Maktab korrupsiyadan xoli bo‘lishi kerak!
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, o‘qituvchilarga imtiyozlar berilayotgani, ularning nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganiga qaramasdan ta’lim sohasi korrupsiyadan butkul xalos bo‘lolmayapti.
O‘rta ta’limdagi korrupsiya ikki yo‘nalishda namoyon bo‘lmoqda. Boshqaruv tizimidagi va ta’lim maskanlaridagi korrupsiya. Ta’lim tizimini boshqarishdagi korrupsiya — moddiy yoki nomoddiy manfaat evaziga mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik, shaxsiy sodiqlik sifatlarini nazarga olib yoki nomutaxassisni, malakasi yetarli bo‘lmaganlarni ishga qabul qilishdan iborat. Misol uchun, pedagogik diplomga ega bo‘lmagan shaxs “qayta tayyorlovdan o‘tdi” degan guvohnoma bilan boshlang‘ich sinflarga dars beryapti. Malakasi yetarli emasligi aniqlangach, maktab direktori Mehnat kodeksining 100-moddasiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishini ma’lum qiladi. Ammo ta’lim boshqarmasining bitta qo‘ng‘irog‘i bilan maktab direktori qarorini amalga oshirolmaydi.
Korrupsiyaga barham berish choralaridan biri sifatida pedagogik diplomga ega bo‘lmagan shaxslarning “qayta tayyorlovdan o‘tdi” degan guvohnoma bilan maktablarda ta’lim berishini taqiqlash joiz deb bilaman. Kezi kelganda aytish lozimki, ta’lim tizimini boshqarishning quyi bo‘g‘inlarini tubdan isloh qilish kerak, chunki boshqaruvdagi nozarur bo‘g‘inlarning ko‘pligi ham korrupsiyaga omildir.
Maktablardagi korrupsiya qanday holatlarda namoyon bo‘lmoqda va ularni bartaraf etish uchun nima choralar ko‘rish lozim?
Kuzatuv kengashlarining faoliyati kutilgan natijani bermayapti. Ayniqsa, munosib maktab rahbarini tayinlash yoki noloyiqlarini lavozimidan ozod etishda ularning roli sezilmayapti. Ba’zi holatlarda kuzatuv kengashining qarorlariga to‘sqinlik yoki mensimaslik holatlari ham kuzatilmoqda. Maktab ustavidagi tartib-qoidalar qog‘ozda qolib ketmoqda. Ko‘plab o‘qituvchilar o‘z ustavidan bexabar. Maktab ustavini bilmaslik ham qonunbuzilishlarga sabab bo‘lyapti.
Maktab oshxonalarida ro‘y berayotgan qonunbuzilishlar korrupsion holatlarga shart-sharoit yaratmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2016-yildagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra bolalarga maktab oshxona-bufetlarida sotishi taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati tuzilgan va bu ro‘yxat barcha maktablarda ko‘rinarli joyga o‘rnatilishi shart. Holbuki, maktab oshxonalarida nafaqat bolalar sog‘lig‘iga, millat genofondiga ziyon yetkazilyapti, balki Vazirlar Mahkamasining qarori ham bajarilmayapti.
Mehnat kodeksining 79- moddasida davlat korxona, tashkilotlarida yaqin qarindoshlarning bir-biriga bo‘ysunuvi yoki nazorati ostida ishlashlari taqiqlangan. Shunga qaramasdan, ko‘plab maktablarda Mehnat kodeksining mazkur talabiga mutlaqo rioya qilinmayapti. Bu ham korrupsiyaga omildir.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasidagi yuridik xizmat faoliyatini tashkilot, muassasa rahbarlaridan mustaqil qilib, bevosita Adliya organlariga bo‘ysunish tartibini joriy etish ham ta’limdagi korrupsion holatlarga barham berish choralaridan biri hisoblanadi. Ta’lim sohasidagi ba’zi lavozimlarda mutaxassislarning uzoq yillar ishlashi ham korrupsiyaga omil bo‘lmoqda. Ularning lavozim muddatlarini cheklash hamda maktablar rahbariyatini reja asosida majburiy tartibda rotatsiya qilish qoidasini joriy etish ham ko‘plab qonunbuzilishlarga barham beradi, korrupsiyaning oldi olinadi.
Ta’lim maskanlari qonunbuzilishlardan, korrupsiyadan mutlaqo xoli bo‘lishi lozim. Zero, maktab hayoti jamiyat hayotini aks ettiradi.
A.SATTOROV, G‘ijduvon tumani xalq ta’limi bo‘limi yuristkonsulti