Ona tilimiz yanada qadr topajak
Maktabda ekanimda onam (nafaqadagi o‘qituvchi) telefon qilib qoldilar: “Tanaffusga chiqishingni kutib turdim. Tez televizorni qo‘y. Prezidentimiz ta’lim haqida juda yaxshi gaplarni aytyaptilar”. O‘sha vaqtning o‘zida televizor “qulog‘i”ni buray olmadim, ammo darslarim tugagach, birinchi ishim Murojaatnomani ko‘rish bo‘ldi. Juda ta’sirlandim. Ham quvondim, ham oldimizda katta mas’uliyatli vazifa turganini his etdim.
Davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida ta’lim tizimida olib boriladigan islohotlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tgani va aynan joriy yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berishni taklif etishi zamirida xalqimizning farovon hayoti uchun qilinajak ezgu ishlar maqsadi mavjudligi biz — pedagoglarni quvontirdi. Jahonda iqdisodiy rivojlanganligi bilan tan olingan qaysi davlat tajribalarini o‘rganmaylik, avvalo, ularning bunday darajaga erishishlarida ta’limning rivoji asos bo‘lganligini ko‘ramiz. Haqiqatda ham, kadrlar salohiyati davlat ravna¬qini belgilab beradi. Shuningdek, ma’rifatli xalqning turmushi saodatli bo‘lishini tarix sahifalarida bitilgan bitiklar hamda bugungi kun ko‘zgusi aks ettiradi.
Birinchi navbatda, joriy yilda bog‘cha yoshidagi farzandlarimizning aksariyati maktabgacha ta’lim maskanlariga qamrab olinishi bu ta’lim-tarbiyaning sifatli bo‘lishiga kafolatdir. Asrlar osha mustahkamligi bilan barchani lol qoldirib keladigan ko‘hna binolarimiz boqiyligi, aslida, pishiq qo‘yilgan poydevoriga bog‘liq bo‘lganidek, kichik yoshdanoq ilm-ma’rifatga oshno bo‘lgan qalb, kelajakda nafaqat o‘z yo‘lini, balki o‘zgalar yo‘lini ham yoritguvchi oftob bo‘ladi.
Maktab o‘quv dasturlarining xorijiy tajribalar asosida takomillashishi, fanlarning xalqaro standartlarga mos kelishi hamda darsliklar sifatini oshirish haqidagi qilinishi zarur bo‘lgan ishlar rejasi bizni quvontirish bilan bir qatorda zimmamizga katta mas’uliyat ham yukladi. Negaki milliy tarbiyaga yo‘g‘rilgan zamonaviy bilim berish usullarini o‘rganishimiz va amalda tatbiq etmog‘imiz davr talabidir. Shuningdek, ona tilimizning yuksak qadr topayotgani barchamizni birdek quvontirayotgan bo‘lsa, ajab emas. Bu haqida Prezidentimiz so‘zlariga yana bir bor e’tiborimizni qaratsak: “Ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, o‘qishga kirayotgan paytda ona tili bo‘yicha qayta sinovdan o‘tishlariga hojat qolmaydi”. Qaysi soha egasi bo‘lishidan qat’i nazar, avvalo, o‘z ona tilida nutqiy savodxonligi to‘laqonli shakllangan bo‘lishi kerakligiga undov bu!
Dildor NURMUHAMMEDOVA, o‘qituvchi