69 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Joriy yilning 5-fevral kuni bir guruh pedagog xodimlarga “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.
Taqdirlash marosimi Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi 238-maktabda o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonini o‘qituvchilarga shaxsan o‘zi topshirdi. Jami 69 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Mazkur o‘qituvchilar xalq ta’limi sohasida barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnatlari hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shganlari uchun taqdirlandi.
Ko‘krak nishoni bilan birga mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
- Xalq ta’limi tizimining barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda, — deydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — Islohotlarning asosiy yo‘nalishi bu o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqei va obro‘sini oshirishdir. Bugungi tadbirdagidek o‘qituvchilarga e’tibor qaratilsa, ularning mehnati qadrlansa, ular ham yosh avlodga yaxshi bilim beradi va o‘z ustida ishlashni davom ettiradi. Shuningdek, o‘qituvchiga ko‘rsatilgan ehtirom sohaga kuchli bilimga ega yoshlarni ham jalb etish imkoniyatini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 29-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingan. Unda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, qarorda xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan soha xodimlarini davlat va tarmoq mukofotlari bilan taqdirlab borish ko‘zda tutilgan.