Geografiya keraksiz fanmi?
Aslida ona tili o‘qituvchisiman. 8-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim geografiya faniga juda qiziqadi. 6–7-sinflarda shu fandan bilimlar bellashuvining maktab, tuman bosqichlarida birinchi o‘rinni egalladi.
Bu yil ham qatnashmoqchi. 9-, 10-, 11-sinflarda ham fan olimpiadasida qatnashib, g‘olib bo‘lish umidida edi. Olimpiada faqat 9-sinfda bo‘lishini, undan keyingi sinfda ushbu fandan olimpiada bo‘lmasligini eshitib rosa xafa bo‘ldi. Orzulari olam-olam. Geografiya fanidan respublika iqtidorli bolalar olimpiadasida ham qatnashaman, deb yurar edi. Afsuski, geografiya fanidan iqtidorlilar olimpiadasi o‘tkazish uyoqda tursin, tuman, viloyat fan olimpiadalari ham 9-sinfdan keyin tugar ekan. O‘g‘limni “Nega geografiyani kamsitishadi?”, “Nega uni yuksaltirishga harakat qilishmaydi?” kabi savollar qiynayapti. Men ularga javob berolmayapman.
Haqiqatan ham, O‘zbekistonimizga bilimli geograflar kerakmasmi? Nega bu yil geografiyadan 10–11-sinflar o‘rtasida fan olimpiadasining tuman, viloyat bosqichlari o‘tkazilmadi? Ushbu fanga ham qiziquvchi o‘quvchilar bor. Besh yil davomida geografiyaga qiziqib, bilimlar bellashuvi va fan olimpiadasida qatnashgan o‘quvchi 10–11-sinfda nima qilsin? O‘zining sevgan fanini boshqa fanga almashtirsinmi? Fan olimpiadasining maktabdan tashqari turiga qatnashay desa, u ham yo‘q. Nahotki, geografiya keraksiz fan bo‘lsa?!
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi