Bizga qo‘shimcha bino qurib bering!
Yoxud ikki smenadan uch smenaga o‘tishga majbur bo‘layotgan maktab
2018/2019-o‘quv yilida Bekobod tumanidagi 2 ta maktabda qo‘shimcha bino qurildi, shular qatori bizning maktabda ham qo‘shimcha bino qurilishi kerak edi, ammo qurilish qoldirildi.
Sababi, bino qurish uchun maydon yo‘q edi. Maktab maydoni 83 sotix bo‘lib, yarmini bino va daraxtlar egallagan. Tuman kadastr bo‘limining xaritasida maktab hududi 1 gektar-u 15 sotix. Ammo yillar davomida maktabga qo‘shni bo‘lgan 2 xonadon tomonidan ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lgan yerlar egallanib, rasmiylashtirib olingan. Bu masalada ko‘p joylarga murojaat qildik, shu jumladan, sudga ham, natija chiqmadi.
So‘ng oldimizda bir chora qoldi, u ham bo‘lsa, qo‘shimcha bino qurish. Qo‘shimcha bino qurish masalasida bir qancha tashkilot rahbarlariga murojaat qilganman, undan ham natija chiqmagach, tuman hokimi N. Abdullayev mahalla futbol stadionini maktab balansiga o‘tkazib berdi.
Ammo qurilish uchun yer maydoni hal bo‘lsa, 2020-yilda qo‘shimcha bino qurishni va’da qilgan mutasaddi tashkilot rahbarlari endi mablag‘ yo‘qligini ro‘kach qilib, qurilishni qoldirishdi.
Maktabimiz 2008-yili 320 o‘ringa mo‘ljallab rekonstruksiya qilingan bo‘lsa-da, 10 yil davomida quruvchi tashkilotning xatosini tuzatish bilan ovoramiz. Jumladan, rekonstruksiyadan so‘ng ham isitish tizimini almashtirdik, maktab binosi tomining uchdan bir qismini qaytadan ta’mirladik, joriy yilda 12x24 hajmdagi sportzal polini almashtirdik. Hozirgi kunda maktabda 18 ta sinf bo‘lib, 448 nafar o‘quvchi 2 smenada o‘qiydi. 2025-yilgacha yana 5 ta sinf qo‘shilishi kutilyapti. O‘quvchilarimizga dars o‘tishga joy topib berolmayapmiz-u, kamiga saylovlarni o‘tkazish ham bizning zimmamizga tushdi.
2019-yilning 1-sentabrida 1 ta sinfga xona yetishmagani sababli informatika xonasidagi kompyuterlarni maktabga yaqin joyda yashaydigan o‘qituvchining uyiga joylashtirdik. Maktabimiz binosi qurilishida sanitariya-gigiyena talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Bino chorva fermasi ko‘rinishida qurilgan. O‘rtada koridor, ikki chetda sinfxonalar. Bekobod tumanida noyabrdan to martgacha shamol bo‘lib, elektr tinimsiz o‘chaveradi. 6 oygacha maktab koridori qorong‘i, qish vaqti 2-smenadagi oxirgi soatlarni o‘tishning iloji yo‘q. Mahallamiz “Agrouchastka” deyilib, 7 ta katta-kichik mahallalardan tashkil topgan. O‘quvchilar dalalarning ichidan, qabristonning yonidagi yo‘llardan maktabga qatnashadi. 2-smenadagi darslardan so‘ng, qorong‘ida ularning uylariga qaytishlari qiyin bo‘ladi.
2016-yildagi “Umumta’lim maktablarida ta’limni tashkil etish va shart-sharoitlariga qo‘yilgan sanitar-epidemiologik talablar”(SanPin №0341-16)ning 2-jadvaliga asoslansak, maktabimizning asl quvvati 216 o‘rinli hisoblanadi. Hozir unda 448 nafar o‘quvchi tahsil olayotganini hisobga olsak, o‘quvchilar zichligi 1.4 emas, aslida 2 dan ortiq. Bu esa yana ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Aytaylik, bufet yoki oshxonaga zaruriyat katta. Ilgari yaxshi jihozlangan ustaxonamiz va bufetimiz bor edi, rekonstruksiyadan so‘ng u ham yo‘q bo‘ldi. Bu muammolarning barchasi davomatning yomonlashuviga olib keladi, o‘quvchilarimizning har ikkinchisi (teng yarmi) kamqon(anemiya). Yana 34 nafari bo‘qoq, 11 nafari ko‘z kasalliklari bilan og‘rigan. Ehtimol, bularning barchasiga maktabdagi nobop sharoit sabab emasdir (nasliy yoki boshqa omillar ham sabab bo‘lishi mumkin), ammo men maktab rahbari sifatida o‘g‘il-qizlarimning sog‘lig‘i yomonlashishiga maktabda yaratib berolmayotgan sharoitimizning ham ta’siri bo‘lmayaptimikan, deb ko‘p o‘ylanaman. Axir ikki smenali maktabda oshxona bo‘lmasligi, bolaning issiq ovqat tugul, issiq choy ichishiga sharoit bo‘lmasligi mumkinmi? Afsuski, maktabimizda oshxona uchun ham bo‘sh joy yo‘q. Maktablarda o‘quv haftasi 5 kunlik bo‘layotgani qaysidir tomondan ijobiy natijalar olib kelishi mumkindir, ammo bu ham biz kabi maktablarning sharoitiga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlamay ilojim yo‘q.
Sharoitimiz talabga javob bermasa-da, o‘quvchilarimiz tizimli ravishda turli fanlardan viloyat olimpiadalarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishyapti. Bitiruvchilarimizning 25 foizi OTMlarga o‘qishga kiradi.
Mahallamiz aholi sonining o‘sishi bo‘yicha tumanda 2-o‘rinda turadi. Tumanda shunaqa maktablar borki, ikki qavatli maktab binosining teng yarmi yoki ikkinchi qavati bo‘sh turadi. Maktab binosi qurilishida aholi soni yoki uning ma’lum davrgacha bo‘lgan o‘sish darajasi inobatga olinmagan. 2020/2021-o‘quv yilida sinflarimiz soni yana 2 taga ortishi kutilmoqda. Ularga qanday joy ajratishga boshimiz qotyapti.
Yuqorida qalamga olgan barcha muammolarimizning yechimi sifatida men Xalq ta’limi tizimi rahbarlaridan quyidagicha yordam so‘rayman:
1. 2020-yilda yaqin yillarda aholining maktabgacha bo‘lgan yoshdagi qismini hisobga olgan holda maktabimiz uchun qo‘shimcha bino qurib berishda amaliy yordam bering. 700 o‘rinli zamon talabiga javob beradigan maktabimiz bo‘lishini orzu qilyapmiz.
2. Asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining haftalik dars soatlarini iloji boricha o‘qituvchilarning oyligiga ta’sir qilmagan holda kamaytirish yoki 6 kunlik dars tartibiga o‘tishimizga ruxsat bering.
Abdusalom SATTOROV, Bekobod tumanidagi 10-umuta’lim maktabi direktori