Amerikalik mutaxassis malaka oshirish mashg‘ulotlarida mahorat darslari o‘tmoqda
Amerikalik mutaxassis, Vermont shtatining Charlotte Central maktabi treneri Allan Miller yurtimizda xalq ta’limi tizimini yanada takomillashtirishga hissa qo‘shmoqda.
Allan Miller AQShning Fullbright dasturi doirasida jalb etilgan bo‘lib, Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida faoliyat yuritayapti.
Mutaxassisning malaka oshirish mashg‘ulotlari 28-yanvar – 7-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. U STEAM yondashuv va xalqaro baholash dasturlari doirasida trenerlarni tayyorlash uchun seminar-trening va mahorat darslari o‘tadi.
STEAM ta’lim texnologiyasi maktab o‘quvchilarini yangicha o‘qitish metodikasi bo‘lib, an’anaviy o‘qitish metodikasidan farqli hisoblanadi. U o‘quvchilarni bir vaqtning o‘zida texnologiya, muhandislik, tasviriy san’at, matematika bo‘yicha o‘qitishga mo‘ljallangan. STEAM fan bo‘yicha emas, balki mavzular bo‘yicha integratsiyalashgan o‘qitish tizimidir. Allan Miller fikriga ko‘ra, STEAM ta’limi, deganda amaliy mashg‘ulotlar yordamida ilmiy-texnik bilimlarni real hayotda qo‘llash tushuniladi.
Seminar-treninglar doirasida amerikalik mutaxassis STEAM yondashuv asosida darslarni tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, maslahatlar beradi va tajriba almashadi.
Mazkur loyihaga viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari jalb etilgan.