Toifa-ku kerak! Bilim-chi?
Yaqinda Sirdaryo va Surxondaryo viloyati xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi va rahbar xodimlar Davlat test markazi, Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi nazorati ostida o‘z mutaxassisligi va O‘zbekiston tarixi, o‘zbek tili fanlari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tdilar.
Men ham keksa pedagog bo‘lsam-da, shogirdlarim qatori shu sinovda qatnashdim. Afsuski, natijalarim, bilimlarim yildan yilga pasayib bormoqda. Buning sababini esa yosh bilan bog‘lash unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. 2013-yili 94,6 ball to‘plab, rus tili fanidan oliy toifani himoya qilgan bo‘lsam, 2018-yili navbatdagi attestatsiyada 82,5 ball olib, toifamni qayta himoya qildim. 2019-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan sinovda esa 68 ball yig‘ibman.
Xulosa qilib aytmoqchimanki, har bir o‘qituvchi o‘z bilimi, pedagogik faoliyatiga tanqidiy baho beradigan davr kelibdi. Maktab o‘qituvchilari ham toifalarga bo‘linib qoldi. Qaysiki o‘qituvchi o‘z ustida muntazam ishlasa, darslariga zamonaviy pedtexnologiyalarni olib kirishga intilsa, o‘quvchilar bilan ko‘proq ishlasa, uning test sinovlaridan olgan ballari ham o‘z-o‘zidan yuqori chiqadi. Ammo, afsuski, safimizda fikran qoloq, birgina darslikka tayanib qolgan, bilimi sayoz o‘qituvchilar ham bor.
Bugungi o‘qituvchilarning aksariyati tayyor dars ishlanmalarini internetdan olib, darsiga puxta tayyorgarlik ko‘rmay kelyapti. Hatto ayrimlar mutaxassislik fanlarining faqatgina o‘zlari dars beradigan sinflar o‘quv rejasidagi mavzularnigina biladi. Agar 10–11-sinfga dars o‘tmasa, o‘sha sinfdagi mavzularni bilmasligini ochiq aytishdan ham uyalmaydilar. Bu esa ularning mutaxassisligi bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari talablarini bilmasliklaridan dalolat beradi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Mamlakatimizdagi pedagoglar malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutlarida bugun ahvol qanday? Nima sababdan yuqori ball olib, sertifikat bilan qaytgan ustozlarimiz bugun Davlat test markazi sinovidan juda past ball olishdi? Bu savollarimizga mas’ul shaxslar e’tibor qaratishlarini istardim.
Majburiy obuna yo‘qotildi. Lekin obunadan butunlay qo‘l tortish holatlari ham ro‘y beryapti. Endi qaysi gazeta yo jurnalga yozilish ixtiyoriy. Biroq o‘qituvchilarimizning qo‘lida tuman gazetasidan tashqari boshqa nashrlar ko‘rinmay qoldi. Ayrim o‘qituvchilarimiz qo‘lida “toshi yengilroq” nashrlarni ko‘ryapmiz. Bu nashrlar pedagogga nima beradi? Bizga o‘z mutaxassisligimiz bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni taqdim etadimi? Agar biz ta’lim-tarbiyani qo‘yib, “mish-mish”larni o‘qishdan ortmasak, sinovdagi natijalarimiz hech qachon yaxshi bo‘lmaydi. Bugun maktab direktori, sinf rahbarlari, umuman olganda, pedagoglar darslikdan tashqari qanday manbalarni o‘qiydi? Mana shu og‘riqli savolga dadil javob qaytara oladiganlar oz bugun.
Xalqimizda “Olim bo‘lsang, takror qil, dehqon bo‘lsang, shudgor qil” degan naql bor. Bu xuddi biz o‘qituvchilarga tegishlidek. Bu maqolga muallim doimo amal qilishi kerak.
Samad SAFAROV, Boysun tumanidagi 3-maktab o‘qituvchisi