5 tashabbus: Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi maktablarga o‘quv jihozi hamda uskunalar topshirildi
2020-yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivalining Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi g‘olib maktablarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimining ikkinchi bosqichi Toshkent shahridagi 38-umumta’lim maktabida tashkil etildi. Taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi.
“Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivali Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan 2019-yilning oktabr-noyabr oylarida o‘tkazildi.
Mazkur festival o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish va sportga jalb etish, axborot-texnologiyalari hamda kitob mutolaasiga qiziqish uyg‘otish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Oktyabr-noyabr oylarida umumta’lim maktablarida 5 ta tashabbusni o‘z ichiga qamrab olgan tarmoq tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlarda olingan foto va videolavhalardan 5 ta besh daqiqadan ortiq bo‘lmagan videoroliklar tayyorlandi.
Festival 2 bosqichda o‘tkazilib, umumta’lim maktablari tomonidan tayyorlangan videoroliklar www.facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan 5tashabbus_maktabda guruhiga joylashtirildi. Guruhda eng ko‘p layk olgan va ko‘p ulashilgan videoroliklar saralanib, ishchi guruh tomonidan Nizom talablariga ko‘ra 10 ta kriteriya bo‘yicha baholandi.
Bugungi kunda 5tashabbus_maktabda guruhida jami 17 ming nafardan ortiq guruh a’zolari bo‘lib, ular tomonidan jami 6 165 ta videoroliklar joylashtirilgan. Ushbu videoroliklarga jamoatchilik tomonidan 10 221 ta izoh qoldirilgan, 96 215 ta munosabat (layk bosilgan) bildirilgan.
Natijalariga ko‘ra 5 ta yo‘nalish bo‘yicha har bir hududdan 5 ta birinchi, 5 ta ikkinchi va 5 ta uchinchi o‘rinlar, jami 210 ta videoroliklar g‘olib va sovrindor sifatida aniqlandi.
Festival g‘olib va sovrindorlari raqamli fortepiano, ovoz kuchaytirgich kolonkasi bilan, musiqa asboblari, sport ekipirovka (mashg‘ulot formasi, nakidka), futbol, voleybol, basketbol to‘plari, gimnastika mati, kompyuter, printer (rangli), proyektor, robototexnika to‘plami, noutbuk, kompyuter, printer (3+1), kitoblar to‘plami, tikuv mashinasi, oshxona kombayni, elektr pech, sartaroshlik jihozlari, dazmol va dazmollash doskasi bilan taqdirlandi.
— “Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivali o‘quvchilarimizni nafaqat Prezidentimiz ilgari surgan 5 tashabbus doirasida tashkil etilayotgan to‘garaklarga jalb etishga balki maktablarning jihozlanishiga ham ko‘mak beradi, — dedi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. — Umid qilamizki, g‘olib maktab o‘quvchilari ularga berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanadi va mamlakatimiz rivojlanishiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi.
Festival natijalariga asosan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi 5 ta hududda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Namangan hamda Samarqand viloyatlarida ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.