Matematika hamma aniq fanlarga asos
Bolalarni matematika faniga qiziqtirishning bir necha usuli bo‘lib, ulardan biri — unda tasavvur paydo bo‘lishi va u taxminlar qilishi mumkin bo‘lgan savollar berish tavsiya qilinadi. Masalan: “Hovuz suvga to‘lishi uchun qancha vaqt ketishi mumkin?”
Bunga o‘xshash hayotda uchraydigan voqeaga bog‘langan savollar qiziqish uyg‘otish baravarida qobiliyat rivojlanishini ta’minlaydi. Bunda bola aniq javobni bilmasa-da, hovuzning maydoni, suvning tezligi, quvurning kengligini hisobga olib, har xil taxminlarni ilgari suradi.
Joriy yilning matematikaga bog‘liq holda e’lon qilinishi uning hayot uchun qanchalar kerakligi bilan izohlanmoqda. Statistikada bu fanni biluvchilar boshqalarga nisbatan ishni mukammal bajarishi, xato va kamchiliklarga kamroq yo‘l qo‘yishi aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada barcha fanlar, jumladan matematika ham hayoti misollar yordamida o‘quvchilar ongiga singdiriladi. Bizda-chi? Bu boradagi qarashlar qanday? O‘qituvchilarning bu boradagi fikrlarni nimalardan iborat?
– O‘n yildan ortiq to‘plagan tajribam asosida o‘quvchilarning bu fanga qiziqishi yil sayin ortib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman, – deydi Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 315-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali matematika o‘qituvchisi Nuriddin Parpiev. – Zamon shiddat bilan o‘zgarib, texnika rivojlanmoqda. Shunga mos ravishda bolalarni ayniqsa, 1-6 sinf o‘quvchilarining matematikaga qiziqishi oshmoqda. Yuqori sinflarda mavzular murakkablashgani bois bolalar bu fandan uzoqlashadi.
Shunga qaramay, o‘qituvchining pedagogik mahorati yuqori bo‘lsa, ko‘rgazmali o‘quv qurollari ko‘magida qiziqarli dars o‘tishi mumkin. Ayni vaqtda sohaga oid darsliklarda juda ko‘p ilmiy ma’lumotlar uchraydi. Misol uchun, 8- sinf geometriya fanida har bir darsda yangi mavzu o‘tish kerak. Mustahkamlash uchun qo‘shimcha soatlar yetishmaydi. Geometriyada ko‘proq chizmalar bilan ishlanadi. Bitta chizmani tayyorlaguncha dars soati tugaydi, oxiriga yetkaza olmaymiz. Shuning uchun amaliy darslarga vaqt ko‘proq berilsa, yaxshi bo‘lardi.
Aslida soddadan murakkabga tomon, ya’ni hayotiy misollar bilan ko‘proq boyitishimiz kerak. Shunda dars ham qiziqarli, ham foydali, ham yodda qoladigan bo‘ladi. Buning uchun darsliklardagi topshiriqlar ko‘proq rasmli, rangli shaklda berilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Har birimizda matematika deyilsa, qo‘shish, bo‘lish degan tasavvur shakllangan. Aslida bu fan hayotning har jabhasida, har qadamda kerak. Shuning uchun ham, garchi bu oson bo‘lmasa-da, farzandlarimizga “fanlarning shohi”ni o‘rgatish juda muhim. Bu borada psixologlarimiz nima deydi? Bola psixologiyasiga matematika fani qanday ta’sir qiladi?
Olmazor tumanidagi 214-umumiy o‘rta ta’lim maktabi amaliy psixologi Foziljon Farhodov bu borada shunday mulohazalarni bildirdi.
– Bola tarbiyasida, ong rivojida har bir fanning o‘z o‘rni bor, – deydi F.Farhodov. – Bunda matematikaning o‘rni beqiyos. Bilasiz, matematikadagi har bir masala, misol bosqichma-bosqich yechiladi. Shundan bu fanni o‘zlashtirgan, yaxshi natijalarga erishgan bolalar hayotidagi muammolarni ham o‘zi yechishga, bir ishni tugallamasdan boshqasiga o‘tmasligi isbotlangan. Ana shunday ijobiy holatlarni hisobga olib, bog‘cha yoshidan bu fanni bosqichma-bosqich o‘rgatish kerak.
Psixolog bu fanni yoqtirgan bolalar yolg‘onni kam gapirishini ta’kidlar ekan, nega unda boshlang‘ichda yaxshi o‘zlashtirgan bolalar keyin bu fandan bezib ketishi, ba’zida matematika, deganda bolada qo‘rquv bo‘lishini so‘rab ko‘rdik.
– Fandagi topshiriqlar 7- sinfdan murakkablashib boradi, – deydi Foziljon. – Biroq, ustozlar bu fanni hayotda qanchalik kerakligini tushuntirsa, bu narsa kuzatilmaydi. Fanga bo‘lgan qiziqishning pastligiga sabab malakali kadrlar yetishmasligi.
Kimdir darsliklarni ilmiy yondashuvlarga tayanishi, yana birov mahoratli o‘qituvchilar kamligi soha rivojida to‘siq bo‘layotganini qayd etmoqda. Bu borada o‘quvchilarning fikrini ham o‘rganish maqsadida Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Lal Bahodur Shastri nomidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik.
– Matematika nafaqat maktabda, ko‘chada ham kerak, – deydi 7-sinf o‘quvchisi Nafisa. – Aslida inson tug‘ilishidanoq bu fanga duch keladi. Chaqaloqning bo‘yi, vazni o‘lchanadi. Shu bois bu fan ham undagi misol-u masalalar hammasi menga
yoqadi.
– Menga esa uncha yoqmaydi, lekin ota-onam, ustozlar matematikani o‘rgan deyishmoqda, – deydi 7-sinf o‘quvchisi Hulkar. – Boshlang‘ich sinfda baholarim a’lo edi, keyin pasayib ketdi. Hozir ona-tili fani yoqadi. She’rlar yodlab, aytishni xush ko‘raman.
– Bu fanni yaxshi bilgan inson aqlli, keng tafakkurli bo‘lib istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlay oladi, – deydi 8-sinf o‘quvchisi Muhammadaziz. – Katta bo‘lsam, buxgalter bo‘lmoqchiman. Shu bois bu fanga qiziqaman, a’lo baholar olishga harakat qilaman.
– Oldin qiziqardim, hozir qiziqmasam-da fanni o‘zlashtirishga harakat qilaman, – deydi 8-sinf o‘quvchisi Shuhrat. – Kelgusida uchuvchi bo‘lmoqchiman, shuning uchun bu fan menga juda kerak.
Nima ham derdik, matematikani yaxshi o‘zlashtirgan inson hayotda tejamkor va tadbirkor bo‘lishga intiladi. Puxta hisob-kitob qilish esa insonga ancha iqtisodiy foyda keltiradi.
Yana bir gap. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda har bir tuman markazida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktab tashkil qilish, ularda ishlaydigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlar to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berdilar.
Ushbu muassasalarda o‘quv jarayonni ilmiy-metodik ta’minlash uchun Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda Xalq ta’limi vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Sayyora ShOEVA, O‘zA