Ochiq dars: yaxshilik va yomonlikning farqi
Yaxshilik va yomonlikni ajrata olishi, yaxshi fazilatlarni o‘zida jamlash o‘quvchilarning o‘zini-o‘zi rivojlantirish kompetensiyasini shakllantiradi. Buning uchun o‘quvchilar turli yo‘nalishdagi kitoblarni o‘qib, bilimini oshirib borishi muhim.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ishtirokida ochiq darslar o‘tkazish ularning faolligini, bilimini oshiradi. Maktabimiz o‘qituvchilari ham ana shunday ochiq darslarni tez-tez o‘tkazib turishadi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Feruza Otamurodova 4-“F” sinf o‘quvchilari uchun ochiq dars o‘tdi.
Dastlab ustoz o‘quvchilardan o‘tilgan mavzu asosida savol-javob o‘tkazdi. So‘ng taniqli bolalar shoiri Miraziz A’zam qalamiga mansub “Nurxon va Burxon” she’ri asosida ochiq dars boshlandi. Dars boshida o‘qituvchi Miraziz A’zam haqida qisqacha ma’lumot berdi. She’rni o‘qigan har qanday bolada insonparvarlik, do‘stlik tuyg‘ulari uyg‘onishi shubhasiz. O‘quvchilar yaxshilik va yomonlikning farqini birgina she’rdan anglab oldilar.
O‘quvchilar she’rni guruhlarga bo‘linib o‘qishdi. Feruza Otamurodova ekran orqali lug‘at ishi yordamida she’rda ishlatilgan qiyin so‘zlar ma’nosini o‘quvchilarga tushuntirib berdi.
Nigora SULAYMONOVA,
G‘allaorol tumanidagi 44-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari