Kimyoni hayotga bog‘lab o‘qiting
O‘lkamizning boyliklari bilan har qancha faxrlansak arziydi. Mashhur Mendeleyev davriy jadvalidagi kimyoviy unsurlarning deyarli barchasi yurtimiz tuprog‘idan topilgan. Yuzdan ziyod turdagi mineral xomashyoni tarkibiga olgan foydali qazilmalarning 3000 ga yaqin istiqbolli konlari mavjudligi ham so‘zimizga dalildir. Umuman, O‘zbekistonning mineral xomashyo salohiyati 3,5 trillion AQSh dollari qiymatida baholanganligi ko‘pchilikka ma’lum.
Kimyo darsi davomida shu kabi ma’lumotlarni bayon eta boshlar ekanman, o‘quvchilarda o‘zgacha qiziqish paydo bo‘layotganini his etaman. Ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari bu singari ma’lumotlarni jon qulog‘i bilan tinglashadi. Shunga o‘xshash ma’lumotlarni o‘zlari ham qo‘shimcha manbalardan izlab topib, o‘zaro bahs-munozaralarga kirishishadi.
O‘qituvchi har bir murakkab mavzuni dastlab hayot bilan bog‘lab, osonroq tarzda o‘quvchiga tushuntira olishi kerak. Eng avvalgi chora bu mavzuga o‘quvchini qiziqtira olishdir. O‘qituvchi bunga erishdimi, keyingi bosqichlarni o‘quvchilar o‘z qo‘liga oladi. Kimyo fanining maktablarda muvaffaqiyatli o‘qitilishi darslarning zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilishiga ham bog‘liq. Albatta, ushbu omil, avvalo, o‘qituvchining bilimi, kasbiy mahoratiga bog‘liq. “Keys stadi”, “Blits-so‘rov”, “Galereya”, “Klaster” singari interfaol metodlardan o‘rinli foydalanish, turli innovatsion texnologiyalarni qo‘llash o‘quvchilarning kimyo faniga qiziqishlarini oshirishi, ularda o‘ziga xos ishtiyoq, havas paydo qilishi shubhasiz.
Yuqori sinflarda kimyo fani o‘qitilishi imkon boricha atrof-muhit, hayot sharoitlari bilan bog‘liqlikda olib borilishi maqsadga muvofiq. Masalan, “Xlor inson hayotida” keysi. Yaponiyada olimlar tomonidan tabiiy organik moddalar jo‘mrakdan oqayotgan va xlorlangan suv bilan reaksiyaga kirishgan holda inson salomatligi uchun xavfli birikmalarni vujudga keltirishi aniqlandi. Binobarin, o‘quvchilarga xlorlangan suvning inson organizmiga iste’mol orqali hamda yuvinish, cho‘milish natijasida qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash, bunday suv-dan insonning qanday a’zolari ko‘proq zararlanishi mumkinligi, xlorlangan suv zararini kamaytirish usullarini belgilash kabi muayyan topshiriqlar berish, tegishli masalani birgalikda muhokama qilish saboqning ham qiziqarli, ham amaliy bo‘lishiga xizmat qiladi.
Kimyo fani o‘qitilishida darsdan tashqari to‘garaklar faoliyati ham ijobiy samaralar beradi. Jumladan, maktabimizda “Kimyo mening hayotimda” to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. To‘garak mashg‘uloti uslub va metodika jihatidan darsdan o‘ziga yarasha farqlanishi zarur.
Dilfuza QURBONOVA, Toshkent shahridagi 132-maktab kimyo fani o‘qituvchisi