Imloviy mukammallikka qachon erishamiz?
Yozuv har bir xalqning ma’naviy boyligi, yuksak madaniyatga erishganligining o‘ziga xos bir ko‘rinishidir. So‘zlarning yozilishidagi barqarorlik, qat’iylik millatni yakdillikka, ma’naviy jipslikka yetaklaydi.
O‘zbek-kirill alifbosi o‘zbek adabiy tilidagi tovushlarni to‘liq aks ettira olmadi. Rus (slavyan) yozuvi o‘z mazmun-mohiyati bilan rus adabiy tilining fonetik tizimini to‘liqroq aks ettirishi mumkin. 1940-yilda kirillcha yozuvga o‘tilganda esa, milliy tilimiz xususiyatlari emas, balki ko‘proq rus tilining manfaati, aniqrog‘i, ruscha so‘zlarning shaklini saqlab qolish hisobga olingan. Masalan, “yolashgan unlilar” deb nomlanuvchi е, ё, ю, я va ц harflari, yumshatish (ь) va ayirish (ъ) belgilarining o‘zbek yozuviga ko‘r-ko‘rona ko‘chirib o‘tkazilgani fikrimizni to‘liq tasdiqlaydi. Hatto alifbo tartibi rus-slavyan yozuvi tartibida ekani, sof o‘zbekcha tovushlarni ifodalovchi O‘(til orqa, lablangan, o‘rta keng unli){Ӧ}, Q (jarangsiz, chuqur til orqa, portlovchi, shovqinli undosh){Қ} , G‘(jarangli, chuqur til orqa, sirg‘aluvchi, shovqinli undosh){Ғ}, H (jarangsiz, bo‘g‘iz undoshi, sirg‘aluvchi undosh){Ҳ} harflarining alifbo oxiriga tirkab qo‘yilgani ham kirilcha alifboning rus yozuviga naqadar qaramligidan darak beradi. Darhaqiqat, alifbo o‘sha tilning muhiti, tabiati, tarixiy taraqqiyot natijasida hozirgi kundagi ko‘rinishi va xalqning talaffuzi me’yorlari bilan hisoblashgan holatda yaratiladi. Lotin alifbosi hech qanday “yumshoqlik” va “qattiqlik” xususiyatiga ega bo‘lmagan o‘zbek tili tabiati uchun mos. Alifbodagi mukammallik imloning to‘g‘ri va oson o‘rganilishini ta’minlaydi, chunki alifboni almashtirish imlo qoidalarini ham yangilashni taqozo etadi.
Yangi imlo qoidasida ham ruscha “ism+ota ism+familiya”tizimi o‘rnini “ism+ota ismi” tizimini olish nazarda tutildi. Bu jarayonga o‘quvchini o‘rgatishda, familiya yozishda turli-tuman kamchiliklar uchragani bois uzoq yillar davom etdi va shuning uchun familiya va ota ismini bildiruvchi qo‘shimchalar unli bilan tugagan kishi otlariga -yev(-yeva), -yevich(-yevna), undosh bilan tugagan kishi otlariga –ov, (-ova), -ovich(-ovna) shaklida qo‘shiladi. Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi. Nega o‘zbek imlosi rus imlosi nusxasi asosida tuzilishi kerak? Nega ona tilimizga kirib kelayotgan so‘zlar aynan rus tili orqali kirib kelishi kerak? Rus talaffuzida qanday aytilsa, shu til uchun to‘g‘ri me’yor hisoblanadimi? Bu savollarga javob rus alifbosi va tili ona tilimizga chuqur ta’sirini o‘tkazganidadir. Bu holat imloda ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi.
Masalan, imloda rus tilidan kirib kelgan “Ю” harfi o‘zlashgan ba’zi so‘zlarda bu harf yumshoq undoshlardan so‘ng lablangan “У” tovushini o‘zbekcha talaffuzda beradi. Biroq rus tilidan o‘zlashgani bois bu tovushni aynan “y+u” tarzidami yoki “u” tarzida yozish muammosi paydo bo‘ladi.
Yangi o‘zbek alifbosida bu holat bitta harf “U” bilan yozilishi kerak. Бюджет-budjet, парашют-parashut, целлюлоза-selluloza kabi. Bu holat barcha “yolashgan” unlilar bilan bog‘liq o‘zlashgan so‘zlarda kuzatiladi. Lotin yozuvida tarjima qilish orqali o‘zlashgan o‘zlashma so‘zlarning aksariyati aynan rus tili orqali kirib keladi: полавтомат-yarimavtomat, подвода-suvosti, передпраздник-bayramoldi. Biroq bu tarjima o‘zbek tilida to‘liq ma’no ochib bera olmaydi. Bu so‘zlarni xalq qabul qilib talaffuziga moslashgani uchun ularni endilikda boshqa bir o‘zbekcha muqobiliga almashtirish o‘rinsiz. Chunki xalq yangi muqobil variantni qabul qilmasligi tabiiy. Biroq kundan kunga shiddat bilan rivojlanayotgan axborot texnologiyalari zamonida endi kirib kelayotgan, hali xalq o‘zbek tilida ma’nosi to‘liq ochib berilmagan so‘zni qabul qilmasidan avval muqobil variant yaratish o‘rinli. Buning uchun tilshunoslardan davrdan bir qadam oldinda yurish, yaratilayotgan innovatsion texnologiyalar haqida oldinroq ma’lumotga ega bo‘lish talab etiladi.
Shuningdek, H va X tovushlarini farqlamaslik o‘zbek tilining talaffuz me’yorida asrlar davomida shakllangan va o‘xshash ko‘rinsa-da, boshqa-boshqa tovushlarni aks ettiruvchi fonemalarning o‘rinsiz ravishda xato qo‘llanilishiga sababchi bo‘lmoqda. Bu kabi imloviy xatolarning oldini olish maqsadida, bugungi rivojlanayotgan axborot texnologiyalari zamonida turli so‘z o‘yinlari bilan bog‘liq mobil yoki kompyuter o‘yinlarini o‘zbek tilida yaratish, televideniye va ommaviy axborot vositalarida imlo bilan bog‘liq teleko‘rsatuvlar, qisqa metrajli qiziqarli hamda foydali filmlar yaratish, o‘quv dargohlaridagi devoriy gazetalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, til o‘z xususiyatini namoyon etadigan alifbo, yozuv, imlo va uning o‘ziga xos jihatlari hamma vaqt chambarchas bog‘liq ravishda o‘sha tilning va millatning barqarorligini, takomilini va rivojlanish omillarini belgilab beradi. To‘g‘ri tashkillashtirilgan yozuv, imlo, alifbo ta’lim jarayonida tez va sifatli ravishda yozuvni o‘zlashtirishni ta’minlaydi. Shuning uchun har bir milliy qadriyatlarini e’zozlagan millat yozuvga katta e’tibor qaratadi. Zero, yozuv ham asrlar davomida e’zozlab kelinadigan qadriyatlarni o‘zida aks ettiradigan bir vositadir.
Dilbar DADAMIRZAYEVA, Yakkasaroy tumanidagi135-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi