Navoiy asarlarini to‘g‘ri o‘qiymizmi?
Navoiy asarlarini bolalikdan o‘qiymiz. Harqalay, meni o‘zbek tili bilan tanishtirgan, o‘zbek tiliga mehr uyg‘otgan muallif Navoiy bo‘ladi. Beshinchi sinfda Navoiy she’rlari bilan birinchi marta tanishib, hech narsa tushunmaganman. Shunga qaramay, bu she’rlarning o‘ziga xosligi, jarangdorligi va tushunarsizligi meni o‘ziga rom etgan. Shundan so‘ng bu tilni tushunishga, o‘rganishga harakatni boshlaganman.
Bugungi kunda chig‘atoy tilini (ya’ni Navoiy tilini) juda yaxshi bilaman desam, maqtanchoqlik bo‘ladi, lekin mubolag‘a emas. Navoiyni ko‘p o‘qiganman, hozir ham ko‘p o‘qib turaman, endi uni ancha yaxshi tushunaman.
Chig‘atoy tili o‘zbek tilining eski varianti sifatida tan olinadi, uning yodgorliklari O‘zbekistonda o‘rganiladi, chop etiladi. Ko‘plar bu kitoblarning tili tushunarsiz deb hisoblaydi. Lekin aslida tushunarli bo‘lishi uchun matn bugungi tilga moslashtirilganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Navoiy tili biz darsliklarda o‘qib o‘rgangandan farq qilgan ekan, u qanday shaklda bo‘lgan? Uning talaffuzini tiklay olamizmi?
Bu masalaga oydinlik kiritish uchun ikki olimning tadqiqotidan foydalanamiz. Birinchisi — Borovkovning “Алишер Навоий как основоположник узбекского литературного языка” maqolasi. Ushbu tadqiqotda mashhur olim Navoiy asarlarining o‘zidagi guvohliklarni o‘rganib, uning davridagi talaffuzni aniqlashtirishga harakat qiladi. Xususan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”dagi ma’lumot asosida u Navoiy tilini bugungi Farg‘ona vodiysi sharqidagi shevalarga yaqinlashtiradi.
Ikkinchi tadqiqot — Shcherbakning “Строй староузбекского языка” kitobi. Unda tadqiqotchi Navoiy va uning zamondoshlari qoldirgan manbalar asosida chig‘atoy tili fonetikasi va grammatikasini tiklashga harakat qiladi.
Bu ikki tadqiqotchiga asoslanib, sodda tilda tushuntiradigan bo‘lsam, Navoiy tilining bugungidan yaqqol farq qiladigan quyidagi ikki jihati bo‘lgan:
— “o” tovushi bo‘lmagan — bu tovush o‘zi fors tilida XVII–XVIII asrlarda cho‘ziq ā’dan shakllanib, fors tili ta’siri ostidagi boshqa tillarga tarqalgan (o‘zbek, uyg‘ur, ozarboyjon, yag‘nob, hindiy-urdu va hokazo). Navoiy davrida u tovush mavjud bo‘lishi mumkin emasdi. Shunday ekan, Navoiyning mashhur g‘azalini “Kecha kelgumdur debon” emas, “Kecha kelgumdur deban” deb o‘qish kerak. Navoiyning taxallusi ham “Navāi” edi;
— singarmonizm hodisasi bo‘lgan, ya’ni bitta so‘zda yo faqat old qator (qattiq), yo faqat orqa qator (yumshoq) unlilar ishlatilgan. Unlilar qattiq va yumshoq variantlarda qo‘llanilgan. Chig‘atoy tilining bugungi ikki davomchisi — o‘zbek va uyg‘ur tillari singarmonizmni qisman saqlagan, o‘zbek adabiy tilidan esa 1930-yillar oxirida singarmonizm umuman olib tashlangan.
Bugungi nashrlarda chig‘atoy tilining asosan unli tovush tarkibi “zamonaviylashtirib” beriladi, undoshlarga uncha tegilmaydi. “Ketur” “keltir”ga, “erdi” “edi”ga aylantirib berilmaydi. Buning aniq sababini bilmayman. Lekin aynan shu holat tufayli tilshunoslikdan bexabar o‘zbek o‘quvchisida bir chalkashlik yuzaga keladi.
Oldinroq aytganimdek, singarmonizm hodisasida bitta so‘zda faqat bitta qator unlisi ishlatiladi. Lekin ba’zi undoshlar ham borki, unlilarning yumshoq-qattiqligiga qarab almashadi. Masalan, “g‘” va “q” uvulyar (chuqur til orqa) tovushlari faqat qattiq unlilar bilan, “g” va “k” faqat yumshoq unlilar bilan keladi. Bu hodisa tufayli chig‘atoy tilida qo‘shimchalar ikki xil —yumshoq va qattiq shaklga ega. Masalan, ādam (“odam”) so‘ziga jo‘nalish kelishigi ko‘rsatkichi qattiq — +ğa shaklida qo‘shilgan: ādamğa. Lekin kişi (“kishi”, “odam”, “erkak”) so‘zidagi unlilar yumshoq, shu bois ularga yumshoq +gä shakli qo‘shilgan: kişigä.
Bu qonuniyat doim ham kitobxonga tushuntirilmaydi, bugungi alifboda barcha unlilar neytral bo‘lgani bois neytral shaklga keltiriladi. Lekin “g‘”, “q”, “g”, “k” harflari bor — ular o‘rnida saqlanib qoladi. Singarmonizmdan bexabar o‘zbek kitobxoni “qadimda +ga qo‘shimchasi faqat +g‘a shaklida ishlatilgan ekan” deb o‘ylaydi. Unlilar singarmonizmi yozuvda aks etmagach, eski matnda bir o‘rinda +g‘a, bir o‘rinda +ga kelishi hech qanday tartibga ega emasday tuyuladi.
Bu xato shu qadar keng tarqalganki, TVda, kinoda ham uni tez-tez uchratishimiz mumkin. Chig‘atoy tilining bugungi o‘zbekka “begona” eng yaqqol ko‘zga tashlanadigan jihati bo‘lmish shu qo‘shimcha kinolarda, seriallarda, reklamada eski tilni imitatsiya qilish uchun o‘rinli-o‘rinsiz ishlatilaveradi: “odamga” ham deb yuborishadi, “kishig‘a” deb ham. Bunday talaffuzni eshitgan Navoiyning tepa sochi tikka bo‘lardi.
Fikrimcha, Navoiy merosidan g‘urur tuyadigan, o‘zini uning vorisi deb hisoblaydigan O‘zbekistonga bu holat yarashmaydi. Shunchaki Navoiy asarlarini bugungi tilga moslashtirib, darsliklarga kiritish yetarli emas. Chig‘atoy tili asoslari ham o‘qitilishi kerak deb o‘ylayman. Unda, bugungi o‘zbek tilidagidan farqli ravishda, oltita emas, sakkizta unli bo‘lgani, davom fe’li bo‘lmagani, “erdi” fe’lidagi “r” allaqachon tushib qolgani (TVdagi tarixiy til imitatsiyachilari “erdi” deb ham ko‘p asabni buzadi) va bu tilning boshqa xususiyatlari o‘rgatilishi lozim. Shunda o‘zbeklarda bobo til haqida muayyan tasavvur hosil bo‘ladi. Hozir +g‘a qo‘shimchasini, “erdi” fe’lini aniq tartibga ega bo‘lmagan arxaizm deb o‘ylayotganlar ular aslida muayyan qonuniyatlarga asosan ishlatilishini tushunib yetadi.
Eh, zamonaviy o‘zbek tili savodxonligi yomon ahvoldaligida eski o‘zbek tili savodxonligi haqida gapirishga shoshildim shekilli. Lekin nima bo‘lganda ham, o‘z tili tarixini, tarixiy shaklini yaxshi biladigan avlod tarbiyalanishini juda xohlayman.
P.S.: Aytganday, o‘zbek tili tarixi o‘rgatilsa, kinochilar, televideniyechilar va hatto yozuvchilar yo‘l qo‘yadigan yana bir xato yo‘q bo‘lardi: kinoda, kitobda voqealar X asrda bo‘ladimi, XIX asrda bo‘ladimi, hamma mana shu Navoiy tili deb tasavvur qilinadigan tilda gapiradi. Yozuvchi va kinochilarimiz Beruniyni ham, Qodiriyni ham “sizg‘a-bizg‘a”latadi. X asrdagi til XIII asrdagi tildan ham kuchli farq qilgan. XV, XVII, XIX asr tillari ham bir-biridan jiddiy farqlarga ega.
2P.S.: Navoiy tilini bizga tushunarsiz qiladigan asosiy narsa haqida ham ikki og‘iz. Navoiy forscha va fors tilidagi arabcha so‘zlarni juda ko‘p ishlatgan.
Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Lekin bir narsani unutmaslik kerak: u so‘zlarning aksariyati so‘zlashuv tilida ishlatilmagan. Bunga Navoiyning o‘zi ham ko‘p ishora qiladi, xalq tili haqida yozganda. Aslida bugun ham o‘zbek adabiy tilida ishlatiladigan forscha so‘zlarning asosiy qismi xalq tilida qo‘llanmaydi. Buni e’tiborga olish lozim. Sof holdagi XV asr tili bugungi tilimizga o‘ylaganimizdan ancha yaqin.
Eldor ASANOV