiz orzu qilganimizdek, oqil, dono farzand bo‘lib voyaga yetadi. Dunyoda ota-ona uchun farzand yutug‘ini ko‘rish — eng katta baxt. Bola qalbida rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqat va ishonch tuyg‘ularini shakllantirish — bola kamolotidagi zarur bo‘lgan hayotiy vositadir.
Mahliyoxon MAHKAMOVA, Rishton tumanidagi 63-maktab o‘qituvchisi