Maktabdoshlarim nega talaba bo‘lmadi?
Talaba bo‘lish kichik bo‘lsa-da g‘alaba. Qilgan mehnatlaring natijasidan shodlanasan. Ammo ta’lim olgan maktabingda sendan boshqa hech kim o‘qishga kirolmagan bo‘lsa-chi?
Yuragimning bir cheti kemtik bo‘lib tongda aftobusga chiqaman. Yo‘lovchilar orasida qayerlargadir ishlash uchun ketayotgan tengqurlarim ham bo‘ladi. Ularning havas ila tikilgan ko‘zlariga qarab, aybdordek his etaman o‘zimni. Avtobus qo‘shni qishloqdagi maktabga yaqinlashgani sari yuragim orqaga torta boshlaydi. Tushib piyoda ketgim keladi. Chunki o‘sha maktab yonidagi bekatdan yigirma chog‘li talaba yigit-qizlar avtobusga chiqadi. Endi pinhona alam yuragimni kemira boshlaydi. Miyamni chulg‘agan savollar girdobidan chiqib ketolmayman.
“Nega qo‘shni maktabning shuncha o‘quvchisi talaba bo‘ladi-yu bizda esa…”
Mening maktabdoshlarim ham talaba bo‘lsa edi. Biz ham ularga o‘xshab shodon gurunglashib shu avtobusda universitetga qatnasak qanday yaxshi bo‘lardi.
Ehtimol, bunga maktabimizda yetarlicha bilim bermayotgan o‘qituvchilar sababchidir. Yo tengqurlarimning o‘quv kurslariga jo‘natish uchun imkoni bo‘lmagan ota-onalarini ayblaymi? Gap maktabda emas, ko‘proq tirikchilik bozorlarida savod chiqargan tengdoshlarimdamikan?
Muhayyo HABIBULLAYEVA, O‘zJOKU talabasi