5 tashabbus: Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati maktablariga o‘quv jihozi va uskunalar topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 23-yanvar kuni “Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivali doirasida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida g‘olib bo‘lgan maktablarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimining birinchi bosqichi Namangan shahridagi 84-umumta’lim maktabida tashkil etildi. Taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ishtirok etdi.
“Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivali Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan 2019-yilning oktabr-noyabr oylarida o‘tkazildi.
Mazkur festival o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish va sportga jalb etish, axborot-texnologiyalari hamda kitob mutolaasiga qiziqish uyg‘otish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Oktabr-noyabr oylarida umumta’lim maktablarida 5 ta tashabbusni o‘z ichiga qamrab olgan tarmoq tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlarda olingan foto va videolavhalardan 5 ta besh daqiqadan ortiq bo‘lmagan videoroliklar tayyorlandi.
Festival 2 bosqichda o‘tkazilib, umumta’lim maktablari tomonidan tayyorlangan videoroliklar www.facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan 5tashabbus_maktabda guruhiga joylashtirildi. Guruhda eng ko‘p layk olgan va ko‘p ulashilgan videoroliklar saralanib, ishchi guruh tomonidan Nizom talablariga ko‘ra 10 ta kriteriya bo‘yicha baholandi.
Bugungi kunda 5tashabbus_maktabda guruhida jami 17 ming nafardan ortiq guruh a’zolari bo‘lib, ular tomonidan jami 6 165 ta videoroliklar joylashtirilgan. Ushbu videoroliklarga jamoatchilik tomonidan 10 221 ta izoh qoldirilgan, 96 215 ta munosabat (layk bosilgan) bildirilgan.
Natijalariga ko‘ra 5 ta yo‘nalish bo‘yicha har bir hududdan 5 ta birinchi, 5 ta ikkinchi va 5 ta uchinchi o‘rinlar, jami 210 ta videoroliklar g‘olib va sovrindor sifatida aniqlandi.
Festival g‘olib va sovrindorlari raqamli fortepiano, ovoz kuchaytirigich kolonkasi bilan, musiqa asboblari, sport ekipirovka (mashg‘ulot formasi, nakidka), futbol, voleybol, basketbol to‘plari, gimnastika mati, kompyuter, printer (rangli), proyektor, robototexnika to‘plami, noutbuk, kompyuter, printer (3+1), kitoblar to‘plami, tikuv mashinasi, oshxona kombayni, elektr pech, sartaroshlik jihozlari, dazmol va dazmollash doskasi bilan taqdirlandi.
Festival natijalariga asosan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi 5 ta hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Qashqadaryo hamda Samarqand viloyatlarida ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.