Eng katta qashshoqlik ilmsizlikdir
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2020-yilning “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi joriy yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni aniq-lo‘nda qilib belgilab berdi.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Jamiyatni rivojlantirish uchun ilm-ma’rifat va yuksak ma’naviyat kerak. Eng yaxshi meros bu yaxshi tarbiya. Eng katta boylik bu aql-zakovat va ilm. Eng katta qashshoqlik bu ilmsizlikdir”.
Prezidentimiz ta’limni rivojlantirish uchun maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, o‘quv yuklama va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligini alohida ta’kidladilar. 2021-yilda xalqaro PISA baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun Respublikamizda 348 ta tayanch maktablar belgilanib, 6 mingdan ortiq o‘qituvchining malakasi oshirilishi belgilandi.
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning oliy ta’lim olishlari uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish, davlat grantlari asosida o‘qish kvotalarini 2 baravar oshirish, qizlar uchun alohida grant o‘rinlarini ajratish, oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining yanada adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash, hamda korrupsiya holatlarining oldini olish, pedagogik ta’limning 6 ta (Musiqiy ta’lim, Jismoniy madaniyat, Texnologik ta’lim, Chaqiriqqacha harbiy ta’lim, Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport) yo‘nalishlarida o‘qish muddatini 3 yil qilib belgilash, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 25 foizga va kelgusida 50–60 foizga yetkazish, shuningdek, ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish orqali yoshlar ona tili fanidan istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olib, o‘qishga kirayotgan paytda ularni ona tili fani test sinovidan ozod etish, oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislik bo‘lmagan fanlarni o‘qitish soatlarini 2 baravar kamaytirib, mutaxassislik fanlariga ko‘proq soat ajratilishi shartligini eslatib o‘tdilar. Ta’lim sohasidagi bu yangiliklar, shubhasiz, xalqimizni yanada yangi marralar sari fidoyilik bilan mehnat qilishga da’vat etadi.
Prezidentimiz ma’ruzasini tinglab, biz pedagoglar va professor-o‘qituvchilar jamiyat taraqqiyotining asosi hisoblangan ilm-ma’rifatni rivojlantirish vazifasi har doimgidan ham dolzarb ekanligini yana bir bor his qildik va yoshlarga innovatsion texnologiyalar yordamida zamonaviy bilimlar berish uchun tinmay izlanishni o‘z oldimizga maqsad qilib belgiladik.
Nurxon BEKNIYOZOV, Davlat test markazi Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i