Senator maktabga ikkita kompyuter sovg‘a qildi
Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 14-umumta’lim maktabi pedagogik jamoasi va o‘quvchilari bilan davra suhbati o‘tkazdi.
Bu haqda universitet axborot xizmati xabar bermoqda. Muloqotda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis Senatining yaqinda o‘tkazilgan birinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasi hamda parlamentga taqdim etilgan Murojaatnomasiga qaratildi.
– Murojaatnomada davlatimiz rahbari ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash, qulay biznes va investitsiya muhitini yaratish yuzasidan muhim tashabbus va g‘oyalarini ilgari surdi, – dedi R.Xolmurodov. – Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda esa, shubhasiz, yoshlarning intilishi, pedagoglarning salohiyati muhim o‘rin tutadi. Aynan shuning uchun Prezidentimiz ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratib, avvalo ilmni qadrlash, ziyolilarni qo‘llab-quvvatlashni zarurligini ta’kidladi. Buni har biringiz bilishingiz, ilm va ma’rifatning qadriga yetishingiz zarur.
Uchrashuv yakunida senator o‘qituvchi va o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Maktabga ikkita zamonaviy kompyuter jamlanmasi sovg‘a qildi.
Oliy Majlis Senati a’zosi o‘zi rahbarlik qilayotgan universitet jamoasi va talabalar bilan ham Murojaatnomadan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan fikrlashib oldi.
O‘zA