Tarix va huquq oyligi – sayohatlarga boy bo‘ldi
Bulung‘ur tumanidagi 5-umumta’lim maktabida ijtimoiy fanlar oyligi qiziqarli va samarali tashkil etildi. Oylik avvalida barcha sinflarda kirish testlari olindi. Shundan so‘ng o‘quvchilarning xohish istaklaridan kelib chiqqan holda “Musobaqa-bellashuv”, “Tengdosh-tengdoshga”, “Sayohat” kabi usulidagi qiziqarli dars va tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, maktabning tarix fani o‘qituvchilari Rahmatullo Eshmurodov va Baxtiyor Namozovlar boshchiligida 10- “A”, 10-“B” va 10 “D” sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Ajdodlarimizni bilasizmi?” musobaqa tadbiri tashkil etildi. Unda o‘quvchilar Amir Temur, Ulug‘bek, Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ajdodlarimizning hayot yo‘li va faoliyati haqidagi bilimlarini sinab ko‘rishdi. “Tarix va yoshlar” festivalida esa o‘quvchilar Vatanimiz mustaqilligi uchun kurashgan Turkiston jadid vakillari – Mustafo Cho‘qay, Abdurauf Fitrat, Abdulxamid o‘g‘li Cho‘lpon, Turor Risqulov va Turkiston qo‘rboshilaridan Madaminbek kabi shaxslarning tarixdagi xizmatini yoritish bilan birga bugungi kunda sportning turli yo‘nalishlarida vatanimiz sharafini munosab himoya qilayotgan faxrli yoshlar haqida ham qiziqarli ma’lumotlar va vatanparvarlikka chorlovchi sahna ko‘rinishlari namoyish etishdi.
Yana bir izlanuvchan pedagog Abdumajit To‘xtayev boshchiligida 8- “E”sinf o‘quvchilari uchun “Qishlog‘imiz tarixini o‘rganamiz” shiori ostida uyushtirilgan sayohat darsi ham nihoyatda taassurotlarga boy bo‘ldi. Unda pedagog o‘quvchilarni Bulung‘ur tumani Bolg‘oli qishlog‘idagi “Xo‘ja Xofiz Sheroz” ziyoratgohiga olib bordi. Ziyoratgohda o‘quvchilarga Xo‘ja Xofiz Sheroz shaxsi, uning qilgan ishlari haqida gapirib bergan bo‘lsa, malakali pedagog Jamila Jo‘lbekova 5-sinf o‘quvchilarini shu qishloqda yashagan mashhur baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining uy muzeyiga sayohatga olib bordi. Muzeyda o‘quvchilar Fozil baxshi kuylagan dostonlarning qo‘lyozmalarini, do‘mibirasini, oilasi va farzandlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib, tasavvurlari yanada kengaydi. Umuman olganda oylik davomida barcha sinf o‘quvchilari sayohat darslariga chiqishdi.
Oylik yakunidagi chiqish testlari esa tadbirlar va sayohat darslarida o‘quvchilarga yetkazilgan ma’lumotlar asosida tashkil etilib, ularning mavzularni yaxshi o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘ldi.
Raxmatullo Eshmuradov,
Baxtiyor Namozov,
Bulung‘ur tumanidagi 5-umumta’lim maktabning tarix fani o‘qituvchilari