Tuman olimpiadasi qanday o‘tdi?
“Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida ta’limdagi eng muhim jarayonlar va so‘nggi yangiliklar muhokama qilinadi. Bu gal ko‘plab o‘qituvchilar qishki ta’til davrida bo‘lib o‘tgan fan olimpiadalarining tuman bosqichi haqida qizg‘in bahs olib bordi. Natijalardan ko‘pchilik xursand bo‘lsa, ba’zilarning esa yana bir marta hafsalasi pir bo‘ldi. Muhokamalardan ma’lum bo‘ldiki, Xalq ta’limi vazirligi o‘z oldiga qo‘ygan Adolat — Sifat — Shaffoflik kabi uch tamoyil ayrim hududlarda haligacha amalda emas.
Mahkam QILICHEV (ism-familiya shartli ravishda o‘zgartirildi):
— O‘quvchim ingliz tili fanidan 75 ball oldi, biroq hakamlar o‘zi va boshqa tanish-bilish maktablarning o‘quvchilari balini 91–93 qilib qo‘yishdi. Xo‘sh, shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Axir “yuqori” ball olganlar ertaga III bosqichda yaxshi natija ko‘rsata olishiga kim kafolat beradi? Haqiqat shuki, maktablar o‘rtasida o‘tkazilayotgan olimpiada ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas. Hakamlar hay’atini boshqa tumanlardan qo‘yishga esa o‘sha tuman XTB mutasaddilari qo‘rqadi. Pirovardida, o‘quvchilarning fanga, o‘qishga va ertangi kunga ishonchi so‘nib bormoqda! Qani odillik, qani haqiqat?! 9-sinf o‘quvchim ingliz tilidan 24-savolga javobni “turn off”ni qo‘ygan, lekin javobda “switch off” turibdi, vaholanki, bu ikki so‘z bir ma’noni ifodalaydi aslida. Ya’ni “o‘chirmoq” degani!
Nozima AVAZOVA (shartli ravishda o‘zgartirildi):
― O‘quvchim inshodan 37 ball oldi. Ammo og‘zakidan juda past. Hakamlar avval sinfdan tashqari she’r so‘ragan, o‘quvchim aytgan, keyin sinfdan tashqari badiiy asar debdi, o‘quvchim asar nomlarini sanasa, bular darslikda bor, noto‘g‘ri deyishibdi. Axir nizomda sinfdan tashqari o‘qilgan asar deyilmagan-ku, badiiy asardan deyilgan. O‘quvchi parchani emas, to‘liq asarni o‘qigan bo‘lishi mumkin-ku. Mana buni haqiqiy nohaqlik desa bo‘ladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, qanday qilib inshodan 37 ball olgan o‘quvchi og‘zakidan 3 ball olishi mumkin?! Qani hakamlarning adolati?! Kamiga o‘qituvchi o‘quvchilarning shaxsiyatiga tegib, “men senlarning bilimingdan qoniqmadim. Kelasi yil olimpiadaga kelmanglar”, debdi.
Sitora ORIPOVA, Zomin tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi:
— Olimpiada tizimi yillardirki yangilanmayapti. Haqiqat bor deymiz, bilimli yutib chiqadi deymiz, lekin hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lib, haqiqat yo‘qligining guvohi bo‘lganman va bu ishga qaytib aralashmaslik kerakligini anglaganman. Qolaversa, jarayonni ko‘rib “Baliq boshidan sasiydi” degan maqol naqadar rostligiga amin bo‘ldim. Chet elga havas qilamiz, PISA va hokazolarni o‘rganamiz, deb harakat qilyapmiz. Endi bir savol: kim haqiqat uchun kurashadi? Olimpiada masalasi xalq ta’limi bo‘limlari xodimlariga topshirilmasligi va hakamlar umuman boshqa joydan, masalan OTM mutaxassislaridan chaqirilsa, haqiqat biroz yuzaga chiqarmidi?..
“Qani odillik, qani haqiqat?”
Zevarshoh HAMROYEVA, G‘ijduvon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Bu yilgi olimpiada boshqalaridan tubdan farq qildi. Hakamlar kuzatuvchilar bilan hech qanday aloqa qilolmadi, haqiqiy ishga baho qo‘yildi. Tekshirish yakunlangandan so‘ng natijalar doskada e’lon qilindi. Avvallari ballar mavhum bo‘lardi. Yakunda o‘quvchilarga o‘qib berilardi. Bu yil ustozlar hakamlardan rozi bo‘lishdi. Hatto minnatdorchilik bildirishdi. Hammadan ham yaxshisi, ustozlar sovuqda kechgacha o‘tirishmadi. O‘quvchilar birinchi kuni insho yozdi, keyingi kun test topshirdi. O‘quvchilarimiz yaxshi natijaga erishganlaridan xursandmiz.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
— Olimpiadada ishtirok etish uchun maktablarga bittadan o‘quvchi olib kelish shart degan tushuncha bo‘lmasligi kerak. Qaysidir maktabda alohida iqtidori bor o‘n o‘quvchi bo‘lsa, barchasi qatnashsin. Mumkin bo‘lsa, fan olimpiadalari bir paytda emas, turli vaqtda o‘tkazilsa, ana shunda bir o‘quvchi bir nechta fandan qatnashib, o‘z imkoniyati, bilimini yanada yaxshiroq aniqlab oladi. Shunda iste’dodlar ko‘proq kashf etilardi. Masalan, farzandim doim matematika fanidan olimpiadaga qatnashadi, natijalari yaxshi. Lekin informatika va fizikaga ham qobiliyati bor. Bunday o‘quvchilar juda ko‘p, ularga imkoniyat berish kerak.
Sayyora PARPIYEVA, Jalaquduq tumanidagi 7-maktab o‘qituvchisi:
— Matematika fanida masalalarning murakkab berilishi bor gap. Ammo xalqaro olimpiada masalalarini kuzatib borsangiz, masalalar murakkablik jihatdan to‘g‘ri tanlanganiga amin bo‘lasiz. O‘quvchilarimiz orasida shunday kuchlilari borki, javobni sodda va chiroyli yechimlar bilan taqdim eta oladi. Fan olimpiadalarini tashkillashtirish masalasida mening ham takliflarim bor. Olimpiadalar ham xuddi abituriyentlar imtihonidek ixtiyoriy ravishda tashkil etilsa, xohlovchilar qatnashsa deyman. Qishning sovuq kunlari emas, oktabr, noyabr, aprel, may oylarida o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish tartibi bo‘yicha fikr-mulohazalarni, vujudga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan takliflarni vazirligimizga siz va biz kabi ustozlar yozma ravishda yetkazishimiz lozim. Barcha fikrlar o‘rganilib, shu masala o‘zining ma’qul yechimini topadi, deb o‘ylayman.
Hakamlar nima deydi?
Nargiza MIRZAAHMEDOVA, Norin tumanidagi 31-maktab o‘qituvchisi:
— Matematika fanidan 10-sinflarga hakamlik qildim. 5 nafar hakamning o‘quvchilariga tegishli ishlarni boshqa o‘qituvchilar tekshirdi. Biz o‘quvchilarimizning balini hammaga o‘qib berganda eshitdik. Menimcha, haqqoniy bo‘ldi. Sababi, o‘tgan yillarda yozma ish — testni 100 foiz ishlab qo‘yishardi, o‘quvchilar tayyorini olgani uchun. Bu yil ball u darajada yuqori bo‘lmadi. Metodistlar haqiqiy bilimi bor o‘quvchi g‘olib bo‘ladi, deyishdi. Chunki viloyat bosqichiga tumanning nufuzini ko‘taradigan o‘quvchi chiqishi kerak-da.
Nafisa ORTIQOVA, Uchko‘prik tumanidagi 29-maktab o‘qituvchisi:
— Hakamlar haqida salbiy qarashlarda haqiqat bor, chunki hammaga yutuq kerak, obro‘ kerak, ustama kerak, mukofot kerak... Ammo bu degani vijdonlilar yo‘q degani emas. Masalan, biz ingliz tilida yozilgan insholarni 5 guruhga ajratib olamiz-da, qo‘lma-qo‘l aylantirib, kelishib ball qo‘yamiz. Eng yaxshi yozilgan ishlarga yanada hushyorlikni oshiramiz. Chunki bizda bir-ikki marta apellatsiyadan so‘ng uyalib qolgan vaziyatlar bo‘lgan. Shuning uchun adolatli baholashga harakat qilamiz.
Dildora BEKMURODOVA, Termiz tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi:
— Bu yil ham hakamlar qatorida bo‘ldim. Maktab hovlisiga yig‘ilib turgan o‘smir yigit-qizlar bilan nigohlarimiz to‘qnashganida, sizlardan umid qilamiz, bizni xolis baholang, degan ma’noni uqib olaman. Ularning sof, bolalarcha umid bilan boqayotgan beg‘ubor ko‘zlariga tik boqish uchun har bir daftardagi satrlarni diqqat bilan o‘qishga harakat qilaman. Bir necha yildan buyon hakamlik qilayotgan bo‘lsam, vijdonim oldida ham, o‘sha o‘smir yigit-qizlar oldida ham ularning ko‘zlariga tik boqa olaman. Aziz ustozlar, biz kelajak uchun sarxil mevalar yetishtirishimiz kerak!
Lobar ERGASHEVA, Romitan tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi:
― Olimpiada nizomiga muvofiq bizda o‘quvchining ijodiy ishi va testi kodlanadi. Tekshirayotgan kishi uning kimligini bilmasligi kerak. Lekin men dars beradigan o‘quvchilarim barchasining xatini taniyman. Shu tufayli tumanimizda hakamlar boshqa sinf o‘qituvchilaridan tanlanadi. Yoki ularning ishini maxsus ekspertlar tekshiradi. Bu bizda ko‘p yillik an’ana.
Sanobar XO‘JAMURODOVA, Amudaryo tumanidagi 40-maktab direktori:
— Ikki kunda maktabimizdan 10 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘ldi, ertasiga ularning safi yana kengaydi. O‘tgan yili o‘quvchilarimiz orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi g‘oliblari ham bor edi. Unda respublika bosqichida ham bizning o‘qituvchilar hakam bo‘lgan ekan-da? Bizdan hech kim hakam bo‘lmagan. Kechirasizlar, oldin bola bilan muntazam ishlang, faqat olimpiada arafasida emas!
Aslida…
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi:
— Bir narsani to‘g‘ri qabul qilishni o‘rganishimiz kerak: qozonda bori cho‘michga chiqadi! XTBga yoki hakam o‘qituvchiga kimdan qanday manfaat? Ular bilimi sust o‘quvchini chiqarish o‘ziga yomonligini yaxshi biladi. Agar tumanda g‘olib bo‘lgan o‘quvchi viloyatdan past ball olsa reytingi tushadi. Shuning uchun xolisona yondashaylik, hamma o‘rin ololmaydi. Eng yaxshidan eng yaxshisi aniqlanadi. O‘rin ololmaganlar janjal o‘rniga qayerda xato qilganini tahlil qilsa, keyingi safar albatta g‘olib bo‘ladi. Kecha hakam emasdim, o‘quvchim g‘olib bo‘ldi, bugun hakam bo‘lib o‘quvchim past ball oldi. Ayting-chi, o‘rinlar hakamlarniki bo‘lsa, o‘quvchim nega o‘rin ololmadi, yig‘lab qoldi. O‘ziga ishongan va meni ham ishontirgan o‘quvchim xatolarga yo‘l qo‘ygan. Xatoni tan olib, uni qayta takrorlamaslik ham katta bilim! Birovga tosh otishdan avval o‘sha tosh qaytib o‘ziga tegishini ham o‘ylash kerak.
Adolatxon SOBIROVA, Urganch shahridagi 8-IDUMI o‘qituvchisi:
— Maktablar uchun reyting masalasini takomillashtirish kerak. Olimpiada va bilimlar bellashuvi mana shu reytingni belgilaydigan asos bo‘lib kelgan. Shu ham sabab bo‘lishi mumkin shaffoflik va adolat tamoyillarining buzilishiga. Meni qiynaydigan muammo boshqa. O‘qituvchi qishki ta’tilda ozgina dam olish, madaniy hordiq chiqarish, o‘z ustida ishlash o‘rniga olimpiada o‘tayotgan maktab ostonasida o‘quvchilarining natijasini sovuq havoda tik oyoqda kutadi. Yana uvol ketgan asablarni aytmaysizmi?! Balki olimpiadani boshqa paytda o‘tkazish mumkindir.
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
― Olimpiada haqida so‘z borar ekan, birgina o‘y menga tinchlik bermaydi. Hozirgi kunda 10-11-sinf o‘quvchilarining ko‘pchiligi repetitorga borishadi. Maktabdagi ustozlar esa ko‘p holatda aynan repetitorga borayotgan o‘quvchilarni olimpiadaga olib borishadi va g‘olib bo‘lsa, mana mening o‘quvchim g‘olib deb maqtanib ham qo‘yishadi. Repetitorga borib, g‘olib bo‘lgan o‘quvchining yutug‘i kimniki: maktabdagi ustoznikimi yoki repetitornikimi?
Dilorom ESHMAMATOVA, Sergeli tumanidagi 6-maktab direktori:
― Bilimi bor o‘quvchilar baribir yutadi. Hakamlar har bir qilgan ishiga javob beradi. Bizning tumanda fan olimpidasi 95 foiz adolatli va haqqoniy o‘tkaziladi. Bu yil tumanda 24 ta o‘rin oldik, o‘tgan o‘quv yilida 19 ta edi. Har o‘quv yili olimpiadaning shahar bosqichida 7–10 nafargacha o‘quvchilarimiz g‘oliblar safida bo‘lishadi. Respublikada ham o‘rin olganlar talaygina. Mehnat qilgan o‘qituvchi va bilim olishdan charchamagan o‘quvchi albatta g‘oliblikni qo‘lga kiritadi.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.